11:48 / 21.09.2018
7 364

Inqiloblarni daholar oʻylab topadi, uni “banditlar” amalga oshiradi

Инқилобларни даҳолар ўйлаб топади, уни "бандитлар" амалга оширади
Har qanday davlat muayyan qonunlar doirasida faoliyat yuritadi. Qonunlarning asosiysi, tabiiyki, Konstitutsiyadir. Konstitutsiya har bir jamiyatning mafkurasi, qadriyati va madaniy-tarixiy taraqqiyotini aks ettiradi. Gerb, Bayroq va Madhiya singari Konstitutsiya ham har bir mamlakatning ramzidir. Agar insonlarning boshiga ogʻir ish tushgudek boʻlsa, unga “vijdoninga qarab ish koʻr” deyishadi. Bu kabi holat biror bir mamlakatda kuzatilgudek boʻlsa, u holda bu mamlakatning Konstitutsiyasi yordamga keladi. Konstitutsiya ham toʻgʻri, ham koʻchma maʼnoda har bir davlatning vijdonidir.

Konstitutsiya (lotincha constitutio — qurilma, oʻrnatish) — davlatning asosiy qonuni, alohida normativ huquqiy akti boʻlib oliy yuridik kuchga ega. Konstitutsiya davlatning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy asosini belgilab beradi. Konstitutsiya referendum oʻtkazish orqali yoki parlament tomonidlan qabul qilinadi. Taxlilchilarning fikricha, tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarni shakllantirgani bois ham Konstitutsiyani davlat va fuqarolar oʻrtasidagi shartnoma deyish mumkin.

Konstitutsiya davlat qurilishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini oʻzida jamlagani, barqarorlikni taʼminlagani bois ham boshqa qonuniy hujjatlardan alohida ajralib turadi. Bugungi kunda jahoning 200ta davlatida Konstitutsiya mavjud. Lekin hamma davlatlarda ham “Konstitutsiya” deb nomlangan hujjat yoʻq. Bu borada Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Saudiya Arabistoni va Isroil kabi davlatlarni misol sifatida keltirish mumkin. Bu mamlakatlarda Konstitutsiya vazifasini ayrim qonunlar, sud qarorlari bajaradi.

Konstitutsiya har bir jamiyatning maqsadlarini namoyon etadi. Eng qadimiy va shu bilan birga hozir ham amalda boʻlgan konstitutsiya San-Marinoning asosiy qonuni hisoblanadi. Bu hujjat 1600 yilda qabul qilingan. Ammo Asosiy qonunga 1300 yilda qabul qilingan shahar nizomi oʻzak boʻlgani aytiladi. Shuningdek, 1529 yilda qabul qilingan Litva Buyuk Knyazligi Statuti ham ilk konstitutsiyalardan biri ekani tan olinadi. Zamonaviy koʻrinishdagi birinchi Konstitutsiya 1787 yilda AQSHda qabul qilingan. Yevropadagi ilk Konstitutsiya Polshada 1791 yil 3 mayda qabul qilingan Asosiy Qonun hisoblanadi. Oʻsha yilning sentyabrida Fransiyada ham Konstitutsiya qabul qilingan. Biroq bu konstutsiyalar uzoq yashamadi. Polshaning boʻlinib ketishi va Fransiyadagi inqiloblar bu ikki mamlakat konstitutsiyalarining faoliyatiga barham berdi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, internet xabarlarida u yoki bu mamlakatda “Konstitutsiya faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani” toʻgʻrisida xabarlar tarqatiladi. Taxlilchilarning fikricha inqiloblar, harbiy toʻntarishlar tufayli mamlakatlarda konstitutsiyalarining amal qilishi toʻxtatiladi. Insoniyat tarixida hokimiyatni kuch bilan egallab olishga qaratilgan “inqilob”, “davlat toʻnatirishi”, “harbiy toʻntarish” kabi koʻplab iboralar yaratilgan. Inqilobga baho berganlarning fikricha, “inqilob – bu yomon hukmdorni yoʻq qilib, undan ham yomon hukmdorga ega boʻlish uchun muvaffaqiyatli intilishdir”. Yaqin-yaqindan boshlab “rangli inqilob” atamasi paydo boʻldi. Toʻgʻrirogʻi, tahlilchilarning fikricha, rangli inqilob iborasi hukumatlarga qarshi ruxiy xujumlarni anglatadi. Xokimiyatni kuch bilan egallashga urinish bilan bogʻliq voqealar koʻpayib ketganidan ishlatilayotgan iboralarda chalkashliklar koʻzga tashlanmoqda.

