Sut Yoʻli galaktikasi kutilganidan ham tartibsizroq ekan

Leyden observatoriyasi astronomlari Sut Yoʻliga oʻxshash yuzlab galaktika modellarini yaratishdi. Tadqiqot davomida olimlar deyarli bir xil sharoitlarda, faqat bitta yulduzning oʻrnini biroz oʻzgartirgan holda simulyatsiyalar oʻtkazishdi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, hatto eng kichik oʻzgarish ham vaqt oʻtishi bilan galaktikaning spiral tarmoqlari va markaziy qismining aylanish tezligiga sezilarli taʼsir koʻrsatar ekan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu hodisa "kapalak effekti"ga oʻxshash boʻlib, kichik tebranishlar butun galaktika tuzilishini oʻzgartirib yuborishi mumkinligini isbotladi. Ilgari olimlar milliardlab yulduzlardan iborat tizimlarda bunday lokal oʻzgarishlar oʻzaro muvozanatlanib ketadi deb hisoblashgan, ammo yangi tadqiqot bu qarashni inkor etdi.
Tadqiqotchilar, shuningdek, avvalgi ilmiy modellardagi qarama-qarshiliklarning sababini ham aniqlashdi. Koʻpincha hisoblash jarayonini osonlashtirish uchun yulduzlar nuqtaviy obyekt emas, balki tarqoq bulutlar sifatida modellashtiriladi. Bu esa gravitatsion oʻzaro taʼsirlarni sunʼiy ravishda kamaytirib, galaktikadagi haqiqiy xaotik dinamikani yashirib qoʻyadi.
Shunga qaramay, galaktika oʻzining asosiy spiral shaklini saqlab qoladi. Olimlarning fikricha, Sut Yoʻlining aniq tuzilishini bashorat qilish imkoniyati taxminan bir million yil oʻtgach yoʻqoladi. Bu galaktikaning 10 milliard yillik yoshi bilan solishtirganda juda qisqa muddat hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!