Samarqandda haydovchining uyqusi yirik YTHga sabab bo‘ldi

16 may kuni Samarqand viloyati hududida yuk avtomobili haydovchisining rulda uxlab qolishi oqibatida yirik yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, soat taxminan 04:30 atrofida Paxtachi tumani “Boltali” MFY hududidan o‘tuvchi M-37 “Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 118-kilometrida FAW rusumli yuk avtomobili haydovchisi Samarqand–Navoiy yo‘nalishida harakatlanib ketayotib, mudrab qolgan.
Shundan so‘ng haydovchi transport boshqaruvini yo‘qotgan va o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘l chetida to‘xtab turgan SINOTRUK HOWO rusumli yuk mashinasining chap qismiga kelib urilgan. Zarba kuchli bo‘lgani sababli haydovchi avtomobilni to‘liq to‘xtata olmagan va oldinroq to‘xtab turgan yana bir SINOTRUK HOWO rusumli yuk avtomobilining orqa qismiga ham borib to‘qnashgan.
YTH oqibatida FAW hamda SINOTRUK HOWO rusumli yuk transport vositalarida yong‘in kelib chiqqan. Hodisa joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoki halok bo‘lganlar yo‘q. Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB JXX YHXG xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!