22:30 / 09.03.2018
5 572

O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!

O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!
90-yillardagi o‘zbek to‘yi. Karikatura.
Foto: “Erkak.uz”

Yoshi katta insonlarning aytishlaricha, 1950—1960-yillarda respublikamizning ko‘p joylarida bo‘lgani kabi tumanimiz qishloqlarida ham insonlarning uylarida hojatxona bo‘lmagan ekan. O‘sha paytdagi hokim majlislarda mahalla raislariga “Odamlarga aytinglar, kap-katta odamlar hojatlarini ochiq joylarda qilib yurmasinlar. Uyat buladi. Bu o‘zbeklarga yarashmaydi” deb aytibdi.

Odamlar esa bunga parvo ham qilishmabdi. Shunda tuman hokimi “Kimning uyida hojatxonasi bo‘lmasa, unga qarshi falon-falon choralar ko‘riladi” deb ogohlantiribdi-da, keyin shaxsan o‘zi xonadonlarga birma-bir kirib tekshiruv o‘tkaza boshlabdi. Qarabsizki, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan tumandagi barcha xonadonlar o‘zlariga hojatxona qurib olishibdi. Tumanimiz qishloqlariga hojatxonalarning “kirib kelishi” mana shunday yuz bergan ekan...

Chet ellik bir guruh turistlar bilan Buxoroga sayohatga bordik. Shahar obidalarining go‘zalligini, insonlarining mehmondo‘stligini ta’riflash shart emas. Tabiiyki, turistlarimiz xursandchilikdan osmonlarda uchib yurar edi. Sayohat davomida turistlarimiz programmaga kiritilmagan bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning tug‘ilgan qishlog‘i Afshonani ko‘rsak bo‘ladimi deb qolishdi. Bajonidil rozi bo‘ldik, lekin o‘zi shundoq ham kam qolgan vaqtimizni yanada tejashga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin Ark sayohatidan chiqib, Navoiyga yo‘l oladigan bo‘ldik.

Arkni tomosha qilgach, mehmonxonaga borishga vaqtimiz bo‘lmagani sababli turistlar Ark binosida hojatxonaga kirishga ruxsat so‘radilar. Ularni hojatxonaga olib bordimu, uning ahvolini ko‘rib, hayratdan qotib qoldim. Ko‘pchilik gap nimadaligini tushunib bo‘ldi deb o‘ylayman. “Boshqa hojatxona yo‘qmi?” desam, shu yerdagi mas’ullar “Shahar ma’muriyatiga necha marta aytdik, lekin ular muammoni hal qilay demaydi” deb nolishdi. Turistlarimizning yarmi hojatxonaning hidiga chiday olmay to‘g‘ri avtobusga qarab yo‘l oldilar. Qolgan yarmi esa burunlarini yopib u yerga kirib chiqdilar-da, “Buxoro sayohati bu tariqa tugayotgani yaxshi bo‘lmadi” dedilar. Ular ketgach, hojatxonaga qarovchi kishi menga “Hojatxona pulli edi. Bularning xafaligini ko‘rib, pul so‘rashga xijolat bo‘layapman” dedi...

Yashirmayman, yoshligimda “uylansam to‘yimni falonday va falonday qilib o‘tkazaman. To‘yimda falonchilar xizmat qiladi va hokazo...” deb orzu qilganman. To‘y mahali orzularimni sharoitga moslashtirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham to‘yimizning dabdabasi-yu dahmazasiga ketkazgan xarajatlarimiz kam bo‘lgani yo‘q. Oradan yillar o‘tib endi “bizga shuncha dabdaba kerakmidi?” deb o‘ylab qolaman. Javobi: albatta kerak emas edi. Lekin shularni qilmasak bo‘lmasdi. Nima uchun?

Nima uchunligi ijtimoiy tahlilda ayon bo‘ladi. Bizning jamiyatimizning faoliyati hindu qabilalaridagiga o‘xshab “oldi-berdi”, “ko‘z-ko‘z” va “salom-alik”lar asosiga qurilgan. O‘zgalarning to‘ylarida non-tuz yedikmi, o‘zgalar ham bizning to‘ylarimizda non-tuz yeyishi kerak. Biz ularning to‘ylarida hadya berdikmi, ular ham bizning to‘yimizda hadyani qaytarishlari kerak. Ular o‘z to‘ylarida “ko‘z-ko‘z” qilib limuzin olib keldilarmi, biz ham ulardan o‘tkazib to‘yimizga limuzinlar karvonini olib kelishimiz shart. Bizning boshqalardan zo‘rligimiz emas, balki o‘zgalar bizni “zo‘r ekan” deb o‘ylashlari muhim. To‘y odamlarga o‘zimizning tanish-bilishlarimiz qanchalik ko‘pligini ko‘rsatib qo‘yish imkoniyatidir. To‘yimizga prokuror, shahar hokimi, vazirlikda ishlaydigan falonchi insonlar kelsa, odamlar biz bilan o‘ylab muomala qiladigan bo‘ladi deb ishonamiz. Prokuror bizni shaxsan tanishi ham shart emas. Birovlarga qo‘shilib to‘yimizga kelib, bir piyola choy ichib ketsa bo‘ldi.

Mana shu “kimoshdi” urf-odat tufayli poytaxtimizda bitta to‘yga bir emas, bir nechta artist keladigan bo‘ldi. Hozir O‘zbekistonda 5000 emas, 50 000 artist bo‘lsa ham barchasiga to‘y topiladi. Oldinlari kelin to‘ydan keyin qaynona-qaynotaning uyiga kelgan bo‘lsa, hozir kelin-kuyov to‘ydan keyin yangi kvartiraga borishlari majburiydir. Oldin kundalik hayot uchun zarur shkaf, sandiq va bir-ikkita mebelcha qilingan bo‘lsa, hozir odamlar ko‘rib qo‘yishlari uchun Fransiya qirollari ham orzu qilmagan shohona mebellar sotib olinadi.

Poytaxt o‘z nomi bilan poytaxt. Ya’ni Toshkent viloyatlarga o‘rnak. Bugun Toshkentda urf bo‘lgan odatlar ertaga viloyatlarga yoyiladi. Natijada to‘ylarimizni aql-bovar qilmas xarajatlar bilan qilinadigan ahmoqona udumlar ko‘rinishiga olib keldik. Bizning to‘ylarni cho‘ntagida 10 so‘m puli bor odam 1000 so‘m qarz olib, mingta odamni restoranga taklif qilishiga o‘xshatish mumkin.

...Ko‘pni ko‘rgan jurnalist akamiz Maqsud Jonixonov bir vaqtlar “Facebook” tarmog‘ida turmush qurganlaridan keyin mebel-matohlar sababli boshi urush-janjaldan chiqmay qolgan bir oila haqida kuyunib post yozgan edi. Maqsud aka bor-yo‘g‘i birgina misolni keltirdi xolos. Siz istagan bir o‘zbekni to‘xtatib so‘rang, u bundan ham battar misollarning bir nechtasini aytib beradi.

To‘y aslida o‘zbekning oilasidagi baxt timsoli bo‘lishi kerak emasmidi? Kitoblarda yozilishiga ko‘ra — ha. Ammo biz o‘zimiz yaratib olgan dabdabalarning orqasidan quvishimiz natijasida to‘ylarimizni baxtsizlik va halovatsiz hayot ramziga aylantirib yuborayapmiz. Buni zudlik bilan o‘zimiz to‘xtatishimiz kerak. Agar o‘zimiz to‘xtata olmaydigan bo‘lsak, buni hokimlarimiz, davlat rahbarlari to‘xtatishlari shart.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!