Makkajo‘xori dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavsumiy va sevimli taom sifatida qadrlanadi. Uning yoqimli ta’mi alohida iste’mol qilinganda ham, turli salatlar, go‘shtli taomlar yoki ziravorlar bilan birga yeyilganda ham nafaqat mazali, balki salomatlik uchun ham foydalidir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, makkajo‘xori tarkibida noyob vitaminlar, qimmatli minerallar va biologik faol moddalar mavjud bo‘lib, uni haqli ravishda “super oziqa” deb atash mumkin. Mana, qaynatilgan makkajo‘xorini muntazam iste’mol qilish uchun yetti asosiy sabab.
1. Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi
Makkajo‘xori tarkibidagi lutein va zeaksantin ko‘z uchun tabiiy muhofaza vazifasini bajaradi. Ular to‘r pardada to‘planib, yorug‘lik va ultrabinafsha nurlar ta’siridan himoya qiladi. Bu moddalar katarakta va qarilikka bog‘liq ko‘rish muammolarini sezilarli darajada kamaytiradi. Olimlar tadqiqotlarida bu moddalarni muntazam qabul qilgan odamlarda qarilikda ko‘rish kasalliklari 43 foizga kamligi aniqlangan.
2. Ovqat hazm qilish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi
Makkajo‘xoridagi o‘simlik tolalari ichak faoliyatini yaxshilaydi, qabziyatdan asraydi va toksinlarni chiqarib tashlaydi. Shu bilan birga, u ichak mikroflorasi uchun qulay muhit yaratib, immunitetni mustahkamlaydi.
3. Qarish jarayonini sekinlashtiradi
Makkajo‘xori tarkibidagi ferul kislotasi kuchli antioksidant hisoblanadi. U erkin radikallarni yo‘qotib, hujayralarni zararlanishdan asraydi, teri tarangligi va elastikligini saqlab qolishda yordam beradi. Kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, teri salomatligini ta’minlaydi.
4. Yurak-qon tomir salomatligi uchun foydali
Uning tarkibidagi magniy, kaliy va V guruhi vitaminlari qon bosimini barqarorlashtiradi, xolesterinni pasaytiradi va tromb hosil bo‘lish xavfini kamaytiradi. Muntazam ravishda makkajo‘xori iste’mol qilish yurak va qon tomir tizimini mustahkamlaydi hamda aterosklerozdan asraydi.
5. Ishchanlik va diqqatni oshiradi
Makkajo‘xori murakkab uglevodlarga boy bo‘lib, uzoq vaqt energiya beradi. Vitamin V guruhi esa asab tizimini quvvatlantiradi, diqqatni to‘plashga yordam beradi hamda charchoqni kamaytiradi.
6. Vaznni nazorat qilishga yordam beradi
100 gramm qaynatilgan makkajo‘xorida bor-yo‘g‘i 95–110 kkal mavjud. Uning uglevodlari sekin hazm bo‘lib, to‘qlik hissini uzoq vaqt saqlaydi. Tolalari esa ishtahani tartibga solib, vaznni nazoratda ushlashga yordam beradi. Shuning uchun u parhez rejalar uchun mos mahsulot hisoblanadi.
7. Qimmatli mikroelementlarga boy
Makkajo‘xori tarkibida temir, rux, fosfor va boshqa muhim elementlar ko‘p. Ular qon tuzilishi, suyak salomatligi va immunitetni quvvatlashda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, sportchilar va jismoniy mehnat qiluvchilar uchun ayniqsa foydali.
Mutaxassislar tavsiyasi
Shifokorlar mavsum davomida haftasiga 2–3 marta, kuniga esa 1 donadan makkajo‘xori yeyishni tavsiya qiladi. Uning hazmi og‘irroq bo‘lgani uchun asosan kunning birinchi yarmida iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Shu tariqa, makkajo‘xori nafaqat mazali, balki inson salomatligi uchun beqiyos manba ekanini yana bir bor isbotlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!