date

Daniyada ayollar ham armiyada xizmat qilishi shart bo‘ldi

Daniyada ayollar ham armiyada xizmat qilishi shart bo‘ldi
Daniyada yangi qonunga ko‘ra, endi bu mamlakatda ayollar ham erkaklar qatori armiya safiga qo‘shilishlari shart. Associated Press tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar 1 iyuldan boshlab kuchga kirdi, deb xabar berdi apnews.com.

Endi 18 yoshga to‘lgan har bir ayol ham, erkaklar kabi, harbiy xizmatni o‘tashi lozim. Ilgari bu huquq faqat xohishga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endi majburiy shartga aylandi. Mamlakat mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen ta’kidlashicha, hukumat boshida bu qadamni 2027 yildan amalga oshirishni rejalashtirgan edi, ammo Rossiyadan kelib chiqqan xavf tufayli tezroq islohot qilish zarur deb topildi.

Daniyada harbiy xizmatning umumiy muddati ham sezilarli darajada oshirildi — endi ayollar va erkaklar 11 oy mobaynida armiya safida bo‘ladilar. Bu avvalgi 4 oylik xizmatdan deyarli uch barobar ko‘p. Bu o‘zgarishlar NATO strategiyasi va xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi. Chaqiruv dasturi rahbari, polkovnik Kennet Shtromning fikricha, yangi qoida mamlakat armiyasi, harbiy-havo va dengiz kuchlariga ko‘proq malakali yoshlarni jalb qiladi.

Daniya qonunlariga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan barcha fuqarolar armiyada xizmat qilishga layoqatliligini tekshirishdan o‘tadi. Avvalo, ko‘ngillilar tanlab olinadi, qolgan o‘rinlar esa lotereya usulida taqsimlanadi. Yaqin 8 yil ichida yillik chaqiruv 6,5 ming kishiga yetkazilishi kutilmoqda. Qayd etish kerakki, o‘tgan yili 4,7 ming askar armiyada xizmat qilgan va ularning to‘rtdan biri ayollar bo‘lgan.

Ayni vaqtda Daniya aholisi 6 millionni tashkil etadi. Mahalliy armiyada esa 9 ming professional harbiy xizmat qiladi. Mamlakatda ayollar uchun harbiy xizmat majburiy qilingani bilan Daniya Skandinaviya mintaqasida so‘nggi bo‘lib, bu yo‘lni tanladi. Ilk bor 2015 yili Norvegiya, keyinroq 2017 yili esa Shvetsiya shunaqa qadamni tashlagan edi.

Bugungi dunyoda xavfsizlik masalasi yanada dolzarb bo‘lgan bir paytda, Daniya kabi mamlakatlar armiya safiga ayollarni ham qo‘shish orqali harbiy salohiyat va tayyorgarlikni yanada mustahkamlashga intilayapti. Yangi qonunning hayotga qanday ta’sir o‘tkazishini esa vaqt ko‘rsatadi, lekin fuqarolik burchini ado etish endilikda barchadan talab etiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Daniyada ayollar ham armiyada xizmat qilishi shart bo‘ldi