Olmaliqda tungi fojia: 15 yoshli qiz mototsikl ostida qoldi

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, unda voyaga yetmagan piyoda jabr ko‘rdi. Mazkur holat 14 may kuni taxminan soat 23:00 atrofida shaharning A.Temur ko‘chasida yuz bergani ma’lum qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 23 yoshli haydovchi C.F. mototsiklni boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan 15 yoshli qizni urib yuborgan. Oqibatda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Hodisa natijasida piyoda turli darajadagi tan jarohatlari olgan va zudlik bilan shifoxonaga olib borilib, statsionar davolanishga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim xabarlarda jabrlangan qizning ahvoli og‘ir ekani, hatto u oyog‘idan ajralgan bo‘lishi mumkinligi haqida turli taxminlar bildirilmoqda. Biroq rasmiy manbalar bu ma’lumotlarga hozircha aniqlik kiritmagan.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Olmaliq shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilib, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Mutaxassislar bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun piyodalarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga, haydovchilarni esa ehtiyotkor va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!