
16 maygacha O‘zbekistonning katta qismida havo harorati 42–43 daraja issiqni tashkil etishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi jaziramada organizmni qanday himoyalash lozimligi haqida ayrim tavsiyalarni taqdim etdi.
Jazirama nafaqat noqulaylik tug‘diradi, balki inson salomatligi uchun jiddiy xavf keltirib chiqaruvchi omil hamdir. Bunday ob-havo sharoitida organizmning termoregulyatsiya tizimiga katta yuk tushadi, bu esa mavjud surunkali kasalliklarning zo‘rayishiga yoki issiqlik bilan bog‘liq kasalliklar, jumladan, issiqdan organizmning umumiy holsizlanishi va hayot uchun xavfli bo‘lgan oftob urishi kabi holatlarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, yuqori harorat, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, yurak urishini tezlashtiradi va qon bosimini oshirishi mumkin. Organizmning tana haroratini me’yorda saqlashga urinishi kuchli terlashga olib keladi, bu esa suvsizlanish xavfini oshiradi.
Xo‘sh, qanday ehtiyot choralarini ko‘rish lozim?
Ushbu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya bo‘limi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov batafsil javob berdi.

Jazirama kunlari kunning eng issiq vaqti – soat 12:00 dan 16:00 gacha iloji boricha yopiq binolar yoki salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Bu vaqtda quyosh nurlari eng kuchli bo‘lib, tananing qizib ketishi va quyosh urishi xavfi yuqoridir. Agar ko‘chaga chiqish zarurati tug‘ilsa, soya joylarda yurish, soyabondan foydalanish va faollikni kunning salqinroq paytlari – ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, uy sharoitida salqinlikni ta’minlash ham muhim. Masalan, kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopiq holda saqlash, kechasi havo salqinlashganda derazalarni ochib, xonalarni shamollatish, kunning eng issiq vaqtlarida pech, kir yuvish mashinasi, quritkich kabi o‘zidan issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash kerak.
Jaziramada to‘g‘ri kiyim tanlash muhim. Yengil, keng bichimli, havoni yaxshi o‘tkazadigan tabiiy matolardan (paxta, ipak) tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Sintetik matolardan tikilgan kiyimlardan saqlanish lozim! Imkon qadar och rangli ust-boshlarni tanlash maqsadga muvofiq, chunki ular quyosh nurini yaxshiroq qaytaradi.
Ko‘chaga chiqqanda keng soyabonli bosh kiyim kiyish va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish kerak. Boshni quyosh nuridan asrash juda muhim, chunki bosh miyaning qizib ketishi tezda issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Kun davomida tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish tana haroratini pasaytirishga yordam beradi. Muntazam yuvinish terining samarali nafas olishini ta’minlaydi. Ammo juda sovuq suvdan foydalanmaslik kerak, chunki haroratning keskin o‘zgarishi organizm uchun stress bo‘lishi va hatto pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Xona haroratidagi yoki biroz salqin suv eng maqbul variantdir.
Teriga, ayniqsa, bosh va bo‘yin sohalariga ho‘l sochiq yoki latta qo‘yish ham organizmni samarali sovitish usulidir.
Shuningdek, issiqda og‘ir jismoniy mehnat yoki sport bilan shug‘ullanish suvsizlanish, silla qurishi va oftob urish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi, bu esa tayyorgarligi bo‘lmagan odamlarda yurak xuruji yoki insult xavfini yuzaga keltiradi.
Imkon bo‘lsa, sport bilan konditsionerli yopiq inshootlarda shug‘ullangan afzal. Mashg‘ulot paytida organizmga quloq solish, tez-tez dam olish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi yoki kuchli holsizlik kabi belgilar paydo bo‘lsa, mashg‘ulotni darhol to‘xtatish kerak.
Surunkali kasalliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiqda jismoniy faollik bilan shug‘ullanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar