
Yevropa futbol bozorida yozgi transferlar avjida. Yangi mavsum oldidan jamoalar o‘z safini kuchaytirish uchun jiddiy harakatga tushishgan. Angliyaning mashhur klubi “Arsenal” ham hujum chizig‘ini mustahkamlash niyatida va bu borada asosiy nomzod sifatida shved hujumchisi Viktor Gyokeresh ko‘rilmoqda.
27 yoshli futbolchi so‘nggi mavsumni Portugaliyaning “Sporting” klubida yuqori darajada o‘tkazdi. Ammo so‘ngi voqealar transferlar bozorida kutilmagan burilishlar yaratishi mumkin. Xususan, klub prezidenti Frederiku Varandashning matbuotdagi chiqishlari Gyokereshni ranjitgani va u jamoaga qaytishni istamasligi ma’lum bo‘ldi. Uning “Sporting”ga norozi ekanligi klub ma’muriyatiga rasman yetkazilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shved terma jamoasi hujumchisi o‘z kelajagini Angliya Premer-ligasida ko‘rmoqda va buning uchun eng qulay variant deb “Arsenal”ni tanlamoqda. Fransiyaning L'Équipe nashrining yozishicha, “Arsenal” klubi Gyokereshning shaxsiy agenti bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan va endilikda transferning rasmiylashishi uchun faqat “Sporting” bilan kelishuv kerak.
Gyokereshning jismoniy tayyorgarligi, gol urish mahorati va taktik jihatdan moslashuvchanligi “Arsenal” murabbiylarini qiziqtirib qo‘ygan. Uning Portugaliyada ko‘rsatgan natijalari e’tiborga loyiq: o‘tgan mavsumda u bir necha bor jamoasini qiyin pallalarda gollari bilan qutqargan, ko‘plab muhim o‘yinlarda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, “Arsenal” hujum chizig‘ida yanada ko‘pqirrali va xavfli futbol namoyish etishi kutilmoqda. London klubi oxirgi yillarda yanada raqobatbardosh tarkib yaratish ustida ishlamoqda va Gyokeresh kabi tajribali to‘purarning kelishi bu jarayonda muhim bosqich bo‘lishi mumkin.
Muxlislar esa bu jarayonni katta qiziqish bilan kuzatishmoqda. Gyokereshning Angliya chempionatida qanday o‘yin namoyish etishi va “Arsenal” safida o‘zini qanday ko‘rsatishi hozirdanoq futbol jamoatchiligining e’tibor markazida. Tez orada transferning rasmiylashishi va jamoalar o‘rtasidagi kelishuv e’lon qilinishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar