date

BTS qaytdi: K-pop yulduzlarining yangi albomi va jahon gastrol safari e’lon qilindi

BTS qaytdi: K-pop yulduzlarining yangi albomi va jahon gastrol safari e’lon qilindi
K-pop muxlislari uchun uzoq kutilgan xushxabar — BTS qaytdi. Janubiy Koreyaning dunyo bo‘yicha mashhur yigitlar guruhi yangi albom va jahon bo‘ylab gastrol safarini 2026 yil bahoriga rejalashtirganini rasman tasdiqladi.

Bu e’lon guruh a’zolari harbiy xizmatni to‘liq yakunlaganidan keyingi ilk jonli efir chog‘ida yangradi. Efir davomida BTS a’zolari shu oyning o‘zida AQSHga yo‘l olishlari va u yerda yangi musiqa ustida ish boshlashlarini ma’lum qilishdi.

— Salom hammaga, biz yana qaytdik, — dedi Jimin. Guruh a’zolari esa shunday qo‘shimcha qildi: — Yangi albomimiz 2026 yil bahorida chiqadi. Albom bilan birga jahon gastrol safarini ham rejalashtiryapmiz. Barcha muxlislarimizni dunyo bo‘ylab ko‘rishni istaymiz. Ishonamizki, siz ham biz kabi hayajondasiz.

Bu BTS uchun 2022 yilda bo‘lib o‘tgan Permission to Dance on Stage nomli gastrol safaridan keyingi ilk global safari bo‘ladi. Shuningdek, yangi albom guruhning 2020 yildan beri chiqadigan ilk to‘liq formatdagi musiqiy ishlanmasi bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, har bir erkak fuqarosi 18 oylik majburiy harbiy xizmatni o‘tashi shart. Aynan shu talab tufayli BTS 2022 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lib, jahon miqyosidagi mashhurlik cho‘qqisida tanaffus olgan edi.

Guruh a’zolari muxlislari bilan bog‘lanish uchun ishlatiladigan Weverse platformasida quyidagilarni yozishdi:
— Iyul oyidan boshlab barcha yetti a’zo birga yangi musiqa ustida ishlay boshlaydi. Bu guruh albomi bo‘lganligi sababli, har birimizning fikr va his-tuyg‘ularimizni o‘zida aks ettiradi. Biz bu loyihaga aynan ilk faoliyat boshlagandagi xissiyotlar bilan yondashyapmiz.

BTS muxlislari, ya’ni "ARMY", uzoq yillik tanaffusdan so‘ng guruh a’zolarini yana birga ko‘rish uchun intizorlik bilan kutayotgan edi. Guruhdagi eng so‘nggi a’zo Suga o‘tgan oyda harbiy xizmatni yakunladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, BTS a’zolari harbiy xizmat muddatini navbatma-navbat bajarish orqali guruhning to‘liq faoliyatdan uzoq qolmasligiga harakat qilishgan. J-Hope 2023 yil oktyabrda armiyadan chiqqan va o‘sha vaqt ichida o‘zining yakkaxon gastrol safarini yakunlab, 2025 yil 13 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Lollapalooza Berlin festivalida sahnaga chiqadi.

BTS guruhi ilk bor 2013 yilda sahnaga chiqqan bo‘lib, u 2010 yilda shakllangan. Guruh qisqa fursatda jahon miqyosidagi eng muvaffaqiyatli K-pop jamoasiga aylandi. Ular 2020 va 2021 yillarda dunyodagi eng ko‘p sotilgan musiqa ijodkorlari bo‘lgan. BTS guruhining AQSHda oltita albomi hamda oltita alohida chiqarilgan qo‘shig‘i (singli) musiqiy xit-paradlarda (chartlarda) eng yuqori — birinchi o‘rinni egallagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » BTS qaytdi: K-pop yulduzlarining yangi albomi va jahon gastrol safari e’lon qilindi