
Bola – nozik hilqat, Yaratganning moʻ'jizasi. U bir niholki, qanday parvarish qilinsa, shunday meva beradi.
Shuning uchun ham farzandni tarbiyalash, unga ilm berish, kasb oʻrgatish qadimdan eng mas'uliyatli vazifa sanalgan. Odob-axloq, yoshi ulugʻlarga hurmat, mehr-oqibat, oilaga, kindik qoni toʻkilgan zaminga sadoqat fazilatlarini kamol toptirish bola tarbiyasida eng muhim jihatlardan hisoblangan.
Farzandlar qanday odam boʻlib voyaga etishi birinchi navbatda oilaga bogʻliq. Har bir kishi oʻz oilasi oldida mas'ul. Bu mas'uliyatni his qilish bilan biz Vatan oldidagi farzandlik burchimizni ado etgan boʻlamiz.
Bola tarbiyasi — butun jamiyatning ishi, ayni paytda har bir fuqaroning burchi. Bola oilada toʻgʻri tarbiya olsa, maktabda namunali oʻquvchiga aylanadi, mahallada boshqalarga ibrat boʻladi. Albatta, unda oʻz-oʻzidan huquqiy ong, huquqiy madaniyat ham shakllanib boradi. Farzandlari barkamol, yoshlari bilimdon va vatanparvar boʻlib ulgʻayadigan davlat qudratli, xalq esa, kuchli boʻladi. Negaki, bugungi tezkor va shiddatli davrda millat va xalq taqdirini nafaqat moddiy boylik, balki ma'naviy-ma'rifiy boylik hal qiladi.
Zamon talabidan kelib chiqib, «Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonun imzolandi. Qonun 5 bob va 51 moddadan iborat boʻlib, qonun bilan bolaga nisbatan zoʻravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zoʻravonlikdan tashqari uning yangi shakllari – gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham e'tirof etildi.
Shuningdek, davlat bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma'muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni koʻrishi, zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur boʻlgan samarali choralar koʻrishi qonunan belgilandi.
Xususan, mutasaddi organlarning bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishga oid maxsus vakolatlari, oʻzaro ishlash mexanizmi va mas'uliyati doirasi koʻzda tutildi.
Muhimi, qonun bilan nafaqat zoʻravonlikdan jabr koʻrgan bolalarni himoya qilish, balki zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash va ularga nisbatan zoʻravonlik xavflarini bartaraf etish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.
21 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan 978-sonli Qonun bilan Oʻzbekistonda bolalarga nisbatan uning yaqin qarindoshlari tomonidan oilaviy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangandi. Mazkur Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan toʻldirildi.
Har yili dunyoning yarmidan koʻp bolalari, ya'ni 1 milliarddan ortiq bola zoʻravonlikka duchor boʻladi. Bu haqda 8 noyabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga bagʻishlangan birinchi global vazirlar konferentsiyasida ma'lum qilindi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) tashkil etgan ikki kunlik konferentsiyada 130 davlatning hukumat vakillari, shu jumladan, 90 vazir ishtirok etgan. BMTning 2024 yilgi hisob-kitoblariga koʻra, dunyoda 15 yoshgacha boʻlgan 2,04 milliard bola bor. Voyaga etmaganlar umumiy aholining taxminan 25 foizini tashkil etadi.
JSST ma'lumotlariga koʻra, har yili dunyoning yarmidan koʻp (1 milliarddan ortiq) bolalari zoʻravonlikka uchraydi. Konferentsiya yakunlariga boʻyicha 100 dan ortiq davlat bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha majburiyatlar olgan, 9 ta davlat esa jismoniy jazoni taqiqlashni va'da qilgan.
Asosiy statistik ma'lumotlar:
- har yili 2 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalarning yarmidan koʻpi zoʻravonlikning turli shakllariga duch keladi. Bu 1 milliarddan ortiq bolani tashkil etadi;
- har uch boladan ikkisi uyda doimiy ravishda jismoniy jazoga tortilgan;
- har beshinchi qiz va har ettinchi oʻgʻil bola jinsiy zoʻravonlikka uchraydi;
- 25 foizdan 50 foizgacha bolalar tahqirlashning qurboni boʻladi;
- oʻgʻil bolalar oʻrtasida zoʻravonlik koʻpincha oʻqotar yoki boshqa qurol ishlatilgan holda sodir boʻladi va bu oʻlimning asosiy sababi hisoblanadi.
Konferentsiya yakunlariga koʻra, 2030 yilgacha bolalarga nisbatan zoʻravonlik darajasini kamaytirish maqsadida davlatlar uchun maqsad va vazifalar belgilangan hujjat qabul qilindi. Burundi, Chexiya, Gambiya, Qirgʻiziston, Panama, Shri-Lanka, Uganda va Tojikiston hukumatlari har qanday sharoitda bolalarga nisbatan jismoniy jazoni taqiqlashga majburiyat oldi. Nigeriya hukumati maktablarda jismoniy jazoni taqiqlashni va'da qilgan.
UNICEF oʻz hisobotida bugungi kunda 370 milliondan ortiq qiz va ayol, ya'ni dunyo boʻylab har sakkizinchi qiz yoki ayol 18 yoshga toʻlishidan oldin zoʻrlangan yoki jinsiy tajovuzga uchragani ma'lum qilingan.
Bolalar tazyiq va zoʻravonliklarga uchraganda qanday yoʻl tutishi kerak, kimga murojaat qilishi kerak degan savollar koʻpchilikni oʻylantiradi. Mamlakatimizda bolalarga shikoyat kilishning maxfiy, bolalar uchun doʻstona mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta'minlash va ularni bundan foydalanishga undash masalalari qay ahvolda degan savolga ham hozirgi kunda ijobiy javob berish qiyin. Masalan, bolalar bogʻchasida bogʻcha tarbiyachisi tomonidan xoʻrlangan yoki kamsitilgan, doʻpposlangan bolani kim himoya qiladi? U oʻz haq-huquqini himoya qilishni bilmasligi aniq. Ota-onalar esa bu holatdan koʻpincha bexabar qolishadi. Chunki bolani bogʻcha opa urganda burni qonagan boʻlsa, onasi kelguncha artilib, izi ham qolmaydi, urgan joyini esa kim ham ekspertizaga berardi? Afsuski, shu tariqa bolajonlarga ozor berishlar davom etaveradi...
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashining joriy yil 21 fevral yildagi qoʻshma qarori bilan BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konventsiyasi voidalarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma'ruzasi koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha 2024-2027 yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangan boʻlib, mazkur reja 100 ta tavsiya va ularni amalga oshirish mexanizmlari va mas'ul organlar hamda ijro etish muddatlari belgilangan.
Mazkur harakatlar rejasining 9-bandiga asosan Bollarga shikoyat qilishning maxfiy bolalar uchun doʻstona mexanizmalaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash va ulardan foydalanishga undash tavsiya etilgan. Bu borada bolalarning ularga nisbatan zoʻravonlik holatlari boʻyicha shikoyatlarni qabul qilish tizimini yoʻlga qoʻyish, shu jumladan bolalar uchun ishonch telefonlarini tashkil etish, davlat organlari rasmiy veb-saytlarida bolalarga moslashtirilgan sahifalar ochish, ijtimoiy va ma'rifiy videoroliklarni tayyorlash va ularni ommaviy axborot vositalarida namoyish etish choralari koʻrish belgilangan.
Chunki, hozirgi axborot asrida barcha bolalarda texnika vositalaridan foydalanish koʻnikmalari shakllanganganligini inobatga olib, ularga nisbatan zoʻravonlik qilingan taqdirda bu holatlar yuzasidan bolalar tezkorlik bilan tegishli organlarga murojaat qilishi nazarda tutilgan.
Hech kimga sir emas, ba'zida ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning jinsiy yoki jismoniy zoʻravonlikka uchraganligi haqida noxush xabarlar tarqaladi, yuqoridagi koʻrsatilgan mehanizmlardan keng foydalanilganligi natijasida mas'ul organlarlar tezkorlik bilan voqea joyiga etib borayotganligi va zoʻravonlikka uchragan bolaning huquqlarini tiklash va uni reabilitatsiya qilish hamda aybdor shaxslarga nisbatan qat'iy choralar koʻrish ta'minlanayotganligini e'tirof etishimiz lozim.
Xuddiy shunday, bu borada ijtimoyi roliklarning ishlab chiqilishi va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi bolalarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga hamda kelgusida vujudga kelishi mumkin boʻlgan shu kabi salbiy holatlarda qanday yoʻl tutish lozimligi va oʻzini zoʻravonlikdan qanday asrash mumkinligi haqidagi koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Albatta oʻz navbatida tegishli mutasaddi tashkilotlar huzurida bolalar uchun «Ishonch telefonii»ni joriy qilinishi bu borada bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qilish va huquqbuzarliklarni oldini olish va aybdor shaxslarga tezkorlik bilan tegishli chora koʻrish uchun zamin yaratadi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha
Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudi sudyasi
Mavluda Boboraimova
Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudi sudyasi
Mavluda Boboraimova
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar