Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, bu yil banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilingan. 1 iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qilgan.
Ta’kidlanishicha, mehnat munosabatlaridagi ayrim me’yorlar tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug‘dirmoqda. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.
Shu bilan birga, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq e’lon qilishga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda bu ma’lumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to‘g‘ri tahlil qilish hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.
Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi majburiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik va jo‘natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda. Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotlarni to‘plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo‘naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal etadi.
Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, mutaxassis topish murakkab bo‘lgan vakansiyalar kasbiy ta’limning asosiy yo‘nalishlariga aylantirilib, tayyorgarlik jarayonlarini maqsadli tashkil etishga xizmat qiladi.
Kasbiy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga kasbiy ta’limni uch bosqichli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun «kasb vaucheri» orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.
Kasb tanlash uchun internet orqali bepul videodarslar joriy etiladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar