Ko‘pchiligimizga tanish va sevimli bo‘lgan bir o‘zbek filmida yigit sevgan qiziga sevgi izhorini bildira turib, «Men shoir emasman ammo ne qilay, muhabbat qo‘limga tutqazdi qalam...», deya xitob qiladi. Biroq bunaqa paytda shoirlikka da’vo qilmaydigan har qaysi yigit ham bir urinib ko‘radi she’r yozishga.
Men ham jurnalist yoki bloger emasman. Ochig‘ini aytsam, ijtimoiy tarmoqlarda ham unchalik faolmasman. Faqat ma’lumot almashish uchun messenjerlardan foydalanib turaman. Biroq bu imlo lug‘atidagi so‘zlarni har doim ham o‘z o‘rnida qo‘llay olishim uchun etarli emas. Shu bois, so‘z birikmalarini yoki so‘zlarning ketma-ketligini noo‘rin ishlatib yuborsam, oldindan uzr so‘rayman.
Qog‘oz «qoralash»ga (bu ham haqiqiy jurnalistlarning maqolasidan olingan ibora) sabab bo‘lgan mavzu esa bloger Xushnud Xudoyberdievning Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini adolatli va haqqoniyligini ta’minlashga qaratilgan takliflaridir.
Bloger mavzuga to‘g‘ri yondashgan. Darhaqiqat, «Nima qilsa, testlarda butunlay haqqoniylikni ta’minlash mumkin?». Bu savol bugungi kunga qadar ham bo‘lgan va keyin ham bo‘ladi.
Aytaylik, men birinchi marta abiturientlik darajasiga bundan 17 yil ilgari erishganman. Biroq o‘sha paytda ham testlarning haqqoniyligi va adolatli o‘tishi yuzasidan bloger aytganiday «hamma o‘z dunyoqarashi, tajribasidan kelib chiqib fikr, taklif aytishga harakat» qilardi. Biroq 2000-yillarda uyali telefon bilan imtihonga kirish nari tursin, uyali telefoni bor fuqaro abiturientlik davridan ham ancha uzoqda yurardi.
Bu ham bir taklif-da...
Bugungi kunda Oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarining adolatli va haqqoniyligini ta’minlashni bloger aytganiday birgina islohot bilan yoki Xushnudga o‘xshagan jonkuyar blogerlarning takliflari orqali amalga oshirish murakkab masala. Shuningdek, buni faqat uyali telefonlar bilan bog‘lash va echimini ham o‘sha joydan qidirish to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Avvalo, bunga butun bir millat muammosi sifatida qarashni taklif qilgan bo‘lardim. Sababi 1997 yilda «Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi» qabul qilingan bo‘lishiga qaramay, bizda haliyam kadrlarga bo‘lgan juda katta ehtiyoj mavjud. Hammasi borib o‘sha imtihonlarning adolatli o‘tishiga taqalmoqda.
Oliy o‘quv yurtiga kirishning oson yo‘lini tanlagan abiturient ertaga o‘qish jarayonida ham, ishga kirishda va o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ham tabiiyki, shu yo‘ldan ketishga ko‘nikadi va intiladi. Oliy ta’lim tizimidagi o‘qishni tamomlagan o‘sha talabaga 4 yildan keyin baribir diplom beriladi. Ish jarayoniga kirib kelgan talabaning qo‘lida ma’lumoti OLIY ekanligini isbotlovchi hujjat o‘sha diplom hisoblanadi.
Shunday bo‘lsa-da, imtihonlarda uyali telefondan foydalanish mavzusini tugatib qo‘ysak. Bir necha yildirki 31 iyul kuni uyali aloqa kompaniyalari o‘z mijozlariga ming bir xijolatchilik bilan 1 avgust kuni soat 09:00 dan 13:00 ga qadar SMS xabar xizmatining ishlamasligi yuzasidan «Uzrnoma» yuboradi. Aslida bu abiturientlarning imtihon zallariga telefon bilan kirishini 100 foizga cheklashning imkoniyati yo‘qligini tan olganligimizdan dalolat emasmi?
G‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashmoq...
Biz yashayotgan XXI asrni axborot texnologiyalari asri, deb bong uramiz. To‘g‘ri AKT borasida inson tafakkuriga gap bo‘lishi mumkin emas. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Haqiqatda buyuk ixtirolar. Biroq yana bir kinofilmni esga olamiz. Imtihonga radioaloqa vositasi bilan kirgan talabaning kashfiyotini aniqlagan va to‘lqinni ushlay olgan domla to‘g‘risidagi voqealar bundan 40-50 yil ilgari ham bo‘lgan-ku. Nahotki, bugungi rivojlangan texnologiyalar bilan 200 metr radiusdagi to‘lqinni aniqlab, uni bloklay oladigan radarlardan foydalanish (agar mavjud bo‘lsa) murakkab masala bo‘lsa?
Balki bunga hali ertadir...
Yana bir kichik taklif - fuqaroning (balki talabaning) ma’lumoti oliy ekanligini isbotlovchi hujjatni olish jarayonidagi imtihonlarni ham bir kunda, aytaylik 1 iyulda bo‘lishini tavsiya qilgan bo‘lardim. Ushbu imtihonlarga barcha bitiruvchi talabalar hozirgi abiturientlardek tayyorgarlik ko‘rishsa deyman. Imtihondan o‘tolmadimi, marhamat, keyingi yili kelsin va imtihonni qaytadan topshirsin. Imtihondan o‘tsa — diplomini olib, ishlab chiqarishga (ish joyiga) yo‘naltirilsin. Shunda ota-onalar ham abiturientning o‘zi ham bir o‘tirib o‘ylab ko‘rishardi. Umrining 4 yilini, balki undan ham ko‘prog‘ini havoga saflash to‘g‘risida.
O‘qishga kirish jarayonlarini ham toifalarga ajratsak foydadan xoli bo‘lmaydi. Oliy o‘quv yurtlarining kechki, ya’ni pullik tizimlarini tashkil qilish vaqti kelgandir balki. Bu imtihondan o‘tishning qing‘ir yo‘llarni izlagan abiturientlarga qo‘l keladi. Marhamat, davlat byudjetiga belgilangan pulni to‘la va o‘qigin. Lekin endi kirish imtihoni emas, chiqish imtihoni bo‘ladi. O‘ylaymanki, buning zararidan foydasi ko‘proq bo‘ladi. Natijada kechki ta’lim rivojlanadi.
Isomiddin Nuriddinov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi