Nima sababdan Niderlandiyada skottish va sfinks mushuklari taqiqlanadi?

Niderlandiyada Scottish Fold (skottish) va junsiz mushuklarni (sfinks) ko‘paytirish, sotish hamda mamlakatga olib kirish taqiqlanadi, deb The Nation xabar berdi. Qaror ushbu zotlarning tashqi ko‘rinishi ortida yashirinadigan og‘ir genetik muammolar bilan izohlandi. Ta’kidlanishicha, bu choralar hayvonlar farovonligini kuchaytirishga qaratilgan kengroq siyosatning bir qismi hisoblanadi.
Mutaxassislar skottish mushuklarning qulog‘i qayrilgan shakli genetik mutatsiya bilan bog‘liqligini, bu esa tog‘ay va bo‘g‘imlarda nuqsonlar keltirib chiqarishini qayd etadi. Natijada artrit, doimiy og‘riq, dum va umurtqa bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Sfinks kabi junsiz mushuklarda esa mo‘ynaning yo‘qligi tana haroratini me’yorida ushlashni qiyinlashtiradi, teri kasalliklari hamda infeksiya yuqtirish xavfini oshiradi.
Qarorni Niderlandiya veterinarlari assotsiatsiyasi va Yevropa veterinariya shifokorlari uyushmasi qo‘llab-quvvatlagani aytiladi. Qolaversa, bu zotdagi mushuklarni tanlov va ko‘rgazmalarga chiqarish ham mutlaqo taqiqlanadi, istisno ko‘zda tutilmagan. Qoidani buzganlarga 1500 yevro jarima belgilangan (taxminan 19,5–21 mln so‘m, kursga qarab), chiplangan mushuklar esa o‘z egasi qaramog‘ida umrining oxirigacha qolishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!