Toshkent viloyatidagi tezkor operatsiyada yirik “opiy” kanali fosh etildi

Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi navbatdagi keskin zarba berildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir davomida katta miqdordagi narkotik moddaning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan oldindan kuzatuvga olingan ikki nafar gumonlanuvchi Bo‘ka tumani hududida qo‘lga tushirilgan. Tergovga qadar tekshiruv jarayonlarida ularning harakatlari sinchkovlik bilan nazorat qilingani aytiladi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar Samarqand shahrida yashovchi 24 va 25 yoshli fuqarolar bo‘lib, ularning yonidan jami 5 kilogramm 160 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi topilgan. Mutaxassislar fikricha, bu miqdordagi narkotik vosita “qora bozor”da juda katta qiymatga ega hisoblanadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur zahri qotil modda qo‘shni davlatlardan biri hududi orqali kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hozirda ushbu jinoiy tarmoqning boshqa ishtirokchilari va yetkazib berish zanjirini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Tezkor tadbir natijasida qo‘lga olingan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingan. Ayni paytda holat yuzasidan keng qamrovli tergov harakatlari davom etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi bunday operatsiyalar aholi xavfsizligini ta’minlash va yoshlarni zararli illatlardan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!