Inqilob va davlat toʻnatirishi bir-biri bilan goʻyo qorishib ketgandek tuyulmoqda. Maʼlumki, qaysi bir mamlakatda inqilob yuz bergudek boʻlsa, oʻsha mamlakatda davlat tuzumi oʻzgaradi. Davlat toʻntarishi esa bir guruh odamlar tomonidan xokimiyatni egallab olish demakdir. Iqtisodiy muammolar, ishsizlik va korrupsiya rangli inqiloblarni keltirib chiqardi, degan gaplarga toʻla qoʻshilib boʻlmaydi. Bu borada oʻz manfaatlarini hamma narsadan yuqori qoʻygan tashqi kuchlarning taʼsiri koʻproq boʻladi, deyish toʻgʻriroq.

Rangli inqiloblar ijtimoiy koʻrinish emas, balki siyosiy buyurtma degan gaplarda ham jon bordek. Chunki xokimiyat oʻzgargani bilan jamiyat hayotida deyarli oʻzgarish kuzatilmayapti. Tahlilchilar bir ovozdan rangli inqiloblar tashqi kuchlarning yordami bilan amalga oshirilishini aytib kelishadi. Bunda koʻpincha saylovlardan foydalaniladi. Ovozlarni hisoblab chiqishda soxtagarchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aytiladi va muxolifat oʻz tarafdorlarini koʻchaga olib chiqadi.

Soʻnggi vaqtlarda jaxonda kuzatilayotgan rangli inqiloblar haqida koʻp yozildi va yana koʻp yoziladi. Rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlardagi vaziyat tahlil qilinadigan boʻlsa, odamlarning turmush tarzi yaxshilanish oʻrniga battar yomonlashgani, mamlakatlar turli boʻlaklarga boʻlingan xolda mahalliy klanlar tomonidan boshqarilayotganini, millatchilik va shovinizm avjiga chiqqanini koʻramiz. Xokimiyatni qoʻlga kiritgan muxolifat vakillari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar ham mamlakat parokonda boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Inqiloblar “demokratiya biz uchun hamma narsa” shiori bilan boshlanadi. Bunda qashshoqlik, ocharchilik koʻzga koʻrinmaydi. Goʻyoki bu fojea emas. Xokimiyat oʻzgarishi bilan hamma narsa yaxshi tomonga oʻzgaradi, deb choʻpchak aytiladi.

Rangli inqiloblarning ssenariysi quyidagicha: Biror bir mamlakat xududlarida insonparpavarlik gʻoyalarini boshpana qilib olgan noxukumat-notijorat tashkilotlari faoliyat yuritadi. Ular jamiyat hayotining barcha tarmoqlarini qamrab oladi. Birinchi navbatda mahalliy “mustaqil” ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat oʻrnatadi. Eng soʻnggi daqiqalarda ham NNTlar oʻzlarining asl maqsadlarini “mahalliy” vakillariga oshkor qilishmaydi. Faqat demokratiyadan gap sotishadi. Har ehtimolga qarshi, bir necha siyosatchini rangli inqiloblardan soʻng tuziladigan hukumat rahbarligiga tayyorlashadi. Ulardan biri inqilob yoʻlida xalok boʻlishi ham mumkin. Uning bayrogʻini boshqa siyosatchi baland tutishi ham oldindan rejalashtirilgan boʻladi.

19 asrda xokimiyat harbiy toʻntarishlar, inqiloblar bilan oʻzgartirilgan edi. 20 asr oxiriga kelib “rangli inqilob” “moda”ga kirdi. Rangli inqilob — XX1 asrda noxukumat-notijorat tashkilotlari tomonidan sodir etiladigan globallashuv inqilobidir. Bunda xokimiyat kuch ishlatish yoʻli bilan oʻzgartiriladi. Namoyishlar vaqtida muxolifat qonunlarni buzishi mumkin. Ovoz berish jarayoni qanday yakunlanishidan qatiy nazar muxolifat oʻzini gʻolib deb eʼlon qiladi. Rangli nomzod oʻzini davlat rahbari deb eʼlon qiladi va bu qaror gʻarbda demokratiya tantanasi sifatida baholanadi va qabul qilinadi.

Rangli inqilob ochiqchasiga tayyorlanadi va ochiqchasiga amalga oshiriladi. Rangli inqiloblarning ishtirokchilari aholining juda ham kam qismini tashkil qiladi. Ular gʻarbning turli tuman stipendliyalarini olib xorijda oʻqib va ishlab kelgan yoshlardir, xolos. Rangli inqiloblarning asosiy harakatlanuvchi kuchi sifatida xali ongi shakllanishga ulgurmagan yoshlar va ayollar deb tan olingan.

Shu kunga qadar barqaror boʻlgan Shimoliy Afrikadagi davlatlar, ularda yuz bergan inqiloblar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy hayotni butunlay izdan chiqardi. Tahlilchilarning fikricha, har bir inqilobning oʻziga xos shiori (masalan, ozodlik, tenglik, birodorlik, adolat) yoki milliy ozodlik harakati deb aytiladigan gʻoyasi boʻladi. Biroq Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida bu kabi shior ham, gʻoya ham koʻzga tashlanmaydi. Rangli inqiloblarni amalga oshirgan “olomon” biror bir siyosiy dasturni oʻrtaga tashlaganini koʻrmadik. Faqat xalqning xokimiyatga boʻlgan gʻazabidan boshqa narsasi koʻtarib chiqilmadi.

Tahlilchilar, “Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi rangli inqiloblarni tor maʼnoda, yaʼni ichki fuqarolar mojarosi sifatida koʻrish kerak emas, balki global siyosat sifatida qarash lozim”, demoqda. Bu mintaqada bir qator davlatlarning manfatlari oʻzaro toʻqnashishidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi.

Oʻz maslakdoshlari tomonidan oʻldirilgan buyuk fransuz inqilobchisi Jorj Jak Danton(1759—1794)ning “inqilob oʻz farzandlarini yeydi”, degan soʻzlari oʻz isbotini topayotgandek. Chunki oʻzini inqilob farzandi deb atagan J.J.Dantonning bu soʻzlari hozir ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Kechagi doʻstlar bugun dushmanlarga aylanishmoqda. Chunki xokimiyatni qoʻlga olganlar oʻz sheriklari bilan nimanidir boʻlishishni istashmayapti. Inqilob oʻz bolalarini ikki sababga koʻra, guvoh va raqib boʻlgani uchun yemoqda. Shirinlikni sheriklari bilan boʻlishish oʻrniga bitta oʻq bilan uni yoʻq qilishni afzal koʻrishmoqda. Har xolda oʻq arzonroq-da.

Barcha inqiloblar fojeali oqibatlarni keltirib chiqargani tarixdan maʼlum. Bir vaqtlar “Inqiloblarni daxolar oʻylab topadi, uni banditlar amalga oshiradi” degan gap boʻlardi. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlaridagi Internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali sodir etilgan boʻlishiga qaramay rangli inqiloblar shuni koʻrsatmoqdagi qashshoqlik inqilobga, inqilob esa qashshoqlika olib keldi. Demokratik tanlov deb aytilayotgan rangli inqiloblar oqibatida xokimiyatga radikal koʻz qarashdagi odamlar kelib qolmayaptimikan?

“Inqilobning boshlanishi bor, ammo yakuni yoʻq” degan gapda jon bor. Rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlardagi axvol buni yaqqol isbotidir. Inqiloblar qizil gaplar bilan boshlanib, qizil qon bilan yakunlanadi. Rangli inqiloblar nafaqat oʻz farzandlarini, balki mamlakat farzandlarni yemoqda. Chunki mamlakatda yuzaga kelgan bosh-boshdoqlik sabab ertangi kundan umidini uzgan bolalar halok boʻlmoqda yoki kattalar singari qoʻlga qurol olishga majbur boʻlishmoqda. Qon, zoʻravonlik, qoʻrquv va odamlarni kamsitish rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlardagi jamiyatni qamrab oldi. Zoʻravonlik esa zoʻravonlikni keltirib chiqarmoqda. Endilikda bolalarga oʻqishni oʻrgatish emas, urushni oʻrgatish urfga kirgandek. “Inqilob ikki kunda oʻn yillarga teng ishni qiladi va oʻn yilda besh yuz yillik mehnatni yoʻq qiladi”.

1992 yilning 8 dekabr kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning xohish-irodasi, huquq va manfaatlarini oʻzida ifoda etgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar mujassamlashtirilgan qomusdir. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etilmoqda. Konstitutsiyamiz esa bu jarayonning asosiy poydevoridir. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – mustaqil davlatimizning asosiy qonuni sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, demokratik islohotlar va yangilanishlarga mustahkam huquqiy zamin yaratdi. Davlatimiz xalq manfaatlarini ijtimoiy himoya tizimi orqali taʼminlamoqda. Jamiyatimizda hech kim eʼtibordan chetda emas. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish va rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish hamda “kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga tatbiq etishda mustahkam huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.
Sharofiddin Toʻlaganov

Manba: Tnews.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Inqiloblarni daholar oʻylab topadi, uni “banditlar” amalga oshiradi