25 yoshli yarim himoyachi Joau Feliks haqida fikr bildirganlar qatoriga Portugaliya futbolida nom qozongan sobiq futbolchi Manishe ham qo‘shildi. U o‘zining keskin va aniq bayonotida Feliksning faoliyati, qabul qilgan qarorlari va o‘yin uslubi borasida chuqur tahlil olib bordi.
Ma’lumki, Joau Feliks bu yozda “Chelsi” klubini tark etib, Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” jamoasi safiga qo‘shildi. Manishe esa bu qaror orqali uning yuqori darajadagi futbol hayoti oxirigacha yonib o‘tmasligi mumkinligini alohida ta’kidladi.
— Men portugal matbuotida gapirayotgan Mario Suares va Saulning so‘zlariga to‘liq qo‘shilaman. Joau Feliks bir loyiha sifatida qolib ketdi. U hech qachon uning atrofidan chiqib, o‘z yo‘lini topa olmadi. Oradan besh-olti yil o‘tdi, lekin rivojlanish kuzatilmadi, — dedi Manishe.
U o‘z gapida Feliksning faoliyatidagi turli qarorlarini qoralamasligini, lekin bor voqelikni aytish lozimligini qo‘shimcha qildi.
— Men hech kimning hayoti yoki kasbiy tanlovlarini tanqid qilmoqchi emasman. Men ham hayotimda qarorlar qabul qilganman — ba’zilari muvaffaqiyatli bo‘lgan, ba’zilari esa yo‘q. Feliksning Saudiya Arabistoniga ketishini qoralamayman. Ammo shuni aniq ayta olamanki, 25 yoshida u o‘zining yuqori pog‘onali karyerasini yopish xavfiga duch kelgan. Saudiya ligasi hozircha Yevropaning top-5 chempionatlaridan biriga aylana olmaydi.
Manishe shuningdek, futbolchilarning ba’zan oilaviy ehtiyojlarini ham hisobga olish kerakligini tan oladi. Ammo u Feliksning uzoq yillar davomida turli klublarda, ko‘plab murabbiylar qo‘l ostida o‘ynab, biror joyda barqaror o‘rin egallay olmaganini keskin tanqid qildi.
— Futbolchi hayotida oilasini o‘ylashi mumkinligini tushunaman. U 2027 yilda erkin agentga aylanadi. Ammo shunday fakt borki, u shu paytgacha besh-oltita jamoada to‘p surdi, yetti-sakkizta turli murabbiy bilan ishladi. Va ularning hammasi bitta gapni aytishadi: Feliks faqat loyiha bo‘lib qoldi. Besh yildan beri uning iste’dodi haqida gapiryapmiz, lekin bu gaplardan nariga o‘tilmayapti. Faqat iste’dod yetarli emas. O‘yinchi o‘zini to‘liq futbolga bag‘ishlashi, fidokorlik ko‘rsatishi, bor kuchini safarbar qilishi lozim.
U o‘z fikrini yanada chuqurlashtirib, Feliksning faoliyatidagi yutuqlar va voqelik o‘rtasidagi tafovutga e’tibor qaratdi:
— Hozir pulni hamma topa olayapti. Kimdir ko‘proq, kimdir kamroq. Ammo, sen faoliyating tugaganida, qo‘lga kiritgan sovrinlaringga nazar tashlaysan. Feliksda faqat “Atletiko” bilan olingan Ispaniya chempionligi bor. Unda ham u doimiy asosiy tarkibda emasdi.
Manishe fikrining yakunida esa Feliksning agentga bo‘lgan omadi haqida to‘xtalib o‘tdi.
— Men doim aytaman: Joau Feliksning uyida Jorje Mendeshning haykali bo‘lishi kerak. U dunyoda shunday yirik klublarda ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lgan yagona futbolchi bo‘lsa kerak, lekin ularning birortasida ham o‘z o‘rnini mustahkamlay olmadi. Birortasida futboldan chinakam zavq ololmadi. U bilan birga to‘p surgan futbolchilar bitta fikrda: Feliks jamoa uchun fidoiy emas, mehnat qilishni xohlamaydi, futbolga butunlay berilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli ko‘rinish mumkin, ammo farqni maydonda ko‘rsatish kerak. Achinarlisi, u hech bir klubda buni amalga oshirmagan.
Manishening bu gaplari Feliks atrofidagi muhokamalarni yanada qizitishi shubhasiz. Ijobiy umidlar bilan boshlangan karyera qaysi yo‘nalishda rivojlanishini esa vaqt ko‘rsatadi.
"Feliks loyiha futbolchisi bo‘lib qoldi" — Manishening tanqidli tahlili
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar