date
views 3 911

Oliy ta’limning tanazzuli millatning qulashidir yoxud oliy ta’lim vaziriga ochiq xat

Oliy ta’limning tanazzuli millatning qulashidir yoxud oliy ta’lim vaziriga ochiq xat
Janubiy Koreyaning Pusan Chet Tillar Universiteti professori hamyurtimiz Azamat Akbarov O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi kuzatilayogan tanazzul sabablari haqida o‘z fikrlarni bayon qildi.

24 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat oliy ta’lim tizimini davrdan ortda qolgan deb atadi. U oliy ta’lim muassasalari va ularning professor-o‘qituvchilari xalqaro ilmiy hamjamiyatda hurmatga ega emas va ta’lim jarayoniga jahonda tan olingan olimlarni, yuqori malakali ilmiy xodimlar va o‘qituvchilarni jalb qilish ishi yo‘lga qo‘yilmaganligini ta’kidladi.

Xorijiy mamlakatlarda vazirlar sodir bo‘lgan kichik kamchiliklar, masalan, elektr energiyasi uzatilishining 20 daqiqaga uzilib qolishi, yoki bitta yosh bola avtobus avariyasida halok bo‘lganligi uchun ham iste’foga chiqqanlariga, ya’ni barcha javobgarliklarni o‘z bo‘yinlariga olishlariga ko‘p marta guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Biroq bizning holatimizda so‘nggi ikki yilda juda katta imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa ham, oliy ta’lim tizimi chuqur botqoqdaligicha qolib kelmoqda. Prezidentimiz har bir masalaga markaziy e’tibor berib kelayotganligini ko‘rib turibmiz va bir kun kelib bu masalani ham ko‘tarishi tabiiy, demak, shaxsan mamlakat prezidenti bu muammolarni o‘rtaga tashlamaguncha, nimani kutib turibmiz va nega ularni hal qilmayapmiz? Demak, biz qo‘shimcha vazifalardan qo‘rqyapmiz, yoki tinchgina o‘tirib nafaqaga chiqishni kutyapmizmi, yoki sovet davridagi kabi yuqoridan buyruqlarni kutishda davom etyapmizmi? Ta’lim vazirligidagi odamlar u yerga kecha kelmaganlar, ular o‘z kursilarida yillar davomida o‘tirishibdi, biroq ular o‘zlarini bu muammolarga birinchi marta duch kelayotganday tumoqdalar. Chet davlatlarga safar qilmoqdalar, amaliyot o‘tash, xorijiy mamlakatlardan ko‘plab yuqori martabali odamlarni qabul qilmoqdalar, lekin nima uchun haligacha ta’limga biror yangi narsani qo‘shishni boshlamadilar ekan. Agar bu ishni uddalay olmasalar, o‘z o‘rinlarini boshqa dunyo ko‘rgan yosh iqtidorli kadlarga bo‘shatishlari lozim. Ular ilgari imkoni bo‘lmaganligini aytib, o‘zlarini himoya qilishlari mumkin, ammo so‘nggi ikki yil mobaynida ular avval mavjud bo‘lmagan ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Demak, ayrim odamlar hali ham eski davrni qo‘msab yashashmoqda, ishda dam olish bilan band bo‘lib, o‘zlarining majburiyatlarini uydirma-yolg‘on natijalar bilan bajarishmoqda.

Ushbu vazirlikda ishlamasam-da, o‘z vatanimning fuqarosi sifatida, bir kun kelib men va siz birga yashaydigan jamiyatni barpo qiluvchi yosh avlodlar haqida o‘ylayman. Bir mashhur iqtibosni keltiraman: “Har qanday millatni yo‘q qilib yuborish uchun atom bombalari yoki uzoq masofaga uchuvchi raketalarni qo‘llashning hojati yo‘q. Faqatgina ta’lim sifatini pasaytirish va o‘quvchilar imtihonlarda aldov usullarini qo‘llashga ruxsat berish talab qilinadi xolos”. Bu yo‘lda, biz malakasiz avlod yaratmoqdamiz va buning yana achinarliroq tomoni esa buning uchun davlatning milliardlab pulini sarflayotganimizda.

Oliy ta’lim vakillari innovatsiyalar va yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lganini kuzatib borayotgandir, bundan xabarim yo‘q. Shuning uchun, oliy ta’lim tizimini tez vaqtda tiklash va dastlab markaziy Osiyoda va keyinchalik dunyoda ham raqobatbardosh bo‘lishga erishish uchun 10 bosqichdan iborat o‘z yo‘l xaritamni taklif etmoqdaman.

1. Mamlakatda oliy ta’limning umumiy ahvoli

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarning hisobini doimiy ravishda amalga oshiradi degan umiddaman. Qaysi ixtisosliklarga talab katta, maktab, kollej bitiruvchilari qaysi universitetlarni ko‘proq afzal ko‘rishadi - bularning barchasi vazirlikning diqqat-e’tiborida bo‘lishi kerak. Biroq bizning vazifamiz bitiruvchilar sonini hisoblash emas, balki asosiy vazifa oliy ma’lumotni yanada ommaboproq qilishdir.

Tabiiyki, o‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi: buni qanday amalga oshirsa bo‘ladi?

Grantlar sonini ko‘paytirish masalaga bo‘lgan yechimlardan biridir. Masalan, 2017 yilda Qozog‘istonda 2016 yilga nisbatan davlat grantlari soni 10 mingga ko‘paydi. 2018 yilda hukumatning sa’y-harakatlari tufayli grantlar soni qo‘shimcha 20 mingga ko‘paygan. Natijada grant tanlovi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida bir talaba o‘rni uchun 1.4 nafar abituriyentni tashkil etdi. Ko‘rib turganingizdek, davlat misli ko‘rilmagan miqdordagi grantlarni ajratmoqda. O‘ylaymanki, biz ham kelajakda grantlar sonini qisqartirishmas, balki oshirib borishimiz kerak. Davlat har bir grant o‘rni uchun universitetga pul to‘lanishiga kafolat berishi, ya’ni universitet uchun ajratilgan grant uning gardanida bepul o‘qiydigan talaba bo‘lib qolmasligi kerak, vaholanki universitetlar bepul o‘qiydigan talabalar soni ko‘p bo‘lishini xohlashmaydi, ularga ko‘proq shartnoma asosida o‘qiydigan talabalar kerak. G‘arbiy Yevropada o‘z fuqarolari uchun oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish deyarli bepul bo‘lib qoldi, hatto pulli oliy o‘quv yurtlarida ham o‘z fuqarolaridan ramziy ravishda haq to‘lanadi. Biz fuqarolarimiz uchun ta’lim haqini oshirmasligimiz, balki ko‘plab chet ellik talabalarni jalb etishimiz lozim. Misol uchun, chet el oliy o‘quv yurtlaridan talabalarni Qozog‘iston o‘quv yurtlarida o‘qish uchun qo‘chirib kelib qabul qilinganda, faqatgina 2018 yil yanvar oyida 6 mingdan ortiq talaba Qozog‘iston universitetlariga o‘tishdi, bular orasida bizning talabalarimiz ham talaygina.

Universitetlarimizni jozib holga keltirish uchun, oliygohlarimiz rahbariyatining ishlash tarzini o‘zgartirishimiz kerak, xar birining o‘zgacha «monopoliyasi» bor. Ba’zan, ishlayotgan, kuchli, bilimli olimlarni yo‘qotishga harakat qilishadi. 25-30 yoshli 5ta o‘qituvchi muallifligida 32 betli bir necha «risolacha», qo‘llanmalar 2 yillab nashr rejaga kiritaladiyu, amalda bir sahifa ham yozilmaydi. Ishga olingan yosh domlalar bir yilda bitta tezis yozmaydi. Qanaqa ilm va ilmiy kompetensiya xaqida gap ketishi mumkin. «Repetitorlik» avjga chiqqan, dars paytida o‘qituvchi talabalarga topshiriq berib, narigi xonada repetitorlikka chopadi. O‘qituvchilarni, yosh kadrlarni moliyaviy qaramlikdan qutqarish zarur.

2. Oliy ma’lumot olish osonroq bo‘lishi uchun nima qilish lozim?

Bu muammo har tomonlama va izchillik bilan yondashuvni talab qiladi. Masalan, 2020 yildan boshlab, pulli o‘qishga kiradigan talabalar kirish imtihonlarini bir necha marta - yanvar, mart, iyun va avgust oylarida topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, agar 11-sinfdagi talaba yanvar oyida sinovdan o‘tsa va qabul qilish uchun belgilangan ball olgan bo‘lsa, u darhol tanlangan universitetga hujjat topshirishi va shartli o‘qishga kirgan deb hisoblanishi va bemalol maktabni tugata olishi mumkin.

Bunday tartib yangilik emas – uni Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarda keng qo‘llashadi. Masalan, ularning vakillari qishga yaqin qo‘shni davlatlarga borib, imtihon testlari o‘tkazishadi va qabul qilishga yetarli ballar olgan yigit-qizlar darhol Rossiya oliygohlariga qabul qilinadi.

Agar maktab yoki kollej bitiruvchisi davlat granti hisobiga o‘qishga imtihon topshirishni xohlasa, u avgustda o‘tkaziladigan imtihon testlarini topshirishi lozim Faqat shu imtihon testlari natijalari asosida bepul ta’lim grantlari konkurs va taqsimlanishi o‘tkaziladi. Yanvar, mart, iyun oylarida imtihondan o‘tgan talabalar faqat pullik o‘qishga kira oladilar.

3. Ta’lim davrida talabalarning qiziqishlariga ko‘ra fanlarni tanlash

Bu usulni allaqachon joriy qilish lozimligi o‘z o‘zidan ayon.

Dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida “yo‘nalish tanlash” haftasini o‘tkazishda birinchi kurs talabalari tanlov kurslarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Har bir oliygohda o‘z tanlab o‘qiladigan fanlar ro‘yxati bor. Oliygohlarda fanlarning ro‘yxati, ularning qisqa ta’rifi bilan keltirilgan katalog mavjud. Talabalarda o‘zi uchun fan kursi, o‘qituvchi va ta’limning sur’atini tanlash imkoni bor. Agar talaba joriy semestrda bir varakayiga beshta fanni o‘zlashtira olmasligini bilsa, aytaylik, uch xil fanni tanlab ro‘yxatdan o‘tkazadi.

«Kredit ta’lim tizimining» vazifasi olinadigan bilimlar hajmini unifikatsiya (bir xillashtirish) qilish bilan birga, ta’limni maksimal ravishda individuallashtirish va mustaqil ishning o‘rnini oshirishdan ham iborat.

Avval bakalavriat ta’lim tizimi uchun 4 yilni tashkil qilgan “normativ ta’lim muddati” tushunchasini bekor qilish lozim. Bundan keyin talaba o‘zi uchun necha yil o‘qishi lozimligini o‘zi belgilasin. Ushbu bilim darajasini olishning asosiy mezoni ta’lim dasturini o‘zlashtirish va 180 yoki 240 kredit ballari to‘plashdan iborat. Bu masala talabaning tanloviga bog‘liq – u dasturni besh yil ichida yoki, aksincha, agar qo‘shimcha yozgi yoki qishki sessiyalarda o‘qisa uch yilda o‘zlashtira olishi mumkin.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga talabalarning mamlakatning boshqa oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlari va shundan keyin kreditlarni qayta hisoblash uchun vaqt rejalashtirish huquqini beradigan “kredit mobilligi” va “harakatlanish bo‘sh davri” tushunchalarini joriy qilish kerak. Afsuski, hozirgacha bizning talabalarimiz mobillik dasturiga ko‘ra biror joyga borib o‘qish uchun ular bir yoki ikki semestr o‘qishni o‘tkazib yuborayotganliklari sababli akademik ta’til olishlari kerak edi. Ularni rag‘batlantirish o‘rniga ularni jazolar edik. Ba’zida hayron bo‘laman, vazirlikda juda ko‘p mutaxassislar bor bo‘lsa-da, ammo hech kim bu muammoga e’tibor bermagan, biroq vazirlikda ko‘plab universitetlarning vakillarini qabul qilishganiga aminman.

4. «Yangi davr» ixtisosliklarini joriy qilish

Mamlakatimiz raqamli texnologiyalarning faol bosqichini boshlashi lozim, shu sababli bizga ushbu soha mutaxassislari juda ham kerak. Hozirgi kunda mamlakatimiz oliygohlari oldida «kelajak ixtisosliklari» deb nomlanadigan ro‘yxatdan yangi ta’lim dasturlarini joriy qilish kabi vazifa turishi kerak.

«Aqlli smart texnologiyalar», «Kompyuter mexatronikasi», «Katta hajmli ma’lumotlarni tahlil qilish», «Kiberxavfsizlik», «Kriptologiya», «Raqamli kriminalistika», «Ma’lumotlarning intellektual tahlili» «Robot texnikasi tizimlari», «Dasturiy injiniring», «Raqamli gumanitaristika» va boshqa sohalar bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari 2019 yilning o‘zidayoq ishlab chiqilishi va joriy qilinishi lozim.

Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish bilan universitet ta’lim dasturlarini muntazam yangilab borish masalasi, nihoyat, hal etilishini yodda tutish kerak – endilikda ularning qo‘llari «ochildi» deb aytish mumkin. Universitetlarda standart o‘quv dasturlari mavjud bo‘lmasligi kerak. O‘quv dasturlarining kamida 80 foizi – oliygohlarning o‘zida tuzilishi kerak. Agar 2020 yildan boshlab chet ellik talabalarni O‘zbekistonga jalb qilmoqchi bo‘lsak, barcha ta’lim dasturlari 2019 yil oxirigacha yangilanishi kerak.

5. O‘zbekistonda olingan oliy ma’lumot chet ellarda tan olinishiga erishish

Yevropa hududida O‘zbekistonda olingan oliy ma’lumot va ixtisos natijalari turli sabablarga ko‘ra tan olinmasligining bir necha sabablari mavjud: mamlakatimiz Bolonya deklaratsiyasini imzolamagan va kredit ta’lim texnologiyasi hamda ECTS asosida baholash tizimi bizning ta’lim tizimimizda joriy etilmagan.

Universitetlarimiz Yevropa namunasida diplom qo‘shimchasini bermaydi (diploma supplement), shuningdek, Yevropa universitetlari bilan passiv tarzda ikki tomonlama (joint degree/dual diploma) ta’lim joriy qilinmoqda va akademik harakatlanish ham passiv tarzda rivojlanmoqda - ya’ni Yevropa oliy o‘quv yurtlarining O‘zbekistonda olingan ta’lim kreditlari va o‘quv natijalarini tan olishi juda qiyin bo‘ladi.

6. Mavjud oliy ta’lim tizimini o‘zgartirish

Oliy ta’lim tizimini takomillashtirish doimiy jarayon bo‘lib, aynan oliy ta’lim vazirligi hozirda faol bu ish bilan shug‘ullanishi kerak. Bugungi kunda asosiy vazifa - oliy o‘quv yurtlari, ilmiy, boshqaruv va moliyaviy tizimlar uchun keng avtonomiya berish, shuningdek, ta’lim sifatini oshirishdir.

Shu bilan birga, akademik va boshqaruv erkinligini oshirish universitetlarning mas’uliyatini oshirishni ham talab qiladi.

Agar sifat haqida gapiradigan bo‘lsak, dasturlarning sifatini ta’minlashi lozim bo‘lgan bir qator chora-tadbirlar ham mavjud. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlari uchun eng asosiy narsa kasbiy standartlar va ish beruvchilarning talablari bo‘lishi kerak va kelajakdagi ta’lim dasturlari ular asosida yaratiladi. Endi barcha mutaxassisliklar bo‘yicha yangi standart dasturlarni tasdiqlash kerak, eng muhimi, oliy o‘quv yurtlari dasturlarining ushbu standart dasturlarga muvofiqligidir. Shubhasiz, ushbu dasturlar doimiy yangilanib turilmaydi va buning jismoniy jihatdan imkoni yo‘q, ularning sifati esa judayam past. Oliy ta’lim muassasalari hukumat tomonidan emas, balki bozor tomonidan shakllantirilgan professional standartlar asosida dasturning kamida 80 foizini o‘zlari ishlab chiqishlari kerak. Oliy ta’lim vazirligi nima uchun bu muammolarni prezidentimiz o‘zi shaxsan tanqid qilmaguniga qadar javob bermaganiga hayronman. Shuning uchun ham bizning ta’lim darajamiz zamonaviy dunyodan ortda qolgan.

7. Talabalarni o‘qishdan haydash kerakmi?

Yaxshi o‘qiydigan, imtihonlarni yaxshi baholar bilan topshiradigan va o‘z bilimlarini tasdiqlay oladigan talabalar hech narsadan qo‘rqishmasayam bo‘ladi. Biroq, afsuski, bizda talabalarning darslarga kelmay yurib ham imtihon sessiyalaridan o‘tib yurishlari holatlari misollari ko‘p. Buni tan olmaslik noto‘g‘ri bo‘lur edi. Natijada maxsus bilim olmagan bitiruvchi diplom oladi. Bu an’anaga qarshi kurashish lozim.

Bunday “mutaxassislar” bilan kurashish usullaridan biri sifatida, vazirlikka “milliy malaka tizimi”ning muhim elementlaridan biri bo‘lgan universitet diplomini sertifikatlashning mustaqil tizimini tuzishni taklif qilaman. Bunday tizim bitiruvchilarning kompetensiyasini baholashga qaratilgan bo‘lishi kerak - shuning uchun o‘quv natijalarini va tayyorgarlik darajasini baholash uchun diplom olgan shaxs ishga joylashishdan oldin sertifikatlashni talab qilinadi.

8. Universitet diplomlarini sertifikatsiya qilish

Ushbu tizim ish beruvchilarga ishga kiruvchining o‘zi e’lon qilgan kasb va malaka talablariga muvofiq kelish-kelmasligini tasdiqlash imkonini beradi. Ya’ni, diplom mavjudligi ishga joylashish huquqini bermaydi.

Shu asnoda, ushbu tajriba allaqachon muvaffaqiyatli tarzda amalda qo‘llanilmoqda va bir qator mamlakatlarda, masalan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Norvegiya, Turkiya, Finlyandiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda amalga oshirilmoqda. Masalan, siz huquqshunoslik ixtisosligi bo‘limini tugatishingiz mumkin, ammo bu diplom sizga advokat bo‘lish huquqini bermaydi - advokat bo‘lish uchun siz mustaqil tashkilot masalan, advokatlar kollegiyasi yoki uyushmasi o‘tkazadigan maxsus imtihondan o‘tishingiz kerak. Yoki auditorlar uchun - auditorlik diplomi auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini bermaydi. Buning uchun auditorlar uyushmasidan ham sertifikatsiyadan o‘tish kerak. Tibbiyot sohasi diplomi holatida ham xuddi shunday - tibbiyot oliygohidan diplom olganingiz sizga shifokor sifatida ishlash huquqini bermaydi - buning uchun siz maxsus imtihon topshirishingiz kerak va sertifikat olganingizdan so‘ng, ushbu kasbda ham va yana bir qator yo‘nalishlarda ham ishlashingiz mumkin.

Bunday tizim bozordan qoloq oliy o‘quv yurtlari va dasturlarini chetlatadi – hamma ushbu oliygohlarni bitirganlar o‘z malakalarini tasdiqlay olmas ekanlar, demak ishga joylasha olmasliklarini bilishadi.

Yana bir chora - davlat namunasida diplomlarini bekor qilish va har bir oliy o‘quv yurti o‘z diplomlarini chiqarishini joriy qilishdan iborat. Diplom ortida davlat emas, balki muayyan oliygohning nomi va obro‘si bo‘lsa, bozor muayyan oliy o‘quv yurtining diplomini baholaydi. Tegishli sifatni ta’minlamaydigan oliy o‘quv yurtlari, tabiiy ravishda yopilib ketadi, chunki bozor darhol yomon sifatga munosabat bildiradi.

Ishga joylashish mezonini yaratish, boshqa masalalar bilan bir qatorda, bozor talab qilgan mutaxassislarni tayyorlash muammosini ham hal qiladi. Pulli asosda bo‘lsa ham, talabalarni qabul qilishdan oldin, oliy o‘quv yurti rahbarlari puxta o‘ylab ko‘rishadi, chunki agar ishga joylashishning ehtimoli past bo‘lsa, ushbu litsenziya ilovasi bekor qilinadi.

9. Ortiqcha qog‘ozbozlik

Bundan tashqari, oliy ta’limning ortiqcha tartibga solish, byurokratik tartib-qoidalar va ortiqcha qog‘ozbozlik muammosi ham mavjud. Bu o‘qituvchilarga xalaqit beradi va sifatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘qituvchilarning turli xil forma va qog‘ozlarni to‘ldirishlari o‘qituvchilarni to‘ldirishi - ta’lim jarayonini orqaga tortadi. Universitetlarda, qog‘ozbozlik va kalkulyatorda qanaqadir raqamlarni sanashning o‘rniga, o‘qituvchilar talabalar uchun o‘quv talablarini kuchaytirish, akademik halollik va qo‘chirmachilikka qarshi kurashni joriy qilish, dasturlarni tuzishda moslashuvchanlik prinsipi va akademik mustaqillik, sifatni kafolatlash haqida o‘ylashlari lozim.

Janubiy Koreyaning Pusan Chet Tillar Universiteti professori hamyurtimiz Azamat Akbarov O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi kuzatilayogan tanazzul sabablari haqida o‘z fikrlarni bayon qildi. Maqolaning boshi ushbu havolada

10. Munozaraga sabab bo‘ladigan akademik darajalar va unvonlar

Quyidagi akademik darajalar ro‘yxati dunyo universitetlari orasida o‘rnatilgan iyerarxik tartibni belgilaydi. Agar biz O‘zbekiston ta’lim tizimining jozibadorligini oshirishni maqsad qilib qo‘ysak, uni raqobatbardosh qilish, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va qabul qilish jarayonini tezlashtirish va zamonaviy tizimlarga rioya qilishimiz kerak. Quyidagi ro‘yxatlar butun dunyodagi zamonaviy universitetlarga xosdir, shuning uchun bizning universitetlarimiz zamonaviy dunyodagi o‘xshash chizmalarga amal qilishini taklif qilaman.


Lekin hozirgi paytda bizda juda murakkab va sobiq sovet an’anasiga xos, juda ham ko‘p kelishmoqchilik keltirib chiqaradigan tizim mavjud. Tasavvur qiling, siz G‘arb mamlakatlaridan, Yaponiya, Koreya yoki AQShdan professorlarni taklif qilasiz. Ularga mos keladigan qaysi unvon yoki darajani berasiz? Ularga nisbatan o‘tmishdan qolgan iboralar ishlatamizmi? Hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi akademik darajalar va unvonlarni ko‘rib chiqaylik.

Ikki jadvalni taqqoslab ko‘rib, yana bir marta bizning universitetlarimiz dunyoning hech bo‘lmaganda yetakchi 4500 ta universitetlari ro‘yxatiga nega kirmaganini tushunish mumkin. Qozog‘iston universitetlarining 8 tasi esa yetakchi 1000 jahon universitetlarining ro‘yxatiga kiritilgan va ularning 3 tasi QS reytingida jahonning yetakchi 500 universiteti qatorida. Chunki biz sifatga emas, balki jarayonga e’tibor qaratmoqdamiz. Men so‘ngi yillarda Doctor of Science (DS) darajasini olgan odamlarning sonining avvalgi yillardagi nisbatan foizi oshib borayotganligini sezdim, ammo bu universitetning reytingi uchun «minimum» ta’sir ko‘rsatmoqda va u jamiyatga ham «minimum» naf keltirmoqda, chunki ko‘plab PhD yoki DS doktorlik dissertatsiyalari “yangilik” yaratishdan juda uzoqda. Men PhD va DS tadqiqotlarini birlashtirib, ilmiy darajalarga bo‘lgan talablarni kuchaytirish va joriy etishni taklif qilaman, shundan keyingina oliy ta’limda yangi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmasa, G‘arbdan yordam so‘ramasdan, bu masalalarni qo‘shnilarimiz qanday usullar bilan hal qilayotganlarini tanlasak ham bo‘ladi. Rivojlangan dunyo mamlakatlarining aksariyati, hatto Afg‘oniston yoki Qozog‘iston kabi qo‘shnilarimiz (2010 yilda) ham bu tizimni oliy ta’lim tizimiga kiritdilar. Bizda dotsent va professor lavozim tarzda berilishi mumkin, chet elda esa bu unvon. Yanada qizig‘i, ham «tayanch doktorantura» hamda «fan doktori» uchun o‘qigan shaxsga, yani ikkalasiga ham «doktorant» iborasini ishlatamiz, xuddiki bakalavr va magistr talabasiga «magistr» iborasi bilan murojat qilishlikdek. Keling, ushbu mamlakatlar bilan O‘zbekistonni solishtirib ko‘raylik, quyida keltirilgan jadvalni o‘rganib chiqamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy ta’limning tanazzuli millatning qulashidir yoxud oliy ta’lim vaziriga ochiq xat