date

Rossiya fuqarolari zaharlangan Toshkentdagi mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi

Rossiya fuqarolari zaharlangan Toshkentdagi mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi
3 nafar fuqaro zaharlanib vafot etgan Toshkent shahridagi Karaman Palace mehmonxonasi rahbari va boshqalar jinoiy jazoga tortildi.

Sud hukmida keltirilishicha, jinoyat ishida 4 kishi – mehmonxona rahbari Azamat Xo‘jaqulov, unga isitish qozonini sotgan Zayniddin Jamoldinov va Abdurasul Yusupov hamda uni o‘rnatgan usta Nodir Qurbonov ayblangan.

Zayniddin Jamoldinov va Abdurasul Yusupov isitish qozonlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Ular Karaman Palace Hotel mehmonxonasi rahbari Azamat Xo‘jaqulov va santexnik Nodir Qurbonov bilan birgalikda mehmonxonaga isitish qozonini o‘rnatgan. Ammo ular tomonidan o‘rnatilgan isitish qozoni xizmat muddatini o‘tagan, eski va konstruksiyasiga o‘zgartishlar kiritilgan, ya’ni kondensat chiqarish tizimidagi sifon olib tashlangan bo‘lgan.

Shu tariqa suv isitish qozonining kondensat chiqarish quvuri to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni sifonsiz kanalizatsiyaga ulangan, gaz uskunasining dudburonlari noto‘g‘ri, texnik va me’yoriy qoida talablariga zid ravishda o‘rnatilgan. Dudburonlar tekshiruvdan o‘tkazilmay turib isitish qozoni ishlatilgan.

2024 yil 20 oktyabr kuni isitish qozonidan is gazi sizib chiqqan. Buning oqibatida Rossiya fuqarolari – 47 yoshli Inessa Papernaya va 45 yoshli Maksim Radchenko, shuningdek, o‘zbekistonlik 48 yoshli Xushnud Udekov is gazidan zaharlanib, vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasining tegishli xulosalarida ularning o‘limi is gazi va vodorod sulfid gazlaridan o‘tkir zaharlanish oqibatida nafas yetishmovchiligidan ro‘y bergani qayd etilgan.

Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazining sudga oid kompleks texnik ekspertizasi xulosasida isitish qozonlari eskirgani va xizmat qilish muddati o‘tib bo‘lgani, konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritilib, kondensat chiqarish tizimidagi sifon olib tashlangani hamda kondensat chiqarish quvuri to‘g‘ridan to‘g‘ri kanalizatsiya tizimiga ulangani qayd etilgan. Shuningdek, xulosada kondensat chiqarish tizimi nosoz bo‘lgan isitish qozonlaridan foydalanish, sifonsiz kanalizatsiya quvuriga ulash is gazi sizib chiqishiga olib kelishi va buning oqibatida zaharlanish xavfi paydo bo‘lishi, gaz uskuna va jihozlari texnik hamda me’yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, isitish ventilyatsiya va konditsiyalash talabiga rioya qilinmagani oqibatida is gazining chiqishi aniqlangani keltirib o‘tilgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Azamat Xo‘jaqulovga 8 yil, qolganlarga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Hodisa haqida

Inessa Papernaya Rossiyaning Lenta.ru nashri jurnalisti bo‘lgan. U hamrohi 45 yoshli Maksim Radchenko bilan Mirobod tumanidagi Karaman Palace Hotel'da bo‘lishgan. 20 oktyabr kuni ular nonushtaga chiqmagan. Mehmonxona xodimlari ayol yotgan xonaga qo‘ng‘iroq qilganda hech kim javob bermagan. Shundan so‘ng xodimlar xonaga kirishgan va vannada Inessa va Maksimning jonsiz yotganiga guvoh bo‘lishgan. Mehmonxonaning boshqa xonasida o‘zbekistonlik Xushnud Udekov ham vafot etgan. Keyinchalik rossiyalik jurnalistning qonida is gazi alomatlari topilgani xabar qilingandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiya fuqarolari zaharlangan Toshkentdagi mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi