Foto: sledcom.ru
“Mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasi bilan quyidagi o‘zgartishlar nazarda tutilmoqda:
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 61-moddasi tahririga o‘zgartirish kiritish orqali o‘zgalar mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish ma’muriy jazosini nazarda tutish taklif etilmoqda.
Shuningdek, moddaning ikkinchi qismida mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarda sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish nazarda tutilmoqda.
Mazkur moddani to‘rtinchi qism bilan to‘ldirish orqali birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan taqdirda unga nisbatan ma’muriy qamoq bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turi qo‘llanmasligi taklif etilmoqda.
Moddaning beshinchi qismi tahriri o‘zgartirilgan holda, unda fuqarolarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan, shuningdek, korxona, muassasa, tashkilotlarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanishini belgilash nazarda tutilmoqda.
Moddaning oltinchi qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkini oz miqdorda talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar Jinoyat kodeksining o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bobidagi tegishli moddalarida og‘irlashtiruvchi holat sifatida berilgan tegishli qism bandlari alomatlari sodir etilgan taqdirda ushbu modda bilan kvalifikatsiya qilinmasligi va jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lishi taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168- (Firibgarlik), 169-moddalarining (O‘g‘rilik) amaldagi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoiy qilmishlar oqibatida yetkazilgan zararning minimal chegarasini belgilash natijasida, bu turdagi muayyan miqdorgacha sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishlarning dekriminalizatsiya qilinishiga erishiladi.
Fuqarolarning ijtimoiy xavfi kam bo‘lgan qilmishlar uchun sudlanishi, ularning tergov idoralarida ortiqcha sarson bo‘lishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, sodir etilgan huquqbuzarlik holati bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararning aniq belgilanishi natijasida, ushbu qilmishning ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarlik sifatida baholash chegarasini oydinlashtirish bilan birga, vakolatli shaxslarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, ortiqcha sarflarning oldini olish hamda holatni soddalashtirilgan tartibda tez ko‘rib chiqish imkoniyatini oshiradi.
Shu bilan birga, fuqarolarga nisbatan sodir etilgan talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik oqibatida oz miqdorda zarar yetkazilgan taqdirda, huquqbuzarning harakatlarini jinoiy qilmish sifatida baholamaslik (dekriminalizatsiya qilish) va sodir etilgan qilmishni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholab, unga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash bilan javobgarlik muqarrarligiga erishiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring