Toshkent shahrida keyingi 5 yilda 670 mingdan ortiq iste’molchiga zamonaviy aqlli suv hisoblagichlar “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ mablag‘lari hisobidan bepul o‘rnatiladi. Bu ishlar “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ va Fransiyaning “Suez” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan xalqaro loyiha doirasida amalga oshirilmoqda, deya xabar bermoqda “Toshkent shahar suv ta’minoti” korxonasi.
Dastlabki sinov tariqasida Shayxontohur tumanida smart hisoblagichlar o‘rnatildi. Endilikda bosqichma-bosqich barcha tumanlardagi xonadonlar ham zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlanadi. Hisoblagichlar aholi uchun bepul o‘rnatiladi.
“Loyiha doirasida jismoniy shaxslarga – ya’ni aholi xonadonlariga smart hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Maqsad – ichimlik suvni nazorat qilish va monitoring tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirishdan iborat.
Avval qo‘llangan eski turdagi hisoblagichlar ta’minotchi korxona hamda iste’molchilar uchun noqulaylik tug‘dirib kelayotgan edi. Jumladan, hisoblagich ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida tizimga kiritilmasligi sababli to‘lovlarda turli tushunmovchiliklar yuzaga kelayotgandi. Shuningdek, iste’molchilar suv sarfi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo‘la olishmasdi”, - deyiladi rasmiy xabarda.
Yangi hisoblagichlar esa ikkala tomon – iste’molchi va ta’minotchi korxona uchun qulaylik yaratadi. Ular radiomodul orqali ma’lumotlarni masofadan uzatadi, suv iste’moli, quvurdagi bosim va uskunalar holati kabi ko‘rsatkichlarni tashqi aralashuvlarsiz va yuqori aniqlikda taqdim etadi.
Smart hisoblagichga ega iste’molchilardan ko‘rsatkichlarni billing tizimiga taqdim qilish talab etilmaydi. Bundan tashqari, suv sarfi bo‘yicha savollarni shaxsiy kabinet orqali onlayn kuzatish, to‘lovlarni esa mobil ilovalar yordamida amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Ta’minotchi korxona ma’lumotlarni masofadan yig‘ish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa nazarda tutilmagan suv yo‘qotishlarining oldini olishga xizmat qiladi. Ushbu imkoniyatlar suv taqsimotini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi hisoblagichlarga ishlab chiqaruvchi tomonidan 5 yillik kafolat beriladi. Kafolat muddati davomida aniqlangan har qanday nuqson texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash shartlariga muvofiq bartaraf etiladi.
Dastlab Shayxontohur tumanida sinovdan o‘tgan smart hisoblagichlarni ommaviy o‘rnatish joriy yilning uchinchi choragidan Yangihayot tumanidan boshlanadi. Belgilangan jadval asosida boshqa tumanlarda ham ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shahar suv ta’minoti korxonasi yangi hisoblagichlarni o‘rnatish davomida quvurlarda payvandlash yoki chilangarlik ishlari bajarilmasligi, shuningdek faqat eski hisoblagichlar yangi smart hisoblagichlarga almashtirilishini ma’lum qildi. Rasmiy idora iste’molchilardan xodimlarga xonadonga kirishga ruxsat berishni so‘ramoqda.
Jarayon bilan bog‘liq savollar yuzasidan mahallalarda vaqtincha tashkil etiladigan shtab mutasaddilariga murojaat qilish mumkin.
Toshkentda xonadonlarga aqlli suv hisoblagichlar bepul o‘rnatiladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing