12:06 / 07.08.2022
1 243

Bilimning qadrlanmasligi, tanish-bilishchilik va senzura — Firuz Allayev o‘zbeklar kitobxon bo‘lmay qolgani haqida

Bilimning qadrlanmasligi, tanish-bilishchilik va senzura — Firuz Allayev o‘zbeklar kitobxon bo‘lmay qolgani haqida
O‘zbekistonlik tadbirkor, Asaxiy.uz internet do‘koni asoschisi Firuz Allayev Facebook sahifasi orqali o‘zbekistonliklar kam kitob o‘quvchi millatga aylanib qolishi sabablari haqida fikrlarini bildirdi.

“Tez-tez nimaga bizda kitob kam o‘qiladi degan savolni berishadi. Buning sabablarini ko‘pchilik ta’limda ko‘radi, kimlardir davlatni, kimlardir oilani, kimlardir noshirlarni ayblaydi.

Bugun kam o‘qiydigan millat ekanimizni rad etib bo‘lmaydi. Lekin kitob kam yoki ko‘p o‘qilishi natija hisoblanadi. Uning mamlakatdagi tizim bilan bog‘liq chuqur sabablari bor.

Natija bilan emas sabablari bilan ishlamasak, vaziyatni o‘nglash muammo bo‘lib qolaveradi”, – deydi bir necha yildan buyon kitob bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkor.

Firuz Allayev bu borada o‘zgartirilishi yoki qarshi kurashilishi kerak bo‘lgan qator sabablarni sanaydi.

1-sabab – bozor qonunlari.

Kitob o‘qishda ham talab va taklif qonuni ishlaydi. Odamlarda shunchaki kitob o‘qishga talab bo‘lishi kerak. Qachonki mamlakatda bilim qadrlansa, bilimli odam yaxshiroq yashasa, ko‘proq daromad qilsa va jamiyatda hurmat topsa, shundagina kitobga yoki ta’lim bilan bog‘liq boshqa faoliyatga talab bo‘ladi.

Mamlakatda bilim qadrlanishi uchun erkinlik va hammaga teng imkon beradigan inklyuziv tizim amal qilishi kerak.

Bozor qonunlari bo‘yicha aytganda, iqtisod uchun kim ko‘proq qiymat yaratsa, o‘sha yaxshiroq yashashi kerak. Halol raqobatbardosh bozorda kim ko‘proq bilimga ega bo‘lsa, o‘sha ko‘proq qiymat yaratadi.

Amalda nima bo‘ldi, oxirgi 40 yilda mamlakatda karera qilish, yutuqqa erishish aksar holatlarda tanish-bilish, korrupsiya va boshqa sxemalar orqali bo‘ldi. Haqiqatdan o‘z mehnati bilan natijaga erishganlar ko‘proq qoidadan tashqari holat. Aksar odamlar pul, tanish-bilish orqali muvaffaqiyatga erishdi. Shou-biznes, sport kabi kamroq bilim talab qiladigan kasblar ko‘proq qadrlandi. Bunga yana propiska kabi davlat tomonidan sun’iy qo‘yilgan to‘siqlar ham qo‘shildi. Davlat ishida karera qilish kuchli qarindoshchilik, tanish-bilish talab qilingan bo‘lsa, biznesda ko‘proq qonunlardan ustalik bilan qocha olganlar yoki kerakli organlarning vaqtida tomog‘ini moylay olganlar «soqqa» qilishdi.

So‘nggi yillarda tizim o‘zgarib, demokratlashish evaziga qanchadir miqdorda davlat ishida ishlash bilim talab qila boshladi. Bilimli yosh kadrlar asta-sekinlik bilan yuqori mansablarga erishishdi. Biznesda bo‘lsa vaziyat keskin o‘zgardi. Kechagina daftarda hisob-kitob qilib, kontrabanda yoki noqonuniy ishlar evaziga yashab yurgan biznes qandaydir 4-5 yilda avtomatizatsiya, dasturlash, marketing, raqobat, sifat evaziga daromad qilib boshladi.

Tan olaylik, 2015 yildagi eng aqlli biznesmenning bilim darajasi bugungi o‘rtacha biznesmenning bilim va ko‘nikmalaridan pastroqdir. Mamlakatda bilimga talab kitobga talabni yaratadi.

2 sabab – erkin bo‘lmagan axborot.

Mamlakatda axborot qanchalik erkin bo‘lsa, odamlar jamiyat va davlat hayotiga bog‘liq ishlarni ko‘proq muhokama qilsa, OAVda qanchalik ko‘p yangilik chiqsa, fuqaro atrofni tushunish uchun shuncha ko‘p mutolaaga ehtiyoj sezadi. Shuningdek, axborot erkin bo‘lgan mamlakatda shunchaki shou-biznes va turk seriali bilan butun aholini band qilib bo‘lmaydi. Hayotni tushungisi, anglagisi keladigan aholi ma’lumot qidirib boshlaydi. Bu manbalardan biri esa kitobdir.

3 sabab – noto‘g‘ri targ‘ibot.

Ma’naviyat va kitob bizda ko‘p yillar eski, sovetcha usulda targ‘ibot qilindi va bu usullar joylarda hamon davom etyapti. Bu so‘zlar shunchalik ko‘p gapirildi, noto‘g‘ri targ‘ib qilinaverdiki, bugun shu so‘zlarni eshitganda odamlar kuladigan bo‘lib qoldi.

Kitob qandaydir qiyin va majburiy narsa sifatida targ‘ib qilinavergani ortidan, aholining aksar qismi bugun kitob o‘qishni zerikarli va yoqimsiz jarayon deb biladi. Ko‘p o‘qiydigan millatlarda kitob, kino, konsert yoki boshqa dam olish vositalari analog sifatida ko‘riladi. Ya’ni aholi ongida kitob miyaga dam berish vositasi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarda odamlar bugun kech bir-ikki soat kitob o‘qib dam olamanmi yoki kino ko‘rib dam olamanmi, deya o‘ylaydi.

Bizdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda kitob o‘qish yiliga o‘rtacha 20 foizdan oshmoqda. O‘qiydiganlar soni kam bo‘lsa-da, muhimi ortib bormoqda. Bu esa so‘nggi yillarda mamlakatda bilimga nisbatan talab paydo bo‘lgani, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotgani va O‘zbekistonda ham zamonaviy marketing rivojlanib boshlagani natijasidir.

Odamlar orasida kitobxonlik rivojlanishi uchun erkin raqobatbardosh bozor yaratishimiz va uning ortidan bilimga nisbatan talab doimiy ortib borishi, mamlakatda demokratik reformalarni davom etib, inklyuziv tizim yaratilishi, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yanada yaxshilanishi juda muhim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bilimning qadrlanmasligi, tanish-bilishchilik va senzura — Firuz Allayev o‘zbeklar kitobxon bo‘lmay qolgani haqida