19:34 / 17.07.2023
124

Ekoturizm «qorin turizm»ga aylanmasligi kerak

Ekoturizm «qorin turizm»ga aylanmasligi kerak

Bu luqma ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu ma’noda yozilgan izoh sabab qoralandi. Aslida ekoturizmning maqsadi boshqa turistik sayohatlardan farqli o‘laroq tabiat bilan uyg‘unlashish.

Internet rivoji sabab odamlarda sayohatga ham xohish kuchaydi. Sayyohlarning taassurotlari, fotojamlanmalari har bir insonni sayohat qilishga undaydi. Har qanday sayohat insonning dunyoqarashini boyitadi deyishadi. Bizning yurtimizda ham o‘zga yurtlarga borishga imkon topolmaganlar tabiat qo‘ynida dam olishni ma’qul ko‘rishmoqda. Demak, bizda ham ekoturizm rivojlanmoqda.

Ekoturistlar boshqa sayyohlardan farqli o‘laroq restoranda ovqatlanish yoki plastmassadan foydalanishdan bosh tortishlari mumkin. Bu esa ortiqcha chiqindi chiqishining oldini oladi, gaz, energiya tejaladi, havoning ifloslanishi kamayadi, degani. Mutaxassislar aynan shuning uchun ham ekoturizm juda muhim, deb hisoblasharkan. Ammo insonning qadami yetgan joy borki, o‘zidan albatta,«iz» qoldiradi.

2022 yilgi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, turizm dunyodagi karbonat angidrid (CO2) ning  qariyb 8 foiziga mas’ul, ya’ning ularning aksariyati oziq-ovqat va chiqindilarning tabiatga tashlab ketilishi bilan bog‘liq.

Esingizda bo‘lsa ayni bahor paytida hamma lolaqizg‘aldoq sayliga borganini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatdik. Ammo ular ortidan lolaqizg‘aldoq o‘sayotgan dalalar payhon bo‘layotgani, o‘sha yerga yelim idishlaru turli chiqindilarni tashlab ketayotganini ham ko‘rdik.

Hozir ko‘pchilik borishga odatlanayotgan Surxondaryoning Sangardak qishlog‘i ham turistlar bilan gavjum. U yerning sharsharasi, go‘zalligi har qanday sayyohni maftun qiladi. Ammo zilol suv ichida suzib yurgan yelim idishlar, qovun va tarvuz po‘choqlarini ko‘rib ishqilib bu yer ham Hindistonning Ganga daryosidek ulkan chiqindi havzasiga aylanmasa yaxshiydi, degan xavotir chulg‘aydi odamni.

Ekoturizmning rivojlanayotgani yaxshi, ammo ekologiyaga, tabiatga mehr berish o‘rniga uni battar ifloslantirish nechog‘lik to‘g‘ri?

Hali aholimizda turizm tushunchalari shakllanmagan deb bemalol ayta olamiz. Tabiatdan bahra olishdan ham ko‘ra, u yerda suratga tushish, ovqat pishirib yeyish muhimga o‘xshaydi. Axir tinmay suratga tushish yoki hammayoqni tutatib ovqat pishirishga chalg‘ib tabiatdan qanday bahra olish mumkin?

«Koreyadan kelgan mehmon bir oy davomida asosan tog‘larimizga, daryolarimizga bordi. Lekin hech qachon qozon-tovoq ko‘tarib yurmadi. Ba’zan o‘zimizning qirlarimizga ertalabdan chiqib ketardi, kech qaytardi, olgani yelim idishda suv bo‘lardi yoki non, shirinliklar. Kechqurun qaytganida o‘sha yelim idish va shirinlik qog‘ozlarini o‘zi bilan qaytarib olib kelardi», degandi tanishlarimdan biri.

Menimcha, mana shunday tabiati chiroyli, suv havzalari bor joylarga qattiq nazorat o‘rnatilishi lozim. Xuddi ba’zi do‘konlarga muzqaymoq va yeguliklar bilan kirish mumkin bo‘lmaganidek... Axir maqsad tabiat bilan uyg‘unlik bo‘lganidan keyin tabiat bilan chinakamiga uyg‘unlashish, uning go‘zalligidan bahra olish, «og‘riq»lariyu «quvonch»larini his qilish kerakda...

Barno Sultonova


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ekoturizm «qorin turizm»ga aylanmasligi kerak
ePN