Ukrainaning Open4business hamda Fixygen internet nashrlarida Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekiston hududida neft konini o‘zlashtirishga kirishgani haqida maqolalar e’lon qilindi. Ushbu ma’lumot Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan 22-avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammitda – O‘zbekiston prezidenti va Turkmaniston xalq maslahati raisi bilan uchrashuv chog‘ida bildirilgan.
Maqolada qayd etilishicha, Aliyev o‘z nutqida loyiha haqida alohida to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirgan:
“Bizda Turkmaniston bilan an’anaviy energetika sohasidagi hamkorlik mavjud. Endi esa O‘zbekiston bilan ham ushbu yo‘nalishda hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bizning SOCAR davlat neft kompaniyamiz O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishdi, shartnoma imzolandi”.
Nashrda ta’kidlanishicha, Ozarboyjon yaqin yillarda ushbu tashabbusdan “ijobiy yangiliklar” kutayotganini bildirgan.
Loyihaning qiymati taxminan 2 milliard dollarga baholanmoqda. Yaqin besh yil ichida SOCAR operator sifatida kamida 1000 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik tadqiqotlar o‘tkazishi va hech bo‘lmasa bitta quduq qazishi belgilangan. Agar sanoat darajasida yirik kon aniqlansa, ikki davlat uni o‘zlashtirish ishlariga kirishadi.
Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, ehtimoliy zaxiralar 100 million tonnagacha neft va 35 milliard kub metr gazdan iborat bo‘lishi mumkin.
Shu bilan, mazkur qadam nafaqat O‘zbekiston energetika sohasida muhim bosqich sifatida, balki ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi poydevori sifatida ham qaralmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!