18:40 / 30.10.2018
5 491

Mutasaddilarga dars. Oqqo‘rg‘on bo‘yicha barcha tafsilotlar

Mutasaddilarga dars. Oqqo‘rg‘on bo‘yicha barcha tafsilotlar
O‘zbekistonda 27 oktyabr kuni kutilmagan tarzda boshlandi: hamma joyda bir xil gap, hamma bir masalani muhokama etmoqda. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifada paydo bo‘lgan olti kishining ariqqa tushib olgani, ayb ish qilganday, qo‘llarini bog‘lab turishidan ularni kimdir shu alfozda jazolagan bo‘lsa, ajab emas, deyishdi.

Kun.uz suratda tasvirlangan holat «qahramonlar»ini qidirishga tushdi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, ular Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida yashaydi. Ular nafaqat shu tumanda yashaydi, balki ariqdagi oltovlon orasida tuman hokimi o‘rinbosari, hokimlik mutasaddi rahbarlari borligi bildirildi. Demak, hodisa Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, «Abdunosir G‘ulom» fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani aniqlandi.

Kun.uzʼga yetib kelgan axborotga ko‘ra, ariq suviga oyoq tiqqan kishilar Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, MFY oqsoqoli — Zokir Musabekov, «Mavlonboy ota» fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, «Abdunosir G‘ulom» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib chiqdi.

27 oktyabr kuni kechki mahal Oqqo‘rg‘on tuman hokimligiga yetib kelganimizda, bizni hokim Farhod Omonov qarshi oldi. Uning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari (Sherzod Murodov - tahr.) qilingan ishlarning barchasini tahlil qilmoqchi bo‘lib, «Abdunosir G‘ulom» fermer xo‘jaligiga borgan.

«G‘alla ekilgandan keyin, suv qo‘yilishi kerak. Lekin, g‘alla ekilgan joyda suv qo‘yilmagan, yonidagi ariqda esa suv oqib yotibdi. «Mana suv bor-ku! Nega suv qo‘ymaysan?», degan payti, suvga o‘zi tushib ketgan. «Mana — suv! Bu yoqqa kel, sen ham suvni ko‘rgin», deb turib, qolganlarni ham suvga...», - deydi u.

27 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoq sahifalarini larzaga keltirgan surat bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «qahramonlar»ni va o‘sha voqea yuz bergan hududni aniqlashda jamoatchilikdan yordam so‘rab, murojaat qilishga ulgurgandi. Oqqo‘rg‘on tuman hokimiga ko‘ra, tegishli axborot allaqachon vazirlikka taqdim etilgan. Ammo, vazirlik rasmiy vakili 27 oktyabr soat 18.00ga qadar aniq ma’lumot yo‘qligini bildirib, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda surishtiruv davom etayotganini aytgandi.

Bundan tashqari, hokim tekshiruv payti «respublikadan hech kim bo‘lmagan»ini tasdiqladi. Bu gapning teskarisi, ya’ni o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘onda, suvga botgan oltovlondan sal narida bo‘lgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov aytib berdi.

«Ular bizga ters qarab turgandi, 20-30 metr uzoqroqda edi. Ular orasida bosh vazir o‘rinbosari, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. Ular buni ko‘rmadi».

Tumandan qaytarkanmiz, surat ortida yashiringan haqiqat bizdan berkinayotgandek tuyulaverdi. Kimdir nimanidir yashiryapti, kimdir kimnidir himoya qilyapti, yo undan qo‘rqayapti. Ammo, davlat rahbari bundan xabardor edi. 29 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr yuz bergan ishlar haqida bir kun o‘tib xabar topgan va o‘sha kunning o‘zida asosiy aybdor - bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayevga nisbatan chora ko‘rgan. U vazifasidan ozod etildi. Bu haqda o‘sha kuni prezident farmoni tayyorlandi, ammo dam olish kuni munosabati bilan u keyinroq e’lon qilindi.

«Men hali bunaqa farmonni o‘qimaganman, eshitmaganman. Prezidentimiz faoliyatining ilk davridanoq majburiy mehnatga qarshi bo‘lib, uning har qanday shakliga barham berish masalasini davlat siyosati darajasiga olib chiqdi. Bu masalada qator qarorlar qabul qilindi, choralar ko‘rildi», deydi bosh vazir Abdulla Aripov 29 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Garchi, Oqqo‘rg‘ondagi vaziyatni majburiy mehnatning o‘zginasi, deb aytish qiyin bo‘lsa-da, uning asosiy ijrochisiga keskin chora ko‘rilishi kutilmagandi. Buning ketidan prezident barcha rahbar, hokim va boshliqlarni yana bir marta, balki oxirgi marta ogohlantirdi, tartibga chaqirdi: majburiy mehnat va inson qadrini yerga yurish hech qachon kechirilmaydi.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, uzoq yillik mehnati, tajribasi-yu, el-yurt oldidagi xizmati ham bunday jirkanch harakat oldida kimnidir saqlab qololmaydi.

Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Yonas Astrap hukumat va davlat rahbarining Oqqo‘rg‘ondagi holatga bildirgan tezkor munosabatini olqishlab, shunday deydi:

«Jahon hamjamiyati O‘zbekistonga bitta surat orqali baho bermaydi, balki, uning ishtirokchisi mansabdor shaxs bo‘lsa-da, hukumat va davlat rahbarining ushbu masalaga nisbatan bildirgan munosabatiga baho beradi».

Ish shu bilan yakunlanmaydi. Zoyir Mirzayev oldida o‘sha holatga guvoh bo‘lib, qarshilik ko‘rsatmagan viloyat prokurori o‘rinbosari ham ishdan olindi. Bosh prokuratura esa ishni jiddiy o‘rganishi kutilmoqda. Balki, endi hammasi oydinlashib, fermerlar nega g‘allaga suv qo‘ymagani, ularga kim to‘sqinlik qilgani ayon bo‘lar, kim bilsin. Xullas, bugun majburiy mehnat kabi illatlarga qarshi murosasiz kurash bir yil avval urf bo‘lgan odat emasligi eslatib qo‘yildi. Boshqa mutasaddilarga esa Oqqo‘rg‘on ishi dars bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mutasaddilarga dars. Oqqo‘rg‘on bo‘yicha barcha tafsilotlar