
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aholini yangi uy-joylarga ko‘chirish masalasida bir qator muammolar yuzaga kelayotganini ta’kidladi hamda bu borada shahar kengashi deputatlaridan qo‘llab-quvvatlashni so‘radi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.
«Uylari buzilib, yangi turar-joylarga ko‘chirilayotgan aholiga tushuntirish ishlarini olib borishda ziddiyatlar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, 16 nafar odamdan 14tasi yangi uyga ko‘chishga rozi. Lekin ikkitasi ko‘chmayman, bu mening ota uyim, deb oyoq tirab turadi. Kompensatsiya to‘lanishiga ham, uyning oshirib baholanishiga ham rozi bo‘lmay turaveradi. Bunday vaziyatda biz nima qilishimiz kerak?!
Bu borada tushuntirish ishlarini olib borishda deputatlarning faolroq bo‘lishini istardim. Chunki ularni xalqning o‘zi ishonib saylagan. Xalq norozi bo‘lsa, dardini deputatlarga aytsin. Ular aholiga qonunda nima, qay tartibda belgilanganini tushuntirsin. Agar e’tiroz o‘rinli bo‘lsa, kelishsin, hal etamiz», — dedi shahar hokimi.
Toshkent shahri hokimi yordam so‘rayotgan deputatlarning faolroq bo‘lishi, kezi kelsa, shahar hokimidan hisobot so‘rashi haqida prezident ham gapirib o‘tgandi.
«2019 yilda hokimning ayni vaqtda Xalq deputatlari kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatishiga doir tartib bekor qilinishi lozim.
Oliy Majlis palatalari rahbarlariga ikki oy muddatda ushbu masalalarni deputat va senatorlar o‘rtasida hamda joylardagi vakillik organlarida atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar dasturini qabul qilish tavsiya etiladi.
Hokim hokimligini qilsin, lekin kengash oldida hisobot bersin. Ikki yil oldin bu gaplar amalga oshmaydigan ishdek ko‘rinardi. Ammo yangi yildan shunday bo‘lishi kerak», — degan Shavkat Mirziyoyev.
Ammo uy-joy qurilishi masalasida barcha hududlarda ishlar bir xil tashkil etilmayapti. Masalan, Farg‘ona shahri markazidagi «Gidroliz» shaharchasidagi 1946—1947 yillarda qurilgan ikki qavatli ko‘p xonadonli uylarni buzib tashlashda hokimlik antiqa gaplarni xonadon egalariga aytgani ma’lum bo‘lgandi.
«Hokimlik tomonidan avvaliga, «Uy topinglar, lekin qimmat bo‘lmasin», degan takliflar berilgan edi. Ma’lum vaqtdan so‘ng, umuman daragi yo‘q bo‘lib ketishdi. Prezidentga muammoimizni yozdik. «Natijasi bo‘lsa kerak», deb bemalol yuraverganmiz. Hokimiyatdan hech qanaqa hujjat kelmagan. 2 yanvarda kelib, «Falonchi falonchi joyga ko‘chadi! Narsalaringizni yig‘ishtiring» deyishdi. Uyni hali ko‘rmagan ham edik. Bir hafta tin olishdi-da, 8 yanvarda buzilish ishlari boshlandi», — deydi farg‘onalik Svetlana Tursunova Kun.uz bilan suhbatda.
Ayni paytda viloyat, xususan Toshkent markazida uzoq yillik davrga mo‘ljallangan shahar bosh loyihasi mavjud emasligi ko‘plab, tushunarsiz buzish ishlariga sababchi bo‘lmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar