
To‘xtang, meni ayblamasdan oldin fikrim tugashini kuting. Menga ham nikohning o‘rni baland ekanini, taloq so‘zi bilan Allohning arshi larzaga kelishini o‘rgatishgan.
Nikohga kirayotgan yigit-qizlarga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Baxtiyor oila” kitobini, umuman oilaga oid risolalarni ulashib chiqqim keladi. Er oilada kim, ayolning burchi va vazifalari islom dini qoidalari bo‘yicha juda chiroyli tushuntirilgan. Kitobni olib bergach, o‘qishini va amal qilishiniyam ta’minlay olsak edi...
Ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi...
Ayolni eri o‘ldirdi...
Kelinni qaynotasi pichoqlab qo‘ydi...
Ayol bolasi bilan ko‘chaga haydaldi...
Qachongacha?
Bu xabarlar oqimiga qarab chiday olmay ketaman.
Qiz bola oilada “bir joyga borsang...”, “o‘rganganing o‘zingga” kabi ibratlar bilan tarbiyalanadi. Aksariyat oilalar qizlarini turmushga tayyorlashga alohida e’tibor beradi. Xato joyi shundaki, ayolning erining oldidagi burchi, vazifalari qolib, qaynonaga yoqish, qaynotaga xizmat qilish ko‘proq o‘rgatiladi. Qaynona olabo‘ji qilib ko‘rsatilmaydi, xolos. Qizlar pinhon orzular bilan “u yoq”dagi hayot haqida xayol suradi. Ishqilib “oyijon” yaxshi chiqsin. To‘g‘rida oyilar “oyijon” bo‘lgach, rangi-tusi o‘zgarib qoladi.
Xullas, oilada zo‘ravonlik bormi, qizlar zulm ko‘ryaptimi, vaqtida u oiladan voz kechgani ma’qul. Qizlarimizni oilaning past-balandiga chidashga o‘rgataylik, zinhor zulmga chidashga emas. Bo‘lmasa, zo‘ravonlik qurboni haqidagi raqamlar o‘sib boraveradi. Respublikamizda ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi va har bir viloyatda filiali borligini sanoqli ayollar biladi, xolos. 1146 qisqa raqami tunu kun ishlaydi. Kimdir zo‘ravonlik qildimi, qo‘rqmay murojaat qilish kerak. Bu raqamni ayollar ko‘p boradigan barcha maskanlarga mahalla idorasi, do‘konlar cheklari, avtobus chiptalari, xullas, ayollar ko‘zi tushadigan hamma joyga yozdirish kerak. Bo‘lmasa chiroyli gaplardan, yig‘ilishlardan foyda yo‘q.
Qaynonasi yo eri kun bermayaptimi, marhamat, qo‘ng‘iroq qilsin.
Bolasi uchun chidaydi. Singillarining baxti ochilmay qolishidan, ota-onasining boshi egilishidan hayiqib chidaydi. Ishqilib, chiday-chiday o‘ziga yo kasal orttiradi, yo...
Bizda qaytgan qizning rutbasi past. Chiqqan qiz... degan o‘ylab topilgan gap bilan ota uyiga qaytishdan qo‘rqadi. Qaytgan qizlarga oilalarda ham munosabatni o‘zgartirish lozim. Hayot bu. Har xil gap-so‘z, qo‘ydi-chiqdi bor. Bu bilan har gapga qaytib kelsin, sal gapga ajrashib ketsin, demayman. Hech kim birovga chidashga majbur emas.
Viloyatlardan birida turmushga chiqmagan tutingan singlim bor. Unga vaqtida joyingni top, yillar o‘tib ketadi. Farzand ko‘rish haqida o‘yla, dedim. Menga shunaqa alamli gaplar aytdiki... “Qishlog‘imizda besh yo o‘n nafar namoz o‘qiydigan bola bor. Qolgani kechqurun do‘kon yonida qator o‘tirib umri o‘tadi. Do‘konchiga qarzi ustiga qarz yozdirib araq icharkan. Ibodatli yigitlar allaqachon oilali. Bularga esa toqatim yo‘q. Ba’zilarining ayoli atrofdagi korxonalarda ishlaydi. Bilasiz, maosh zo‘r emas bizda. Shuniyam erlarini qarziga to‘laydi. Men shunaqa taqdir uchun, bitta bola tug‘ib olsam bo‘ldi, deb hech qachon erga tegmayman...
Bu bir qishloq misolidagi gap. Boshqa joylarning issiq-sovug‘iga xulosa berish menga tan emas. Lekin turmushga Allohning buyurgani uchun chiqiladi. To‘g‘ri, qaynona-qaynotaga xizmat qilish kerak, ammo qul darajasida emas. To‘g‘ri, erga itoat qilish kerak, mazluma darajasida emas.
Mahallalar ko‘proq nizoli oilalarni yarashtirishga harakat qiladi. Ularga ham qiyin. Ajrimlarning oldini olish kerak. Lekin ayol zulm ko‘rib, bolalar ruhan siniq bo‘lib katta bo‘lyaptimi, ajrashtirish kerak. Mahallalar bosh bo‘lib reablitatsiya va moslashuv markazini eshigini qoqish kerak. Bu markaz ham himoya orderi berib, ruhiy va huquqiy yordam ko‘rsatib, ma’lum muddat qarab turadi. Keyin-chi? Eri kelib, himoya ordering bor ekan, deb urmaydimi?
Shuning uchun chiqqan qizlargayam bor chida, deyishdan oldin vaziyatga to‘g‘ri baho berish kerak. Qizlarimizni oilaga tayyorlar ekanmiz, uy ishlari bilan bir qatorda huquq va burchlariniyam o‘rgataylik. Sening shunday huquqing bor. Sening joning aziz, deyish kerak.
Shu o‘rinda nisbiyroq ketganimni, ayollarga yon bosganimni, qars ikki qo‘ldanliginiyam tan olishimni aytishim joiz. Agar raqamlar meni dahshatga solmaganida bunday demas edim.
Hech kim birovning zulmiga chidashga majbur emas.
Manzura SHAMS
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar