12:52 / 13.10.2018
3 423

“Bibixonim”ga atalgan besh milliard qayerda?

“Bibixonim”ga atalgan besh milliard qayerda?
Yoshligimdan qadimiy, tarixiy obidalarni tomosha qilishni yoqtiraman. Negaki, asrlar davomida bugungacha saqlanib qolgan har bir moʻjiza — u xoh meʼmoriy obida, xoh musiqiy asar, xoh adabiy osori-atiqa boʻlsin — inson qoʻli va tafakkuri hosilasidir. Ana shu manbalar yordamida ular orqali xalqimizning tarixiy hayotini, oʻsha davr nafasini tiklash va bilib olish mumkin.

Bugun yurtimizda 7500 madaniy obyekt ruyxatga olingan. Ulardan 4 mingtasi arxeologiya obyektlari hisoblanadi. Aksariyatining yoshi ming yildan ham oshiq. Bugun ularga YUNЕSKO ham eʼtibor qaratgan.

— Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qoʻqon, Karmana shaharlaridagi har bir tosh, har bir bino, har bir maydon koʻplab tarixiy sirlarni oʻz bagʻriga yashirgan, — deydi Oʻzbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor ­SAYFULLAYEV. — Ammo dovrugʻi yetti iqlimga yetgan ana shu boyliklarni yetarlicha asrab-avaylay olmayapmiz. Sababi — eʼtiborsizlik, loqaydlik. Ayniqsa, bu borada Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish hududiy boshqarmalari ishida tashabbuskorlik, zamon bilan hamqadamlik, siljish umuman sezilmayapti. Buni quyidagi raqamlar ham isbotlaydi. Oʻtgan yili 745 ta obyektni obod qilish uchun 27 milliard soʻmdan oshiq mablagʻ sarflangan boʻlsa, 2018 yilda 69 obyektning holatini yaxshilashga 46 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Lekin afsuski, hududlardagi obyektlarda bajarilgan ishlar koʻngildagidek emas. Qolaversa, roʻyxatdan oʻtkazilgan 7500 obyektning bor-yoʻgʻi 1728 tasiga kadastr hujjati olingan. Muhofaza belgilari esa, faqat 25 foizida oʻrnatilgan. Xivadagi Ichan qalʼaning rejasi ishlab chiqilmagan.

Fargʻona vodiysidagi Mingtepa arxeologik yodgorligini olaylik. Bugungi kunda bu bebaho mulkni ham asrashga eʼtibor yaxshi emas. Mazkur yodgorlikka yetkazilgan zarar miqdori katta. U koʻr-koʻrona xususiy tadbirkorga berib yuborilgan. Madaniyat vazirining aytishicha, mamlakatimizdagi 259 ta obyekt jiddiy tarzda shikastlangan. Birgina Samarqand viloyatining oʻzida ana shunday obyektlardan 19 tasi buzib yuborilgan. Endi bu kabi salbiy holatlar bilan murosa qilib boʻlmaydi. Bundan keyin nazorat va talab juda qattiq boʻladi. Axir, yurtimizning bunday javohiru gavharlarini kelgusi avlodlar uchun koʻz qorachigʻiday asrashimiz kerak emasmi?

Usta

Har bir yumushni, oʻsha ishga uquvi bor mutaxassis amalga oshirishi lozim. Oʻshanda eʼtirozga oʻrin qolmaydi. Oʻtmishda kechgan bir voqea yodga tushadi. Frunzening shotirlari Buxoroi sharifga osmondan oʻq yogʻdiradi. Otilgan oʻqlar Minorai Kalonga ham tekkan va ancha shikast yetgan. Laylak in qurgan joyga shoʻro qizil bayroq ilib qoʻyadi. Oradan kun, oy oʻtadi, shoʻro hukumati bu xalq noroziligiga sabab boʻlishidan choʻchib, minorani asl holiga keltirish uchun Moskvadan bir muhandisni yuboradi. U ishni dastlab, besh vagon yogʻoch, bir vagon sement, yuz quti mix va yana oʻn beshtacha duradgor keltirishdan boshlaydi. Ular muhandis topshirigʻiga koʻra, darhol havoza yasashga kirishadi. Ularning ishini kuzatib turgan mahalliy bir usta: “Ey, kallasi ishlamaganlar! Minorani taʼmirlash uchun buncha yogʻoch nimaga kerak? Anavi, taxta va boshqa ashqol-dashqollarni yigʻishtirib, menga ellik quloch pishiq arqon, bitta eski sandiq, toʻrt nafar yordamchi beringlar”, deydi. Unga soʻraganlarini toʻgʻrilab berishadi. Usta minora uchidagi boʻshliqda chiqib turgan qoziqqa bir gʻildirak oʻrnatib, undan arqonni oʻtkazadi. Bir uchiga kajava nusxa sandiqni bogʻlaydi-da, andava, tesha, yana keragicha qurilish ashyolarni olib, oʻsha sandiqqa tushadi. Pastdagilar arqonning ikkinchi uchini tortganda sandiq yuqoriga koʻtariladi. Xullas, oʻsha qari usta bir hafta ichida toʻrtta yordamchi bilan minorani taʼmirlab beradi.

Bu tarixiy voqeani keltirishdan muddao shuki, keyingi vaqtlarda madaniy meros obyektlarini taʼmirlashga koʻproq mohir boʻlmagan, tajribasiz kishilar jalb qilinmoqda. Natijada uquvsiz kishi bajargan ish sifatsiz va xunuk chiqyapti. Uning kelgusida qancha chidashi ham nomaʼlum. Buning uchun oliy oʻquv dargohida restavrator-mutaxassislar (qadimiy inshootlarni taʼmirlaydigan usta) tayyorlaydigan fakultet ochish kerak. Ana shunda yuqoridagi kabi minorani taʼmirlayman, deya ortiqcha xarajatga sabab boʻladigan noʻnoq, uquvsiz muhandislar paydo boʻlmaydi.

Xarobalar

Butun Movarounnahru Xurosonda tarixiy osori-atiqalarga boyligi jihatidan Afrosiyobga teng keladigan makonni topish qiyin. Har gal Samarqandda boʻlsam, albatta, ana shu tepalikni kezishga harakat qilaman. Quloqqa qilichu qalqonlarning sharaq-shuruqi, uchayotgan paykonlarning vizillashi, otlarning kishnashi, odamlarning baqir-chaqiri eshitilgandek boʻladi.

Chindan ham, mazkur goʻsha bagʻrida koʻp sirlarni yashirgan. Nima boʻlgandayam Afrosiyob xarobalari xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Nazarimda, ana shu boylikni asrab-avaylashda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgandaymiz. Gap shundaki, Afrosiyob kengliklariga turli chiqindilar ham tashlanmoqda. Oʻylaymizki, tez kunda mazkur hudud chiqindidan batamom tozalanadi. Bibixonim maqbarasidagi taʼmirlash ishlari ancha choʻzilib ketgan. Vaholanki, bu ishni amalga oshirish uchun besh milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz hududidagi qadimiy osori-atiqalar, minoralar koʻp. Ularning bari tarix mulki. Shunday ekan, yurtimizning har bir muzofotida, har bir mavzesida taʼmirga muhtoj obidalar yoki madaniy meros obyektlari boʻlmasligi kerak. Negaki, har bir qulagan minora yoki obida boy tariximizning unutilishiga sabab boʻlishi mumkin. Zero, biz har bir qadimiy yodgorlikni buyuk xalqimiz tarixi, undan qolgan qimmatli xotira sifatida qabul qilishimiz darkor.
Ulugʻbek JUMAYEV

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Bibixonim”ga atalgan besh milliard qayerda?