AQSH rasmiylari Xitoydan qaytishda barcha sovgʻa va gadjetlarni topshirishga majbur boʻldi

AQSH prezidenti Donald Tramp va delegatsiya aʼzolari Pekindagi ikki kunlik yuqori darajadagi muzokaralardan soʻng ortga qaytishdi. Air Force One samolyotiga chiqishdan oldin Oq uy xodimlari va jurnalistlar Xitoyda olingan barcha buyumlarni, jumladan, maxsus aloqa vositalari, nishonlar va esdalik sovgʻalarini topshirishga majbur boʻlishdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Oq uy matbuot xizmati vakillarining maʼlum qilishicha, samolyot zinapoyasi oldida maxsus quti oʻrnatilgan boʻlib, barcha tashrif buyuruvchilar oʻzlari bilan olgan Xitoy mahsulotlarini u yerga tashlashgan. New York Post muxbiri Emili Gudin X ijtimoiy tarmogʻida "Xitoydan kelgan hech narsani samolyotga olib chiqishga ruxsat berilmadi", deb yozdi.
Tashrif davomida Apple bosh direktori Tim Cook va NVIDIA rahbari Jensen Huang kabi nufuzli shaxslar ham Xitoy tomonidan berilgan nishonlarni taqib yurishgan edi. Biroq, xavfsizlik nuqtai nazaridan bu buyumlarning barchasi musodara qilindi. Mutaxassislarning fikricha, Xitoy razvedka xizmatlari sovgʻalar orqali kuzatuv qurilmalarini joylashtirgan boʻlishi mumkin.
Shuningdek, safar davomida foydalanilgan "burner phones" deb ataluvchi bir martalik telefonlar ham xavfsizlik protokollariga koʻra yoʻq qilindi. Bunday qurilmalar kiberhujumlar xavfi yuqori boʻlgan hududlarda maxfiy maʼlumotlarni himoya qilish uchun ishlatiladi. Oq uy ushbu holat yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!