Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yurtimizda turli islohotlar ro‘y bermoqda. Xususan, so‘nggi paytlarda matbuotimizda erkinlik havosi uf urib kelyapti. Qo‘shimchasiga, ajib zamonlarni boshdan kechiryapmiz. Misol uchun, bundan bir necha yil avval xoin va “vatanfurush” deb nom olgan bir qancha sobiq mahbuslar ozodlikka chiqarilgan bo‘lsa, aksincha — yaqin vaqtgacha “yurtimiz xaloskorlari” deya e’tirof etilib kelingan bir qancha ikkiyuzlamachi “kalamushlar” esa, bir qismi ishdan olindi, boshqalari hibsda.
Bugungi saytimiz mehmoni — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, sobiq deputat Jahongir Muhammad. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, jurnalistning Feysbukda yozib qoldirgan mana shu kichik posti bizni shu suhbatni uyushtirishga undadi:
«- Bizda oshkoralik!
— Bizda uyg‘onish!
— Bizda ana unaqa,
— Bizda mana bunaqa! — deb yozadi ba’zi jurnalistlar.
«Kamtarlik» qilib: «Aka unday bo‘lsa, kaminadan ham bir suhbat oling, har qanday savolingizga ochiq, «ustamasi» bilan javob qilaman, «qalam haqi» kerak emas», deyman.
— Jonim bilan! Sizdan suhbat olish orzuim!
— Savollarni tuzishga kirishdim!
Bla-bla-bla!
Qolgani guldur gup, pildir pis! Klok-klok! Blok!»
Zero, biz — fayzbog.uz sayti yurtimizda so‘z erkinligi mavjudligini amalda isbotlab kelayapmiz va buni taniqli kishilarga ham uqtirishda davom etishimiz lozim.
Butun qalbimiz, yuragimiz, xayolimiz O‘zbekistonda. (Jahongir Muhammad)
— Avvalambor, assalomu alaykum, Jahongir aka! Suhbatga rozi bo‘lganligingiz uchun tahririyatimiz nomidan tashakkur bildiramiz!
— Savollaringizga javob berishdan kamina ham mamnuniyat his qilmoqda. Chunki sizlar bugunning ovozisizlar. Bugunning ovozini eshitish orzuimiz.
— Birinchi savol: nimaga Feysbuk akkauntingiz «Jahongir Muhammad O‘ZBEKISTONDA» deb nomlanadi?
— Bilasizmi, butun qalbimiz, yuragimiz, xayolimiz O‘zbekistonda. Bir kun feysbukda tuzatish qilayotgan edim, o‘z nomimdan so‘ng O‘zbekiston deb yozib yuboribman. Keyin tuzataman, desam Feysbuk, olti oydan so‘ng tuzatishingiz mumkin, dedi. Shu zayl O‘zbekistonga «borib qoldim».
— Jahongir aka, sizni katta yoshli o‘quvchilarimiz 90-yillarda efiga uzatilgan “Hayot quvonchlari va tashvishlari” ko‘rsatuvi hamda parlamentdagi keskin bahslaringiz orqali bilishadi. Suhbatimiz boshida o‘zingiz haqingizda va jurnalistikaga kirib kelishingiz to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.
— Jurnalistikaga juda yosh kirib kelganman. Hali maktabda o‘qib yurgan kezlarim tuman va viloyat gazetalarida maqolalarim chiqqan. 1973-1979 yillarda Toshkent Davlat universiteti jurnalistika kulliyotida o‘qidim. Mehnat faoliyatimni 1973 yilda “Toshkent haqiqati” gazetasida korrektorlikdan boshlaganman.
1974-1979 yillarda respublika “Qishloq haqiqati” gazetasida mas’ul kotib o‘rinbosari lavozimida ishladim. 1979-1981 yillarda O‘zbekiston radiosining qishloq xo‘jalik bo‘limida redaktor lavozimida ishlash bilan birga qishloq xo‘jalik va qishloq madaniyati muammolariga bag‘ishlangan maxsus “Tabarruk zamin” dasturiga muharrirlik qilganman. 1982-1985 yillarda Samarqand viloyati “Lenin yo‘li” (“Zarafshon”) gazetasining Qishloq xo‘jaligi” va “Partiya turmushi” bo‘limlarini boshqarganman.
1985-1990 yillarda “Sovet O‘zbekistoni” (“O‘zbekiston ovozi”) gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri bo‘lib faoliyat ko‘rsatdim. Ayni paytda “Mushtum” jurnali va “Qishloq haqiqati” gazetalarining jamoatchi muxbiri bo‘lganman. Shu yillarda mingdan ziyod fel’etonlar, tanqidiy va tahliliy maqolalarimni e’lon qildim. Ba’zi asarlarim “Yoshlik” almanaxi va “Beg‘ubor tong”, “Samarqandni titratgan 525 kun” kitoblarida nashr etildi.
Qayta qurish yillarida oshkoralik muammolari haqida yozilgan “Qur’on va Qurol”, “Yonayotgan ayol”, “Yopiq eshikning ochilishi” kabi turkum tahliliy ocherklarim bilan O‘zbekiston hamda Ittifoq Jurnalistlar uyushmalarida birinchi o‘rinni egalladim. 1990 yilda 35 yoshimda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni berilgan.
— Qayta qurish yillarida Yozuvchilar uyushmasi oshkoralik minbariga aylangan edi. Nima deb o‘ylaysiz, hozirgi yozuvchilar uyushmasi nega jimlik rejimini saqlab kelmoqda?
— Qayta qurish yillari oshkoralik teppadan talab qilingandi. O‘zbekiston Kompartiyasining qarshiligiga qaramasdan Moskva oshkoraligi bizga ham kirib keldi. Sovet Ittifoqi bo‘ylab boshlangan oshkoralik bizda ham aks-sado bergandi. Yozuvchilar uyushmasi ikki bo‘linib ketgandi, hatto. Bugun ham ular tepadan topshiriq bo‘lishni kutishayotgan bo‘lishlari mumkin.
— Hozir oshkoralik davri kelmaganmi?
— Oshkoralik uchqunlari keldi. Lekin ko‘pchilik yana ortga qaytish bo‘lib qolmasmikan, deb cho‘chib, tashabbus ko‘rsatmayapti. Buni ko‘proq «eski»larda ko‘rish mumkin. Yoshlar esa hali uyg‘onish pallasida. Ular tezroq o‘zlarini tutib olib, uchqunni xalqning yo‘lini yoritadigan nurga aylantirishlari kerak.
Har qanday odim qonun doirasida bo‘lgan mamlakatda rivojlanish bo‘ladi. Kamina birinchi kundanoq yangi prezidentga bu parlamentni tarqatib yuborish kerakligini taklif qilgan. Erkin saylovlardagina yangi prezidentga yordam beradigan kuchli shaxslar hokimiyatga kirib keladilar. (Jahongir Muhammad)
— Shu kunlarda Milliy xavfsizlik xizmatini parlament nazorat qilishi mexanizmlari qonunlarda belgilandi. Mustaqillik boshlarida safdoshlaringiz bu xizmatni yakka prezident nazorat etishi prezidentni tiyiqsiz kuchga aylantirishidan bong urgan edilar. Yillar bu xavotiringiz bir qadar o‘rinli ekanligini ko‘rsatdi. Shu xususda boshqa davlatlar tajribasiga nazar solsak, xavfsizlik xizmati, asosan, shoshilinch, kechiktirib bo‘lmas ishlar bilan shug‘ullanishini ko‘ramiz. Shoshilinch holatda esa ko‘pchilik emas, bir kishining irodasi asosida ish ko‘rgani ma’qulroq emasmi? Umuman, qaysi mamlakatlarda xavfsizlik xizmatlari parlamentga bo‘ysundirilgan?
— Demokratik davlatlarda parlament xavfsizlik xizmatlarini ham nazorat qiladi. Ularning rahbarlarini tasdiqlaydi, hisobotlarini eshitadi va hokazo. Esingizda bo‘lsa, 1991 yil avgustida Moskvada davlat to‘ntarishi (GKChP) yuz berdi. KGB bu “hunar”ning bosh qahramoni bo‘lib chiqdi.
Bir qator jumhuriyatlarda to bu tashkilot haqida mahalliy qonun qabul qilinguniga qadar KGB parlament nazorati ostiga olindi. Faol deputatlar bizda ham shunday qilishni muhokama etib, masalani sessiyaga olib chiqishga qaror qildik va sessiyadan uch kun oldin — 1991 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston KGBsini tarqatib, MXXni tuzish borasida farmon e’lon qilindi. KGB-MXX haqida qonun qabul qilish shu zayl kun tartibidan chiqarib tashlandi. MXX qonundan tashqari tashkilot edi. Mana endi u haqda qonun qabul qilinmoqchi. Milliy xavfsizlik xizmati ham xalqini himoya qiladigan tashkilotga aylanishi kerak. Zulm qiladigan emas.
— Deylik, mamlakatda biror qo‘poruvchi kuch yoki chet ellik narkobaron mavjudligi aniqlandi. Bunday holatda parlamentni yig‘ib xavfsizlik xizmatlarini koordinatsiya qilish ishni kechiktirib yubormaydimi?
— Parlament nazorat qiladi, degani uning tepasida parlament o‘tiradi, degani emas. Favqulodda holatlarda prezidentning topshirig‘i bilan ishlashi, ammo parlament hisob eshitib turishi lozim. Qonunda qaysi holatlarda prezident yoki bosh vazir aralashishi belgilab qo‘yiladi.
— Shu yerda mantiqiy bir savol tug‘iladi-da: kechirasiz-u, bugungi paramentimiz MXX ustidan nazorat qilish kuchiga egami?
— Har qanday odim qonun doirasida bo‘lgan mamlakatda rivojlanish bo‘ladi. Gap bugungi parlament haqida emas, kelajak haqida. Kamina birinchi kundanoq yangi prezidentga bu parlamentni tarqatib yuborish kerakligini taklif qilgan. Erkin saylovlardagina yangi prezidentga yordam beradigan kuchli shaxslar hokimiyatga kirib keladilar.
Bugungi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, asosiy masala ISh, ISh va HAQ. Bu masala yo‘lga qo‘yilgandan keyin mafkura haqida gaplashsak bo‘ladi. Och qoringa quruq gap yoqmaydi, deyishadiku! (Jahongir Muhammad)
— Mamlakatimiz fuqarolari hozir turli ideologiya va qadriyatlar qarshisida depsinib turibdi. Ularning eng asosiylari: milliy turkiylik g‘oyasi, ummatchilik g‘oyasi, g‘arbga mos demokratiya, shuningdek, sobiq sho‘rochilik dunyoqarashi ham ko‘pchilikning ongida saqlanib qolganini e’tirof etish joiz. Sizningcha, bu g‘oyalarning qay biri ustun? O‘z milliy g‘oyamiz qanday unsurlardan tarkib topmog‘i lozim?
— Bugungi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, asosiy masala ISh, ISh va HAQ. Bu masala yo‘lga qo‘yilgandan keyin mafkura haqida gaplashsak bo‘ladi. Och qoringa quruq gap yoqmaydi, deyishadiku!
Oldingi prezident haqida har turli gaplar tarqalgan paytda kamina Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonni boshqara oladigan yagona lider deganimda qattiq tanqidlarga uchragandim. O‘z safdoshlarim (erkinlik tarafdorlari) hatto «xoin» ham deyshgandi. Bugun ular maqtovga o‘tib ketishdi… (Jahongir Muhammad)
— Fuqarolik jamiyatini barpo etish, odamlar ongida o‘zgarish yasash uchun ishni nimadan boshlash lozim?
— Fuqarolik jamiyatining fundamenti erkin matbuot!
Agar prezident erkin matbuotni himoya qilishga kafillik bersa va buni amalda ko‘rsatsa, uni faqat va faqat olqishlash kerak. Bu fuqarolik jamiyatining eshiklarini ochish bo‘ladi.
— Bugun matbuotimiz, xususan elektron OAV ancha jonlangan. Ular hokimlarni, vazirlarni dadil nazorat va tanqid qilishmoqda. Bu holat sizni qoniqtiradimi?
— Albatta jonlanish bor. Yozma matbuotga nisbatan internet nashrlari faolroq. Ammo kamina uchun bu yetarli emas. Oldingi prezident haqida har turli gaplar tarqalgan paytda kamina Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonni boshqara oladigan yagona lider deganimda qattiq tanqidlarga uchragandim. O‘z safdoshlarim (erkinlik tarafdorlari) hatto «xoin» ham deyishgandi. Bugun ular maqtovga o‘tib ketishdi, ammo kamina kamchiliklarni ko‘rsam, tanqid ham qilib turibman. O‘sha kezda erkinlikni qadamba-qadam boshlash kerak. Aks taqdirda O‘zbekistonda vaziyat yomonlashadi, degan edim. Shunga ko‘ra bugunga qadar sabr qildim.
Deputat bu — xalq xizmatkori, degani. Kimki o‘zini emas, xalqini o‘ylaydigan bo‘lsa , deputatlik tashvishini yelkasiga olishi kerak. (Jahongir Muhammad)
— Oldingi va hozirgi parlamentni taqqoslab bera olasizmi? Oldinlari deputat deganda odam kimni tushunardi? Umuman, deputat nima ish bilan shug‘ullanardi o‘shanda? Hozirgi vaziyat qanday?
— Bunga qisqa javob qilaman. Kamina saylanganda bitta okrugdan to‘rtta nomzod qo‘yilgandi. Katta bahslar va tortishuvlar bilan g‘alaba qozonganmiz. Hatto Kompartiya nomzodi ovoz ololmay qolgan. Shunday deputatlar oz bo‘lsa-da, boshqalarni silkitishga uringanmiz. Bugun ham erkin saylovlar o‘tkazilsa, o‘sha kunlardagidan ham kuchliroq parlament o‘rtaga chiqishi mumkin.
Deputat bu — xalq xizmatkori, degani. Kimki o‘zini emas, xalqini o‘ylaydigan bo‘lsa , deputatlik tashvishini yelkasiga olishi kerak.
— Bugun o‘ta dolzarb mavzu haqida ham fikr almashsak. Hozirda Aqto‘bedagi fojiadan so‘ng butun O‘zbekiston xalqi oyoqqa turdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda odamlardan turli fikrlar yangramoqda. Kimdir ta’lim muassasasini ayblayapti, kimdir ishsizlik holatini, ayrimlar hammasiga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni aybdor qilayotgan bo‘lishsa, boshqalar xalqning o‘zi yoppasiga chet elga ishlash uchun chiqib ketishayotganliklarini tanqid qilishyapti. Xo‘sh, bu borada Jahongir Muhammadning fikri qanday?
— Bilasizmi, yaqinda avtobus fojeasini eshitib negadir shok bo‘lmadim. Yuragimni bosib turgan tosh bir aylanib, ezib qo‘ygandek bo‘ldi. Xuddi shunday bo‘lishini oldindan bilgandek his qildim o‘zimni. Qandaydir gunohkorlik sezdim o‘zimda. Chunki bu fojea faqat ko‘lami, soni bilan oldingilaridan kattaroq edi.
Vaholanki, o‘tgan 20-25 yil ichida son-sanoqsiz insonlar tiriklayin yonib ketishdi. Rossiyaning bozorlarida, temir yo‘llarida, avtobuslarda, mikroavtobuslarda, panjarali uylarda, gazbalonli kulbalarda…
Biz hayqirdik, ammo birov eshitmadi. Aksincha, ularni “dangasalar” deb kamsitishdi. Xuddi bugun Farg‘ona hokimi kamsitayotgani kabi.
Ammo, shukrki, bugun hayqiriq balandroq. O‘zbekiston rahbarining ochiq qarashi ham boshqacharoq. Lekin baribir yuragimdagi tegirmon toshi aylanib turibdi. Bu oxirgi emas, deb yuragimni ezg‘ilayotganga o‘xshaydi. Chunki mamlakat motam tutmadi. Mamlakat hali bu fojeani o‘z tanida his qilgan emas. Shuning uchun tiriklayin jizg‘anak bo‘lib yonganlarni kamsitish sezilmoqda, shuning uchun ham non qidirib ketmoqchi bo‘lganlarni ko‘chalarda tutib qolishmoqchi… Bu chora emas. Unga ish topib bering, yaxshi haq to‘lang, hech qayerga ketmaydi. Shuning uchun ham bugunning shiori va amali bitta bo‘lish kerak: Ish, ish va haq!
Ichi qurigan daraxtning qurigan shoxlarini kesishga vaqt sarflamaslik kerak. Kuchni yangi ko‘chat ekishga sarflash kerak. Tezroq hosil beradi. (Jahongir Muhammad)
— Prezidentimiz xorijlik investorlarni jalb qilish ishlarini amalga oshirishga harakat qilayapti. Li Kuan Yu ham bir vaqtlar noldan boshlagan edi. Singapur davlat arbobi o‘sha damlarni yodga olar ekan, investorlarni mamlakatga jalb qilish uchun qanday tirishganligini, poraxo‘rlikka qarshi ayovsiz jang olib borganini va mamlakatga kirgan har bir investorni hurmat-ehtirom ila kutib olganini, ularga barcha shart-sharoit yaratib berganini hikoya qilgan. Sizningcha, Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarni yurtimizga jalb qilishi uchun avvalo nimalarga e’tibor qaratishi, qaysi sohalarni isloh qilishi darkor?
— Birinchi galda, xorijdagi o‘zbeklar uchun to‘siqlarni olib tashlash kerak. Ularga hali yo‘l ochilgan emas. Sarson-sargardon bo‘layotganlar son mingta. Ikkinchi galda, xorijiy sarmoyador va sarmoyalar xafsizligini kafolatlash zarur. Buning uchun mamlakatda lyustratsiya o‘tkazish va korrupsiyaning ildiziga bolta urish kerak.
