20:25 / 09.02.2018
4 481

Sovchilik

Sovchilik
Hamma narsani oldindan rejalashtirib qo‘ydim, mahmadona do‘stim meni eng qo‘li gul sartaroshning oldiga boshlab bordi. Sartarosh sochimni qirqib, kaltalab, yuzlarimni uqalagani uchun arzimas xizmat haqi so‘radi. Keyin kumushrang to‘g‘nog‘ichli, och qizil rang qimmatbaho bo‘yinbog‘ sotib oldik. Bu ishlardan keyin ko‘zguga qarab, o‘zimni taniyolmadim, ro‘paramda umuman boshqa odam turardi. Men nafaqat ko‘rkamlashgandim, balki mutlaqo o‘zgarib ketgandim. Sochlarim jilolanib, yaltirar, yuzlarim qirmizi tusga kirgan, ohorlangan ko‘ylagim egnimga o‘tirgandi. Umrimda birinchi marta to‘g‘nog‘ichli bo‘yinbog‘ taqqanimdan, nazarimda, u sirg‘alib tushib ketadiganday tuyulaverdi. Ko‘zguga hayratlanib tikilganimni ko‘rgan sartarosh xandon otib kulgancha, “Sovchilikka ketyapsizmi?” deb so‘radi. Men unga bankda xizmat yuzasidan uchrashuvim borligini aytib, negadir besh tanga choychaqa uzatdim. Sartaroshning taajjublanganini ko‘rib, lavozimim yuqorilashi uchun haqqimga duo qilishini so‘radim. U darhol qo‘llarini ko‘targancha, duo qildi. O‘zimni noqulay his qilib, shoshilgancha ko‘chaga otildim.

Yuzimga urilgan sovuq havodan, terlab ketganimni his qildim. Taksida yuragimning dukillashini hamma eshitayotganday tuyulaverdi. Uning otasiga aytishni oldindan rejalashtirgan so‘zlarimdan faqatgina “Xayrli oqshom”, degan so‘z miyamda charx urardi. Eshik yoniga yaqinlashib, qo‘ng‘iroqni bosish uchun qo‘l uzatganimda, tizzalarim qaltirab ketdi. Oldinda meni hech qanday qo‘rqinchli voqea kutmayotganiga, faqatgina otasi bergan savollarga javob beraman, xolos, deb o‘zimni tinchlashtirishga harakat qildim. Eshikni o‘n bir yoshlardagi qorachadan kelgan, yoshiga nisbatan jiddiyroq ko‘rinadigan qizcha ochdi. Bo‘sag‘ada turgancha, boshdan-oyog‘imgacha razm soldi. “Otangiz uydami?” degan savolimga bosh irg‘agancha, eshikni katta ochib, mehmonxona tomon yo‘l boshladi. Bir muddat kamdan-kam hollarda oynasi ochiladigan, zax hidi anqib turgan mehmonxonada yolg‘iz qoldim. Derazalarga tutilgan qalin darparda quyosh botishi oldidan tushadigan qizg‘ish nurni to‘sib turar, ammo charog‘on qandil hamma joyga o‘zining serjilo nurini taratib turardi. Chiroq yorug‘ida devorga ilingan, moybo‘yoq yordamida chizilgan uzun eshkak eshayotgan ikki gondoler[1] tasvirlangan suratga tikildim. Ularning yuzi keng soyabonli shlyapa bilan to‘silgan edi. Ko‘m-ko‘k, zilol suv bag‘rida jigarrang gondola suzib borar, qirg‘oqdan ovro‘pacha uslubda qurilgan rang-barang uylar ko‘zga tashlanardi. O‘ngda nikoh ko‘ylagida o‘tirgan ayolning yelkasiga qo‘lini qo‘yib turgan erkakning va har xil yoshdagi bolalarning surati ilingan edi. Suratlardan birida bir qo‘li bilan ko‘ylagi etagini tutib, ikkinchi qo‘lini qadimgi Misr raqqossalari singari yuqoriga ko‘tarib turgan qizcha e’tiborimni tortdi. Bu qizcha Laylomikan, deb o‘ylanib qoldim.

Eshik ochilib, ostonada oyog‘iga shippak kiyib, burniga ko‘zoynak qo‘ndirgan Layloning otasi paydo bo‘ldi.

U miyig‘ida jilmaygancha, salomlashish uchun qo‘l cho‘zdi, qo‘llari muzdek ekan. Layloning otasi ro‘paramga o‘tirib, “Pardani ochaymi?” deb so‘radi. Men unga uzoq tikildim. Javob berishga majolim bo‘lmay, tilim tanglayimga yopishib qoldi. U Misrda bahor havosi sovuq kelganidan, uning tez-tez o‘zgarib turishidan shikoyat qildi. Men uning gaplarini bosh irg‘ab, tasdiqladim.

– Misrda haqiqiy bahor kuz oylarida boshlanadi, – gapida davom etdi u, – Kuzda namgarchilik kam bo‘ladi, bundan tashqari, bahorda garmsel esib turadi.

Men ham o‘z navbatida garmsel qum ko‘tarishini, bu esa ko‘z uchun o‘ta zararli ekanligini aytdim.

U o‘zini stul suyanchig‘iga tashlab, dildorlik qildi:

– Tashrifingizdan bag‘oyat mamnunman.

Yana jimlik cho‘kdi. U oyoqlarini chalishtirdi, shippagi silliq tuxumni eslatuvchi tovonidan sirg‘anib chiqib, barmoq uchlariga osilib qoldi. Ortga chekinishga yo‘l yo‘qligini ko‘rib, ko‘zlarimni olib qochgancha, bankda Laylo bilan birga ishlashim, uning qo‘lini so‘rab sovchilikka kelganimni aytdim. Ma’lumotim, maoshim, ota-onam haqida axborot berdim. Nutqimni tugatib, qo‘rqa-pisa unga tikildim. U boshini ko‘kragiga osiltirgancha o‘tirar, nazarimda birorta gapimni eshitmaganga o‘xshardi. Ammo u keskin bosh ko‘tarib, savolga tutdi:

- As-Said qishlog‘idanman, dedingizmi?

Men yana qishlog‘im nomini takrorladim.

– Demak, as-Said arablaridansiz?

– Ha.

– Balki Abdusattorbeyni tanirsiz?

Men unaqa odamni tanimasligimni, u esa Abdusattorbey maktab direktori ekanligini, uni hamma yaxshi tanishini aytdi. Layloning otasiga Qohirada o‘qiganligimni, bu yerga o‘qishni bitirgandan keyin kelganligim sababli Abdusattorbeyni tanimasligimni tushuntirdim. U mening javobimdan qoniqmaganligini bildirganday bosh chayqadi. Keyin patnisda limon sharbati solingan stakanlarni ko‘targancha, eshik yonida iymanib turgan qoracha qizga o‘girildi. Qiz qarshimga sharbatli stakanni qo‘yib, qanday kirgan bo‘lsa, shunday sirg‘alib chiqib ketdi. Layloning otasi meni sharbat ichishga taklif qildi, o‘z navbatida men ham odob yuzasidan uni sharbat ichishga undadim.

U oshqozoni og‘riyotganidan shikoyat qilib, sharbat ichishdan bosh tortdi. Sharbatni zo‘r-bazo‘r ho‘plar ekanman, u menday aqlli va oliyjanob inson qizining qo‘lini so‘rab kelganidan mamnunligini bildirdi. Yana gap orasida hozirgi zamonda yosh va aqlli yigitlar anqoning urug‘i ekanligini qistirib o‘tishni ham unutmadi. Keyin bir xippining[2] sartaroshxonaga borgani to‘g‘risidagi latifani boshladi. Uning latifadan maroqlanib kulayotganini ko‘rib, zo‘rma-zo‘raki tirjayib qo‘ydim. So‘ng o‘zim haqimda bildirgan samimiy fikrlaridan mamnunligimni, albatta, ishonchini oqlashga harakat qilishimni aytdim. U yana sekin gap boshladi:

– O‘g‘lim, rostini aytadigan bo‘lsam, hozirgi otalar qizlariga to‘liq erkinlik berib qo‘yishgan. Bizning davrimizda boshqachaydi. Ilgarilari ota kimni lozim topsa, qizini o‘shanga uzatar, qiz ham bunga ko‘nib ketaverardi. Hozir otalar qizining o‘qishiga ancha-muncha pul sarflashadi, ammo rohatini boshqalar ko‘radi. Qizlar kelgan sovchilarni qaytarib, o‘zlari ko‘ngil qo‘ygan odamga turmushga chiqishni istashadi, ota esa jim turishi kerak. Ammo bizning oilada eski udumlar saqlanib qolgan. Laylo boshqa qizlarga o‘xshamaydi, u, turgan gap, menga quloq soladi. Uni o‘zim tarbiyalaganman, qizimning nima deyishini yaxshi bilaman. Laylo ishga kirishni xohlaganda: “Senga biror narsa yetishmayaptimi?” deb so‘raganman. U hamma narsasi yetarli ekanligini aytdi. “Unda ishlab nima qilasan? Seni har ehtimolga qarshi o‘qitganman”, dedim. U esa: “Dada, o‘tinaman, ishlashimga ruxsat bering, hamma dugonalarim ishlayapti”, deb iltimos qildi. Qizimning yalinib-yolvorishiga yuragim dosh bermadi, ishlashiga ruxsat berdim.

– Ha, tushunaman, – dedim.

– Nima? – deb so‘radi u gaplarimni anglamay.

– Hamma gap shunda, deyman.

– Ha... Abdusattorbey men bilan pedagogika institutida birga o‘qigan. Darvoqe, siz uni tanimayman, dedingiz-a? Ammo bir narsani unutmang, men qizimga yomonlikni ravo ko‘rmayman.

– Iltimos, agar iloji bo‘lsa, bir narsani tushuntirsangiz...

– To‘g‘risini aytsam, Laylo siz haqingizda gapirib bergan. Shunday bo‘lsa ham surishtirib, ancha ma’lumotlar yig‘ib qo‘yganman... Ha, anchagina...

U shunday deb shimining cho‘ntagini kavlashtirdi. Nimagadir hozir cho‘ntagidan biror muhim hujjat chiqaradi, deb o‘yladim, ammo u dastro‘molini olib, yuzi va qo‘llarini artdi. Keyin menga o‘girilib:

– Pardani ochaymi? – deb qayta so‘radi.

U derazaga tikilgancha, so‘radi:

– Universitetda o‘qigan paytingizda amakingizning uyida turgansiz, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

– Hozir yolg‘iz yashaysizmi?

– Ha.

– Nega?

– Kechirasiz, savolingizni tushunmadim.

– Nimaga amakingizning uyida emas, yolg‘iz yashayapsiz?

– O‘qishni bitirdim, endi ularga ortiqcha yuk bo‘lishni istamayman.

– Rostdanmi? Balki amakingizning jahlini chiqargandirsiz?

– Yo‘q, hech qachon ularning jahlini chiqarmaganman.

– Bundan xursandman, agar xafa bo‘lmasangiz, biroz nozik savolim bor edi. Menga o‘z otangizga qaraganday qarayvering... Qishloqdagi yeringiz kimning nomiga xatlangan, onangizningmi yo otangizningmi?

– Sizga tushundirdim-ku, biz u darajada boy odamlar emasmiz. Ozgina yerimiz bor, xolos. Otam yerimizga o‘z qo‘llari bilan ishlov berib, dehqonchilik qiladi. Bilishimcha, yer otamning nomida.

– Men nimagadir yer onangizning nomida bo‘lsa kerak, deb o‘ylabman.

– Balkim. Qishloqda yashamaganligim bois bunga qiziqmabman.

– Men esa hamma narsani bilaman. Nega Qohirada otangizning qarindoshlarinikida yashamayapsiz?

Men lom-mim demay, patnis ustida turgan bo‘sh stakanni aylantirdim, keyin birdan xayolim joyiga qaytib, stakanni tinch qo‘ydim va sekingina:

– Buning nima ahamiyati bor? – deb so‘radim.

– Siz o‘ylaganingizdan ko‘ra muhimroq.

– Unda to‘g‘risini ayta qolay, otam aka-ukalari bilan urishib qolgan.

– Balki bu shunchaki urish emas, qarindosh-urug‘dan voz kechishdir? Sababini bilasizmi?

–Menimcha, meros tufayli janjal chiqqan.

U tirjayib qo‘ydi.

– Qanaqa meros? Gap boshqa yoqda, menimcha, siz menga bu haqda gapirishni istamayapsiz. Fikrimcha, siz aytayotgan janjal tug‘ilmasingizdan oldin ro‘y bergan. Otangiz sizga bu haqda gapirmagan bo‘lishi mumkin. Ammo tortinmay, rostini gapiravering, gap oramizda qoladi. Siz qizimga uylanmoqchisiz, men bor haqiqatni bilishim lozim.

– Men sizni aldaganim yo‘q.

– Ha, aldamadingiz. Lekin endi ayting-chi menga, nima uchun amakingiz xotini bilan ajrashdi?

– Sizningcha...

– To‘g‘risini ayting.

– Gapimga ishoning. Ont ichaman, sababini bilmayman. Amakim bu mavzuda gaplashishni istamasdi. Menimcha, gap o‘rtada farzand yo‘qligida bo‘lsa kerak.

– Ammo-lekin amakingiz xotini bilan o‘n yil yashagan-ku, garchi farzand ko‘rishmagan bo‘lsa-da!

– Ha, shunday.

– Ajrashganidan keyin ikkinchi marta uylanmadi. Shundaymi?

– Shunday.

– Unda sababi nimada?

– Ehtimol, boshqa sababi bo‘lgandir.

U ilkis menga engashib, qo‘limni mahkam changalladi. Seskanib ketdim, u esa yuzimga yuzi tegadigan darajada yaqinlashib, shivirladi:

– O‘zingizni go‘llikka solmang, eshitishimcha, amakingizning xotini bilan sizning o‘rtangizda ishqiy aloqa bo‘lgan!

– Yolg‘on!

– Baqirmang, men shunday bo‘lgan deyotganim yo‘q, eshitishimcha, deyapman.

– Bu gapni kim aytdi, sizga? Hammasi bo‘hton... jirkanch bo‘hton. Kim aytgan bo‘lsa ham yaramas odam ekan!

– Buni onangizning qarindoshlari aytdi.

– Ular sizga aytishdimi?

– Yo‘q, aynan menga aytishgani yo‘q, ammo men surishtirib bilib oldim. Kimdan bilganimni surishtirmay qo‘ya qoling. Biroq ular nega bunday deyishyapti?

– Ular nima deyishgani yetti uxlab tushimga ham kirganiga yo‘q.

– Amakingiznikiga borib turasizmi?

– Ba’zida.

– U-chi, siznikiga kelib turadimi? Umuman olganda, bu muhim emas. Ajrashganidan keyin amakingiz qishloqqa bordimi?

– Bilmadim, esimdan chiqib ketgan.

– Vaholanki, u har yili ta’tilga chiqqanda qishloqqa, sizlarnikiga borgan.

– Ha...

– Oxirgi marta qachon borgandi?

– Adashmasam, uch yil ilgari, universitetni bitirgan yilim borgandi.

– Demak, ajrashishidan sal oldin borgan. Undan keyin bormadimi?

Hayron bo‘lib, “Nimaga?” deb so‘radim. U sadafday yaltirab turgan tishlarini ko‘rsatib, iljaydi:

– Bu savolni men sizga berishim kerak.

Men so‘z qotmay, tepamda ilinib turgan gondola tasvirlangan suratga tikildim. U endi ko‘zimga g‘ira-shira ko‘rina boshladi. Peshanamga qo‘l yugurtirganimda, muzday ter chiqqanini angladim. Havo yetishmaganidan ko‘ylagim yoqasini bo‘shatishga harakat qildim, ammo mahkam qadalgan tugmalarni yechishga holim qolmaganidan bo‘yinbog‘imni bo‘shatdim. Suhbatdoshim jiddiy qiyofada o‘rnidan qo‘zg‘aldi:

– Ehtimol, pardalarni ochish kerakdir?

Men unga ko‘zlarimni mo‘ltillatib, iltijoli boqdim:

– Iltimos, ovora bo‘lmang. Menga hozir hamma narsadan ko‘ra sizning xulosangiz muhimroq.

– Menimcha, hammasi kunday ravshan.

– Meni aynitish uchun shuncha... shuncha g‘iybatlarni to‘qidingizmi?

U loqaydlik bilan qayta so‘radi:

– Yana qanaqa g‘iybat?

– Amakimning xotini haqidagi bema’ni mish-mishlarni aytyapman.

U yana men tomonga engashib, ilon kabi vishillab, tishlari orasidan shivirladi:

– Aybdorman... Ammo bu jumboqning tagiga yetishim lozim. Siz as-Said arablaridansiz, bizning a’nanalarni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilasiz.

– Qanaqa an’ana haqida gapiryapsiz? Iltimos, kosa tagida nim kosa qilmay, aniqroq tushuntiring.

– Yaratganning o‘zi kechirsin, bilishimcha, ota tomondan qarindoshlaringiz ichidan bittagina amakingiz otangiz bilan bordi-keldi qiladi, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

– Ehtimol, qondoshlik rishtalarini uzmaslik maqsadida bo‘lsa kerak. Aytaylik, otangiz merosni havoga sovurgani uchun qarindoshlari undan yuz o‘girgan, faqatgina amakingiz aloqani uzmagan. Unga boshqalarning fikri ahamiyatsiz bo‘lgani uchun otangiz bilan ko‘rishib turadi. Ammo unda otangizni o‘ldirish fikri ham bo‘lishi mumkin.

O‘zimni kulgidan to‘xtatolmadim, boshimni orqaga tashlab kularkanman, yana ko‘zim gondolerlar tasvirlangan suratdagi nayzaga o‘xshab dikkayib turgan eshkakka tushdi. Qariya baland ovozda so‘zida davom etdi:

– Bilmadim, balki siz rostdan ham bundan bexabardirsiz yoki yolg‘ondan o‘zingizni go‘llikka solyapsizmi? Otangizning qarindoshlari o‘sha amakingizning uyiga borib, otangizning merosni jig‘ildoniga urganini kechirishlari mumkinligini, ammo amakingizning xotini bilan don olishganingizni kechirmasliklarini, buning yagona yo‘li xotinining talog‘ini berish, yo‘qsa sizni o‘ldirishlarini aytishgan.

– Hammasi bo‘lmag‘ur safsata. Bu tuhmatni sha’nimni bulg‘ash uchun qandaydir razil odam o‘ylab topgan.

– Bo‘lishi mumkin, ammo menga bu gaplarning yolg‘onligini qanday isbotlaysiz?

– Sizga gapimni isbotlash uchun minglab dalil keltirishim mumkin. Aytayapman-ku, hammasi yolg‘on deb, men pastkash emasman. Amakimning xotini bilan don olishish xayolimga ham kelmagan. Uni men onamdek ko‘rganman.

– Xo‘p, sizning gaplaringizga ishondim, deylik, ammo yana mish-mishlar bolalamasligiga kafolat berolasizmi?

– Men bu haqda sizdan eshitib turibman.

– Bu gaplarni eshitmaganligingiz dalil-isbot bo‘lolmaydi. So‘zlaringizning rostligini qanday isbotlaysiz?

– Ont ichaman...

– Juda soz, o‘zingiz amakim bu mavzuda gapirishni yoqtirmasdi, dedingiz, shundaymi?

– Ha, shunday.

– To‘g‘ri, bu mavzuda siz bilan qanday gaplashishi mumkin edi? Onangizning aka-ukalari, farzandlari bilan aloqangiz qanday, menimcha, ularni tanimasangiz ham kerak, to‘g‘rimi?

– Ha.

– Ulardan ham hech nima eshitmagan bo‘lsangiz kerak-a?

– Demak, ular ham meni o‘ldirishmoqchi bo‘lgan, shunday demoqchimisiz?

– Bilmadim, buni surishtirganim yo‘q. Sizningcha, bularning hammasini sizni qizimdan aynitish uchun o‘ylab topganman, to‘g‘rimi?

– Ochiqroq gapiring, maqsadingizni tushunmayapman.

– Bularning hammasi achchiq haqiqat, amakingizning xotini bilan bo‘lgan aloqangizning menga ahamiyati yo‘q. Ammo ularning ajrashib ketgani va sizni o‘ldirishga po‘pisa qilishgani rost. Yolg‘on bo‘lsa, yolg‘onligini isbotlang.

– Albatta, isbotlayman. Agarda... agarda bu mish-mishni hamma eshitganda, albatta, meniyam qulog‘imga chalingan bo‘lardi. Sizningcha, qarindoshlarim shu bahona-sababdan foydalanib, otamning va mening yuzimga qora chaplamoqchi bo‘lishgan.

– Bu bilan o‘zlarining nomini ham bulg‘amoqchi bo‘lishgan demoqchimisiz? E, yo‘q, ular yopiqliq qozon yopiqligicha qolishini istashgan.

– Bo‘lmasa shuncha gapni qayerdan eshitdingiz? Yo Abdusattorbey yetkazdimi?

U istehzoli jilmaydi.

– Sizningcha, shunday obro‘li odam bo‘lmag‘ur mayda-chuyda gaplarga aralashadimi?

– Unda qayerdan eshitdingiz?

– Bu mening shaxsiy ishim, bu gaplar tashqariga chiqmay, oramizda qoladi, deb o‘ylayman.

– Nega endi shuncha gap oramizda qolarkan? Hamma eshitsin!

– Sekinroq gapiring, hech kimga yomonlik qilish niyatim yo‘q.

– Nimaga sekinroq gapirishim kerak ekan? Axir o‘zingiz bu iflos gaplarni Laylo eshitishini xohlayapsiz-ku! Agar maqsadingiz uni mendan aynitish bo‘lsa, sizga yordam beraman. Hozir hammasini ro‘y-rost gapirib beraman. Amakimning xotinimish, balki onamning singlisidir? Balki buvimdir? Ha-ha-ha!

U meni tinchlantirish uchun sakrab o‘rnidan turib, yelkamdan silkitdi:

– Bu nima jinnilik? Axir uyimda mehmonsiz, o‘zingizni tuting, erkak bo‘ling! Agar o‘zingizni telbalarcha tutmaganingizda oramizda bunday gaplar bo‘lmasdi!

– Ketishimni istayapsizmi?

– Yo‘q, sabr qiling, so‘zlarimni oxirigacha tinglang. Suv olib kelaymi?

– Rahmat, kerak emas.

– Sizga shuncha gapni yetkazganimdan afsusdaman. Ammo ishoning, bu gaplardan xabaringiz bor, deb o‘ylabman.

– Ularni eshitgunimcha juda baxtli edim.

U ro‘paramga o‘tirib, qo‘llarini qovushtirgancha, lom-mim demay tikildi.

– Aytgan gaplarim uchun uzr, – dedim kechirim so‘rab.

U qo‘lini siltab, tilga kirdi:

– His-tuyg‘ularingizni hurmat qilaman.

– Rahmat, ijozat bersangiz, endi ketay, – dedim o‘rnimdan qo‘zg‘alib.

U sakrab turib, yelkamdan bosdi.

– Yo‘q, o‘tiring joyingizga, hali suhbatimiz tugamadi.

– Sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, menday nomiga dog‘ tushgan inson sizga kuyovlikka munosib emas. Sizning birorta gapingiz yolg‘onligini isbotlash uchun dalilim yo‘q.

– Men sizning sha’ningizga dog‘ tushgan, deganim yo‘q. Aytaylik, siz nohaq bo‘htonlar qurbonisiz.

– Axir ikkalasi bir narsa emasmi?

– Keyin kuyovlikka nomunosibsan, deganim ham yo‘q.

– Unda shuncha gapning nima keragi boriydi?

– Meni to‘g‘ri tushunishingizni istayman, Layloning xohishi men uchun hamma narsadan ustun.

– Nega unda ochiq gapirmaysiz?

– Unda haqiqatni gapirishga izn bering. Hozir bankda o‘tirgan lavozimingizdagi inson uchun obro‘-e’tibor hamma narsadan ustun bo‘lishi lozim.

– Yana shama qilishni boshladingizmi? Bunga ortiq chidolmayman, ochiq gapiravering, endi menga baribir...

– Iltifot ko‘rsatsangiz, gapimni tugatib olsam.

– Sovchilikka ishimning nima aloqasi bor? Xudoga shukur, ishda izzat-hurmatim joyida. Agar kamomadni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, meni oqlashdi. Prokuror aybim yo‘qligini bilib, ishni yopdi, shunchaki ogohlantirish berdi.

– Ont ichaman, bu haqda eshitmaganman, men umuman boshqa narsa haqida gapirdim.

– Yetar, bas! Hazil-mazaxlaringiz jonimga tegdi! Bularning hammasi ataylab uyushtirilgan, ular mening soddaligimdan foydalanib, noqonuniy hujjatlarga imzo chekdirishgan. Prokuror hammasini aniqladi. Agar rostdan ham kamomadga yo‘l qo‘yganimda, hozir qarshingizda emas, qamoqxonada o‘tirgan bo‘lardim! Bu holatimni prokuror xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, deb atadi. Eshityapsizmi?

– Ha... ha, eshityapman...

– Men o‘g‘ri emasman!

– Sizni o‘g‘rilikdan ayblash fikridan yiroqman, nega yig‘layapsiz?

– Yig‘lash xayolimga ham kelgani yo‘q, shunchaki terlab ketdim.

– Unda nimaga pardani ochay desam, rozi bo‘lmayapsiz?

U o‘rnidan qo‘zg‘alib, deraza tomonga yurdi, ko‘z oldim xiralashib, cholni g‘ira-shira tuman orasida ko‘rdim. Tepamdagi suratda ham faqatgina barkashday qizil va sariq dog‘ ko‘zga tashlandi.

– Men pardani ochmang, deganim yo‘q, menga baribir, dedim. Bir narsani bilishni xohlardim: mendan nima istaysiz o‘zi? – dedim g‘o‘ldirab.

U cho‘ntagidan dastro‘mol chiqarib, qaltiragancha menga uzatdi.

– Rahmat, o‘zimda dastro‘mol bor.

Jon-jahdim bilan yuzimni artdim, sal o‘zimga kelgach, xonada yolg‘iz o‘tirganimni sezdim. Qariyadan nom-nishon yo‘q edi, ammo tepamda gondolerlar aks etgan surat ilingancha turardi. Bir necha lahzadan keyin u qo‘lida suv solingan stakanni tutgancha paydo bo‘ldi. Ro‘paramga kelib o‘tirganda, ajindor peshanasini ter bosib, yuzi oqarib ketganini ko‘rdim. Ikkalamiz bir muddat jim qoldik. Keyin g‘alati, bo‘g‘iq ovozda gap boshladim:

– Menimcha, bu Venetsiya qayig‘i bo‘lsa kerak.

– Nima? Nima dedingiz?

Suratga imo qilib, gapimni takrorladim:

– Suratda... menimcha, Venetsiya qayig‘i aks etgan. Aytmoqchimanki, Venetsiyadagina shunaqa qayiqda suzishadi. Rasmda esa qishloq joy tasvirlangan, bu xato.

U o‘rnidan qo‘zg‘almay, butun gavdasi bilan orqaga o‘girilib, suratni ilk marotaba ko‘rayotganday tikildi. So‘ng yana burilib, menga qarab:

– Ha, siz haqsiz, ko‘rinishingizdan san’atni yaxshi tushunadigan yigitga o‘xshaysiz, – dedi.

– Yo‘q, buni maktabda o‘qib yurgan kezlarimda tarix darsida o‘tgandik.

– Men ham maktabda tarixni o‘qigan bo‘lsam-da, xatoni payqamabman.

Keyin u kutilmaganda birdan to‘rsilladi:

– Menga qarang, axir Laylo sizni sevadi-ku!

– Men ham uni... shuning uchun sovchilikka keldim, axir.

– Endi o‘zingizni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘ring, agar Layloning otasi bo‘lganingizda, rozi bo‘larmidingiz?

– Shuni ilgariroq aytsangiz ham bo‘lardi, uzr, endi hech qachon sizni ham, Layloni ham bezovta qilmayman. Unga otang ko‘nmadi, deb aytaman.

Qariya yana engashib, tez aytish aytayotganday bidirladi:

– Yo‘q, yo‘q, men aynan shu narsani xohlamayman, bu gapni unga aytmang.

– Bo‘lmasa, mendan nima istaysiz?

– Keling, o‘zingiz taklif qilganday ochiqchasiga gaplashaylik... Siz haqingizda har xil mish-mishlar bolalagan. O‘zingiz ham bu yoqimsiz gaplarning birovlarning qulog‘iga yetmay, sirligicha qolishini istasangiz kerak?

– To‘g‘ri.

– Agar bu gaplar rahbaringizning yoki do‘stlaringizning qulog‘iga chalinsa, o‘zingizga yomon bo‘ladi. Agar Laylo bilsa, tamom bo‘ldim, deyavering.

– Xo‘sh, nima qilishim kerak?

– Shaxsan o‘zim bu haqda birovga lom-mim demayman, ont ichaman. Ammo menga yordamingiz kerak.

– Yordam? Sizga qanday yordamim tegishi mumkin? Qo‘limdan kelsa, bajonidil.

– Ustimdan kulmang, iltimos. Haqiqatan ham yordamingizga muhtojman, agar Layloga otang ko‘nmadi, desangiz, u sizni battar yaxshi ko‘rib qoladi, buni yaxshi bilaman. Keyin meni ko‘rishga ko‘zi qolmaydi, men esa bor haqiqatni aytishga majbur bo‘laman.

– Tushunarli, demak unga senga uylanish fikridan qaytdim, deyishim lozim.

– Yo‘q, qizimga mening roziligimni, faqat o‘ylab ko‘rish uchun biror hafta muddat so‘raganligimni yetkazing.

– Ortiqcha bosh og‘riqning nima keragi bor?

– Buni o‘zingiz yaxshi tushunasiz, deb o‘ylayman, bankda Laylodan boshqa qizlar ham ishlasa kerak? Axir siz bu ishlarga ustasi farangsiz-ku! – dedi u hiringlagancha og‘zini berkitib.

– Men boshqa qizlar bilan...

U qo‘l siltadi:

– Layloni uylanish fikridan voz kechganligingizga ishontirish uchun ming mitta bahona o‘ylab topish qo‘lingizdan keladi. Hozircha buni qo‘ya turaylik, siz bankda bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Abdulfattohni yaxshi bilsangiz kerak?

– Ha, uni yaxshi taniyman, ammo bu yerga uning nima aloqasi bor?

– Hech qanday aloqasi yo‘q, u mening eski og‘aynilarimdan biri, aynan u Layloni bankka ishga olgan. Yaqinda u Geliopolisda[3] bank filialini ochmoqchi, u yerga boshqaruvchi kerak. Siz hozir qaysi lavozimda ishlayapsiz? O‘zi bu sohada necha yildan beri ishlaysiz?

– Gapingizni bo‘lganim uchun uzr. Nima, meni sotib olmoqchimisiz? Laylodan voz kechishim evaziga amalimni oshirmoqchimisiz?

Qariyaning tili kalimaga kelmay, bir muddat tosh qotdi.

– Sizni sotib olish niyatim yo‘q. Faqat sendan ugina, mendan bugina deganday, shu... Laylo bilan bir joyda ishlamasangiz, degandim. Nima yangi filialda ishlashni istamaysizmi?

– Nega endi?

– Hozirgina o‘zingiz xizmat bobida nomimga dog‘ tushmagan, dedingiz. Bu sizga ishonch bildirish imkoniyatini beradi.

– Ovora bo‘lmang, menga hech nima kerak emas.

– Ovora bo‘layotganim yo‘q, sizni o‘zingiz bergan va’dangizni bajarmayapsiz. O‘ylaganimdan ko‘ra xavfli odam ekansiz.

– Qanaqa va’da haqida gapiryapsiz? Kechirasiz-u, do‘q-po‘pisalarimdan qo‘rqadi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Laylo ikkalamiz bir-birimizni sevamiz. Men unga hammasini ro‘y-rost gapirib beraman, u, albatta, meni tushunishiga ishonchim komil.

Qariya ko‘zlarini yumib, stul suyanchig‘iga bosh qo‘ydi. U ajin bosgan, terdan yaltiragan peshanasini qo‘li bilan artib, istehzoli jilmaygancha, bosh chayqadi.

– Ha, qo‘lingizdan bunday ish kelishiga ishonaman. Hayotda aqlga bo‘ysunmagan insonlarning ko‘pini ko‘rdim, hozir ular bir chaqaga qimmat odamga aylanishgan. Shuni jasurlik deb hisoblayapsizmi? Yomon oqibatlarga olib keluvchi voqealarni oldindan anglab, ularni daf etishni jo‘mardlik, deb hisoblayman.

– Oqibatlarni ko‘rib turibman, ularni daf etishga tayyorman.

– Yo‘q, hech baloni ko‘rayotganingiz yo‘q.

– Rahbarlarim oldida meni sharmanda qilishingiz mumkinligini yaxshi bilaman. Balki ishimni boshqa joyga ko‘chirtirarsiz, Layloni mendan sovitarsiz, nima qilsangiz, qilavering, ammo nega bunga qarindoshlarimni aralashtirasiz?

– Axir siz qizimning kelajagini barbod qilyapsiz. U mening qizim, jigarbandim, shu haqda o‘ylab ko‘rsangiz bo‘lardi. Aytganday, amakingiz o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganidan xabaringiz bormi?

– Yetar, bas qiling!

– Xotinidan ajrashgandan keyin joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo bundan qarindoshlaringizning xabari yo‘q.

– Mendan nima istaysiz?

– Amakingizni og‘ir ahvolda kasalxonaga eltishgan...

– Xudo haqqi, bas qiling! Hamma shartingizga roziman, faqat qiynamang!

– Ko‘zimga aqlli yigit bo‘lib ko‘ringandingiz. O‘tiring, qayoqqa ketyapsiz? Peshanangizdagi terni artib oling, ko‘chaga chiqsangiz, shamollab qolishingiz mumkin.

Qariyaning gapiga kirib, peshanamdagi terni sidirgancha ko‘chaga chiqdim. Zinapoyadan tushayotganda nimagadir qoqilib ketib, yuztuban yiqildim. Shoshilib o‘rnimdan turgancha, kostyumim changini qoqdim. O‘zimga kelish uchun bir muddat eshikning katta, mis tutqichini ushlab turdim. Tashqariga chiqqanimda, qosh qorayib qolgan ekan. Havo salqin, etni junjiktiruvchi shamol esib turibdi. Ko‘chadan o‘tayotgan, chiroqlari miltirayotgan mashinalar oqimi kamaygach, ko‘chaning narigi betiga o‘tdim. U yerda ko‘zgulari ko‘p bo‘lgan sartarashxona bor. Ko‘zgulardan biriga qaradim. Qoshimning usti shilinibdi, paypaslab ko‘rdim, kiyimlarim chang, bir ahvolda. Meni kuzatib o‘tirgan sartaroshning nigohlari bilan ko‘zlarim to‘qnashdi. Sartarosh menga jarohatimni artish uchun paxta uzatdi va negadir kulimsirab qo‘ydi. Men unga javob bermay, sartaroshxonadan chiqib, yana ko‘chaning narigi yuziga o‘tdim. Eshik yoniga kelib, kiyimlarim changini qoqib, yana zinapoyadan yuqoriga ko‘tarildim.
Baho TOHIR (Misr)
Rus tilidan Lola Shoimova tarjimasi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sovchilik