Ko‘k choy asrlar davomida inson salomatligi uchun foydali ichimlik sifatida qadrlanib kelingan. Ilmiy izlanishlar natijalari esa bu ichimlikning yana bir o‘ziga xos jihatini ochib bermoqda. Olimlar kuzatuviga ko‘ra, ko‘k choy tarkibidagi moddalar miyaning qarishi jarayonini sekinlashtirishi va Alsgeymer kasalligiga qarshi samarali muhofaza vositasi bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislarning aytishicha, ko‘k choy tarkibidagi epigallokatexin gallat (EGCG) deb ataladigan antioksidant modda asab hujayralarining energiya muvozanatini tiklaydi. Shu bilan birga, u hujayralarda to‘planadigan zararli oqsil qoldiqlarini tozalashga ko‘maklashadi. Bu jarayon miya faoliyati uchun juda muhim, chunki yosh ulg‘ayishi va ayniqsa Alsgeymer kasalligida hujayralarda energiya manbai bo‘lgan guanozintrefosfat (GTP) miqdori pasayib ketadi.
GTP yetishmasligi tufayli hujayralarda chiqindilarni yo‘qotuvchi tizimlar izdan chiqadi. Natijada turli zararli oqsillar yig‘ila boshlaydi. Ular orasida eng xavflisi — Alsgeymer bilan bog‘liq bo‘lgan beta-amiloid oqsili hisoblanadi.
Laboratoriyada o‘tkazilgan sinovlar shuni ko‘rsatdiki, EGCG moddasi nikotinamid (B3 vitaminining bir turi) bilan birgalikda qo‘llanganda, bor-yo‘g‘i bir sutka ichida qarishga moyil asab hujayralarida GTP miqdorini tiklay olgan. Bu esa hujayralarning o‘zini-o‘zi tozalash jarayonini faollashtirgan, chidamlilikni oshirgan va oksidlovchi stress ta’sirini kamaytirgan.
Ko‘k choyning boshqa afzalliklari
Ko‘k choy nafaqat miya salomatligi, balki umumiy organizm uchun ham beqiyos foydaga ega. Uning tarkibidagi kuchli antioksidantlar yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini oldini olishga yordam beradi. Shu bilan birga, moddalar almashinuvini normallashtirishi, ayrim turdagi saraton xavfini pasaytirishi ham ta’kidlanmoqda.
Eng qizig‘i, EGCG moddasi qon va miya o‘rtasidagi tabiiy himoya to‘sig‘idan o‘ta oladi. Bu to‘siq ko‘p moddalarni miyaga kirishdan to‘sadi. Ammo EGCG to‘g‘ridan to‘g‘ri asab tizimiga yetib boradi. Olimlarning fikricha, kelgusida shu jihat yangi dori vositalari ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin.
Shu bilan, ko‘k choyning doimiy ravishda iste’mol qilinishi nafaqat kundalik salomatlik uchun, balki insonning yoshligi va miya faoliyatini uzoq vaqtga saqlab qolishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!