Rostelekom oʻzining aqlli televizorlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Rossiyaning «Rostelekom» kompaniyasi aqlli televizorlar bozoriga kirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Kompaniya oʻzining «Avrora TV» operatsion tizimi asosida ishlaydigan qurilmalarni taqdim etishni maqsad qilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rejaga koʻra, 2026-yil oxirigacha 150 mingdan 200 mingtagacha televizor ishlab chiqariladi. Dastlabki bosqichda asosiy mijoz sifatida davlat sektori koʻrilmoqda, kelgusi uch yil ichida esa kompaniya bozorning 30 foizini egallashni rejalashtirmoqda.
Televizorlar 24 dan 55 dyuymgacha boʻlgan diagonallarda taqdim etiladi. Qurilmalar «Elektra» kompaniyasining DRM raqamli kontentni himoya qilish tizimi va sunʼiy intellekt yordamchisiga ega «Avrora TV» operatsion tizimi bilan jihozlanadi.
Shuningdek, televizorlar qoʻshimcha raqamli modul talab qilmasdan federal kanallarga bepul kirish imkonini beradi. «Rostelekom» kelgusida oʻz operatsion tizimini boshqa ishlab chiqaruvchilarning televizorlariga ham oʻrnatish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!