O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi migratsiya jarayonlarida yangi qadam tashlanishi mumkin. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, yaqin vaqtlarda har ikki davlat fuqarolari bir-birining hududiga faqat ichki pasportdan foydalanib kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Unga ko‘ra, bu masala yuzasidan muzokaralar hozirda davom etmoqda. Shu bilan birga, zarur ichki davlat tartib-taomillari o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. “Tomonlar ayrim jihatlar bo‘yicha kelishuv ishlarini olib borishmoqda. Shu sababdan, hozircha aniq muddatlarni aytishga erta”, – deya “Izvestiya” nashriga ma’lum qildi vazirlik vakili.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil may oyida O‘zbekiston hukumati Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolarining mamlakatga 30 kungacha bo‘lgan muddatga ichki pasport yoki ID-karta asosida kirishi, bolalar esa maxsus “Kinder passport” bilan tashrif buyurishi mumkinligi haqida qaror qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan edi. Mazkur tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 may kuni imzolagan farmonida belgilangan bo‘lib, u mamlakatga sayohatchilar oqimini keskin oshirishni ko‘zda tutadi.
Ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida vizasiz tartib amal qilmoqda. Ammo Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga tashrifi uchun hozircha xorijiy pasport talab qilinadi. Shu bilan birga, ular mamlakatga 15 kundan ortiq muddatga kelgan taqdirda, 15 kundan kechiktirmay vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
O‘z navbatida, O‘zbekiston fuqarolari ham Rossiyaga kirish uchun “qizil” (zagran) pasportdan foydalanishmoqda. Rossiyaga kelgan har bir fuqaro davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida Rossiya IIVning migratsiya masalalari bo‘yicha hududiy bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart qilib belgilangan.
Shuningdek, 2025 yil 30 iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz tartibda kelayotgan barcha xorijiy fuqarolar “Gosuslugi RuID” mobil ilovasi orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR-kod olishi talab qilinadi.
O‘zbekistonliklar Rossiyaga endi “zagran” pasportsiz bora oladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar