
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tuman sudi Chirchiq daryosidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy ravishda olib chiqqani uchun “G.S” MCHJ rahbari S.I.ga nisbatan sud hukmini chiqardi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan reyd davomida daryo muhofaza hududidan qum ortilayotgani fosh etilgan.
Tekshiruv natijasida, ushbu qum-shag‘al “G.S” MCHJga qarashli tosh maydalash sexiga olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan. Davlat inspektorlari tabiatga yetkazilgan zararni hisoblab, tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan.
Sudda S.I. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, umumiy rejimdagi koloniyada 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Shu bilan birga, davlat foydasiga katta miqdordagi zararni qoplash va jarima to‘lash majburiyati yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq daryosi o‘zanida noruda materiallar qazib olishga cheksiz moratoriy joriy etilgan. Ekologiya vazirligi ushbu qonun talablariga qat’iy amal qilish va qonunbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrar ekanini yana bir bor ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!