18:04 / 05.11.2023
304

Ekspert: “Turkiy davlatlar tashkiloti ham dunyoning bir qutbiga aylanadi”

Ekspert: “Turkiy davlatlar tashkiloti ham dunyoning bir qutbiga aylanadi”
Globallashuv jarayonida Turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni o‘sib boryapti. 3 noyabr Qozog‘iston Ostona shahrida tashkilotning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Kun.uz sammitda yangragan bayonotlar va muhim kelishuvlarni tahlil qilish uchun siyosiy tahlilchi Sayfiddin Jo‘rayevga yuzlandi.

— Ostonadagi sammit ayni dunyoda geosiyosiy tartibot o‘zgarib borayotgan paytda bo‘ldi. Shunday vaziyatda Turkiy davlatlar tashkilotining o‘rni qay darajada va qanday rivojlanyapti?

Dunyo o‘zgarish jarayonida, aniq tartibot yo‘q. Hali bu jarayonlar oqibati nima bilan tugashi noma’lum. Shu nuqtai nazardan har bitta davlat o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilyapti.

Turkiy davlatlar tashkilotiga kiruvchi davlatlarning joylashuvi, geosiyosiy, strategik ahamiyati juda ham muhim, tarixan ham shunday. Ma’lum bir davrlarda dunyo tartibotlarini boshqargan bu davlatlar. Katta davlatchilik tarixiga ega.

Turkiy davlatlar ham bir qutbga aylanadi. Turkiya Yevropa va Osiyoni birlashtiruvchi nuqtada joylashgan. Keyingi yillarda iqtisodiy rivojlanish oshib boryapti. Turkiya aholi soni ham ko‘paymoqda. Turkiya aholisida yuqori texnologik bilimlarga ega odamlar ko‘p, bundan tashqari, o‘zgacha vatanparvar xalq hisoblanadi.

Ozarboyjon. Kavkaz mintaqasi doim dunyo siyosatida muhim rol o‘ynagan, Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi hudud. Rossiya, Eron kabi davlatlar bilan chegaradosh. Neft-kon sanoati rivojlanyapti. Umuman, katta strategik ahamiyatga ega davlat Ozarboyjon ham.

Markaziy Osiyo. Mintaqamiz Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoni bog‘lovchi hudud. Ikki katta kuch markaziga yaqin joylashganmiz. Dunyoda tartibot o‘zgargan sari Osiyoga munosabat, roli oshib boryapti. Transport koridorlari nuqtai nazardan turkiy davlatlar eng ko‘p tranzit hududiga ega. Markaziy Osiyo, Ozarboyjon, Turkiya yo‘nalishi eng muhim koridor. Bundan keyin bu tranzit ahamiyati oshib boraveradi.

SSSR davrida turkiy davlatlar ajratib qo‘yilgan edi. Hozir esa madaniy, gumanitar birlashish yuz beryapti. Shuning uchun ham bu tashkilot yuzaga keldi. Tashkilotga O‘zbekiston qo‘shilishi juda muhim voqelik bo‘ldi. Butun dunyo ekspertlari ham shuni ta’kidlaydi.

— Transport koridorlari haqida gaplashsak. Bu bo‘yicha qanday masalalar bor va qanchalik ahamiyatli?

— Quruqlikdagi transport koridorlarining ahamiyati katta bugun. Turkiy davlatlar rivojlanishida, iqtisodida katta o‘sish kuzatilyapti. Yangi iqtisodiyotning talabi esa — transport koridorlari. Transport koridori degani umumiy tushuncha, bunga temiryo‘l ham, havo yo‘llari, avtoyo‘llar ham kiradi. Bundan tashqari, dunyoda ijobiy ma’nodagi migratsiyaga ehtiyoj katta. Faqat yuk emas, insonlar uchun ham bu yo‘llar ahamiyatli. Iqtisoddan tashqari ijtimoiy masalalarda ham ahamiyatli. «Buyuk ipak yo‘li» konsepsiyasi oldindan ham bor edi o‘zi.

Eksport qilinadigan mahsulotlar yetarli. Bir necha asr oldin ham bizdan Yevropaga savdo karvonlari borib turgan. Hozir mahsulotlarni, ayniqsa mevalarni tezroq yetkazish talabi ham bor, shuning uchun tezyurar poyezdlar, ortiqcha to‘xtalishlarsiz qatnovlar bo‘lishi kerak.

— Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy Osiyo davlatlari balans saqlashi uchun bir kuch markazi vazifasini o‘tay oladimi?

— Ba’zi davlatlar katta kuchga, potensialga ega bo‘ladi, ba’zilari esa kamroq. Biz tarixda katta ta’sirga ega davlat bo‘lganmiz, lekin vaqt o‘tdi, turli jarayonlar, biz endi rivojlanib borayotgan, salohiyati oshayotgan davlatmiz. Dunyodagi kuch markazlari o‘z pozitsiyasini berib qo‘ymoqchi emas, albatta.

Markaziy Osiyoga katta davlatlar ta’siri va yangi paydo bo‘layotgan kuchlar faktori bor. Yangi kuchlar o‘zicha Markaziy Osiyo bilan hisoblashmasdan bayonot qiladi, loyihalar ishlab chiqadi. Shunday bir vaziyatda bizning kuchni ko‘rsatish uchun ham turkiy davlatlar birligi muhim.

Dunyoda turli konfliktlar avj olgan, urush darajasiga chiqqanlari bor. Katta kuch markazlari Markaziy Osiyoni chetlab ham o‘tyapti, chunki hali bu mintaqaning kuch salohiyatini bilmaydi va turkiylar birligi masalasi ham bor. Bu turkiy davlatlar kuchayib boradi, yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘yish kerak degan tushunchalar ham mavjud.

C5+1 formatidagi uchrashuvlar ko‘payib bormoqda. Bu ham bo‘lsa Markaziy Osiyoning ahamiyati oshib borayotganini bildiradi. AQSH bilan, Yevropa bilan ham shunday uchrashuvlar bo‘ldi. Yaqinda Fransiya prezidenti tashrifi chog‘ida ham O‘zbekiston tashqi siyosatiga yuqori baho berdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat