11:13 / 10.10.2017
5 805

Mutaxassis izohi: Nega naqd chet el valyutasini sotishga shoshmaslik lozim?

Mutaxassis izohi: Nega naqd chet el valyutasini sotishga shoshmaslik lozim?
O‘zbekistonliklar Markaziy bank aholiga naqd chet el valyutasi erkin sotuvini boshlashini kutmoqda. Iqtisodiyot fanlari nomzodi Farhod Qurbonboyev bu choraga shoshmaslik mumkin deb hisoblaydi, deb yozadi Daryo.
5 sentyabrdan mamlakatimiz iqtisodiyoti yangicha voqelikda — milliy valyutaning deyarli ikki karra devalvatsiyasi sharoitida amal qila boshladi.

Bu voqelik importchilarni deyarli ikki karra kambag‘allashtirib, eksportchilarni deyarli ikki karra boyitdi. Importchilar ahvolini import bojxona to‘lovlarini kamaytirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish yaxshilaydi. Eksportchilar-chi? Ular faollashdimi?
Javob hozircha noma’lum, chunki juda kam vaqt o‘tdi. Biroq davlat organlari eksportni oshirish bo‘yicha prognoz ma’lumotlariga ega ekanligi va bu prognozlar yaqin vaqt ichida amalga oshishiga ishongimiz keladi.

Ko‘pchilik erkin konvertatsiyadagi valyutaning naqd sotilishi boshlanishini kutmoqda.
Ba’zi mutaxassislarga bu iqtisodiy ravnaq boshlanishiga olib keluvchi oxirgi nuqta bo‘lib tuyulmoqda. Biroq bu xom xayol. Qolaversa, xavfli tushuncha hamdir.

«Konvertatsiya joriy etilishi tufayli iqtisodiyotning dollarlashuvi kuchayadimi?» degan savolga obro‘li ekspertlardan biri «Iqtisodiyotimiz aynan konvertatsiya yo‘qligi va valyutaning doimiy yetishmovchiligi tufayli dollarlashgan», deb ta’kidlaydi.
Aslida esa dollarlashuv sababi — parallel (yashirin) iqtisodiyot va nobank naqd pul aylanmasi. Qonuniy tadbirkorlik sust rivojlangan, eksport zarur darajadan ikki—uch barobar past.

Erkin konvertatsiyaning birinchi haftasida banklar tomonidan 300 million dollar, shundan 200 million dollari aholidan sotib olinganligi ma’lum qilindi.
Hozir qanday? Bir oy davomida qancha sotilgan va sotib olingan? Asosiy masala: muvozanat qanaqa, ko‘proq sotilayaptimi yoki xarid qilinayaptimi?

Agar eksport oshib, banklar tomonidan erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutani xarid qilish barqaror ravishda sotishdan oshayotgan bo‘lsa, naqd konvertatsiyani joriy etish ehtimoli haqida gapirish mumkin.
Gap shundaki, qonuniy ishlovchi eksportchiga xo‘jalik operatsiyalari uchun naqd dollar kerak emas.

Aholining avto yoki ko‘chmas mulk xarid qilish uchun erkin konvertatsiyadagi valyutaga ehtiyojiga kelsak, bu muammo yanada yirik milliy valyuta chiqarish yo‘li bilan hal etilishi mumkin.
Chet el valyutasini chet elga o‘tkazishi kerak bo‘lgan fuqarolar nima qilishi kerak, deb tez-tez so‘rashadi. Ko‘pchilikning chet elda talaba farzandlari va moddiy yordam kerak bo‘lgan boshqa qarindoshlari bor.

Ushbu maqsadlar uchun erkin konvertatsiyadagi valyutani o‘tkazish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi maxsus nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash lozim. Bunday rasmiyatchilik haqiqatda o‘tkazmalarni amalga oshirishi kerak bo‘lganlarni qiynab qo‘ymaydi deb o‘ylayman.

Ikkinchi ko‘p tarqalgan savol: xorijiy internet-do‘konlardan xaridlarni amalga oshirish uchun chet el valyutasini qayerdan olish mumkin?
Ha, bu muammo, biroq fuqarolarimining ko‘pchiligi uchun emas. Valyuta bozorining asosiy muammolari hal etilsa va ularni keltirib chiqaruvchi sabablar bartaraf etilsa, soliqlarni optimizatsiya qilish yo‘li bilan biznes uchun haqiqatda maqbul sharoitlar yaratilsa, xorijiy internet-do‘konlarga to‘lovlarni amalga oshirish muammosini ham hal etish mumkin.

Internet-do‘konlarga nega ehtiyoj bor? Chunki ichki bozor bir qism fuqarolarning ba’zi ehtiyojlarini qanoatlantirmaydi, chet el onlayn-do‘konlarida esa narxlar pastroq, tanlov ham ko‘proq.
Chet el internet xaridlariga ehtiyoj yuzaga kelish sabablari — ichki ishlab chiqarish va tadbirkorlikning sust rivojlanganligi va import bojxona bojlarining yuqori ekanligi.

Barchasi oxir-oqibatda ichki iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo‘li bilan hal etiladi! Soliqlar optimizatsiyasi orqali ichki biznes va eksport — muammolarning asosiy yechimi mana shu. Hozirgi sharoitda erkin naqd konvertatsiya — bevaqt noo‘rin yarimchora.
Markaziy bankning yaqin vaqt ichida istalgan talabgorlarga erkin konvertatsiyadagi valyutani naqd sotishni ochish bo‘yicha biror-bir majburiyatni zimmasiga olishi maqsadga muvofiq bo‘lmasdi.

Birgina Markaziy bank valyuta bozorini barqarorlashtirish vazifasini uddalay olmaydi. Unga makromoliyaviy tahlilga asoslangan soliq optimizatsiyasi bo‘yicha choralar bilan Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi yordam berishi kerak.
Demak, valyuta liberalizatsiyasi ortidan soliq optimizatsiyasini o‘tkazish zarur.

Qabul qilingan qarorlar, jumladan prezidentning 2017 yil 13 sentyabr kungi «Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori 4-bandini qat’iy bajarish zarur.
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank muvofiqlikda faoliyat ko‘rsatuvchi uchlik bo‘lishi lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mutaxassis izohi: Nega naqd chet el valyutasini sotishga shoshmaslik lozim?