
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda inflyatsiya darajasi 8% atrofida bo‘lishi, iqtisodiy o‘sish esa 7-7,5% oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu raqamlar 2028 yilgacha mo‘ljallangan pul-kredit siyosatiga oid hisobotda keltirilgan.
Kelasi yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy ssenariy bo‘yicha o‘sishi 6,5% ga yetishi, 2027 va 2028-yillarda esa bu ko‘rsatkich 7% ga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bankning taxminlariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda global iqtisodiy o‘sish past darajada saqlanib qoladi.
Shu bilan birga, valyuta bozorida keskin o‘zgarishlar kutilmayotgani, oltin narxlari esa yuqori darajada bo‘lishi aytilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, regulyator kreditlash sur’atlari normallashishi, aholi oylik maoshlarining oshishi va investitsiyalar barqaror oqimini kutmoqda.
Davlat byudjeti taqchilligi YAIMning 3% darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatdagi inflyatsiya xavfini oshiruvchi omillar sifatida hamkor davlatlar valyutalarining keskin qadrsizlanishi, oltin narxlarining pasayishi va import oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi ko‘rsatilmoqda.
“Bunday shoklar yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatli istiqbolda 5% darajasiga yetkazish maqsadida amalga oshiriladi”, — deya ta’kidladi regulyator. Narxlarning o‘sishini jilovlash uchun qimmatbaho metallar narxlarining oshishi, xususiylashtirish jarayonlarining jadallashishi va investitsiya muhitining yaxshilanishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.