— Shavkat Mirziyoyev bularning barchasiga 5 yillik strategik rejani tayyorladi. Nima deb o‘ylaysiz, oldimizda juda mushkul vazifa turganini inobatga oladigan bo‘lsak, bugungi sur’at bilan 4 yil (bir yili o‘tib bo‘ldi) bizga yetarlimi?
— Yetarli. Hatto ko‘p ham. Bir jamiyatda qayta qurishni jadal yo‘lga qo‘yish uchun 1-2 yil vaqt kerak, deb o‘ylayman.
— Ammo, Li Kuan Yu ancha ter to‘kishga majbur bo‘lgan.
— Bizda o‘z tajribamiz bor. Oshkoralik yillari. Qolaversa, ichi qurigan daraxtning qurigan shoxlarini kesishga vaqt sarflamaslik kerak. Kuchni yangi ko‘chat ekishga sarflash kerak. Tezroq hosil beradi. Bugun juda ko‘p besamar sohalarga pul ketadi. Eski siyosat natijasi bu. To‘xtatib barini ish joyi yaratish va haq to‘lashga yo‘naltirish lozim.
— Tushunaman, iqtisodchi emassiz, lekin har holda ko‘pni ko‘rgan, sobiq deputatsiz. Savolim quyidagicha: Qozog‘iston va Rossiya neft orqali, Turkiya asosan turizm orqali iqtisodiyotni ko‘tarishga erishgan. O‘zbekistonning qanday salohiyati bor va nimalardan foydalanish zarur, deb hisoblaysiz?
— O‘zbekistonning yeri oltindan qimmat. Erkin dehqonchilik qilishga, agrosanoatni rivojlantirshga e’tibor qilish kerak. Meva — dollar. Quruq meva -oltin! Bu birinchidan. Ikkinchidan, mahalliy sanoatni ko‘tarish kerak. Juda kichik savol beraman: bugun o‘zbekistonliklarning bolalari va nevaralari necha million dollarlik o‘yinchoqlar va kiyim-kechak sotib oladilar? Uchinchidan, xalqqa ishonish kerak. Hukumatni keskin qisqartirib, xalq boshqaruviga o‘tish kerak. Va nihoyat, internet texnologiyasi. Bu turizmdan ham ko‘p daromad olib keladi.
— Jahon hamjamiyati, jumladan AQSh ham bugungi kunda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlaridan hayratlarini yashirib o‘tirishmayapti. Rostdan, ko‘pchilik kutmagandi-da… Siz bugungi Prezidentimizga qanday baho qo‘yardingiz?
— Hali baho qo‘yish erta, deb hisoblayman. AQSh ham, butun dunyo ham umid qilmoqda. Biz ham, xalqimiz ham umid qilmoqda. Hatto ishonmaganlar ham o‘zlarini umidvor qilib ko‘rsatishmoqda. Demak, juda go‘zal sharoit bor islohotlar uchun. Shavkat Mirziyoyevga omad tilayman. Xalqimizga ham.
— Oilaviy savol: farzandlaringiz orasida sizning yo‘lingizni davom ettirganlar bormi?
— Qizlarimdan biri jurnalistikani bitirdi. Ingliz tilida yozib ham turadi. Ammo kompyuter tasviri yo‘lidan ketdi. U ham ijod. Go‘zal suratlar chizadi, kompyuterda.
— O‘n yildan so‘ng mamlakatimiz qanday qiyofada bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
— O‘n yildan keyin O‘zbekiston dunyoning kuchli davlatlaridan biri bo‘lishini juda orzu qilaman. Buning uchun imkoniyatlari yetaridan ham ziyod. Mehnatkash, mehnatdan qochmaydigan, o‘z nonini qidirib topadigan kamsuqum xalqimiz bor. Uni kamsitmay, haqoratlamay, mehnatiga yetarli haq bersangiz, bas, bu xalq bilan O‘zbekistonni gullatib yuborish mumkin.
— Shu yerda yakun yasab qolamiz. Suhbat uchun tashakkur, Jahongir aka. Umid qilamizki, keyingi safar intervyuni birgalikda O‘zbekistondan turib uyushtiramiz!
— Sizlarga ham rahmat! Salomat bo‘linglar!
Suhbatni Temur Malik va Shukurjon Islomov uyushtirdi
Manba: fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi