date
views 3 340

Imtihon stressimi yo hayajoni?

Imtihon stressimi yo hayajoni?
Har yili minglab abituriyent uka-singillarimiz imtihon sinovlariga kirishadi. Imtihonlarga tayyorlanish muddatining mashaqqatlarini yengib o‘tishsa-da, yaqinlashganida abituriyentlar va yaqinlari kuchli stressni boshdan kechiradilar. Imtihon kuni abituriyentlar oldidagi eng katta to‘siqlardan biri savollarning qiyinligi emas, “imtihon stressi” bo‘ladi, afsuski. Imtihondan oldingi stressni yengish uchun ota-ona, ustoz yoki do‘stlar yordamida tinchlanish mumkin bo‘lsa-da, imtihon vaqtida abituriyent bir o‘zi qoladi. Bu hissiyotni xoh stress, xoh qayg‘u, xoh hayajon deng, albatta har bir abituriyentda uchraydi.

Yoshlar bilishi kerak bo‘lgan muhim haqiqatlardan biri ular imtihon paytida his qilgan stress tabiiy holat ekanligi. Imtihon stressini butkul yo‘qotish kerak deyishning iloji yo‘q! Hayajonlanish (stress) aslida muvaffaqiyatga qo‘yiladigan qadamlardan biri. Imtihonga kirgan va kiradigan abituriyentlar bu hayajonni boshdan kechirganlar va kechiradilar. Imtihon hayajoni yoki qayg‘usi yoshlar o‘ylaganidek zararli hissiyot emas. Aksincha, his qilish kerak bo‘lgan foydali bir tuyg‘udir. Qayg‘u haddan oshganida zarar bera boshlaydi. Imtihon hayajonining eng katta sababi abiuterint salbiy o‘ylar qayg‘usiga tushadi.

“Imtihonlarni yaxshi topshirolmasam nima bo‘ladi?”, “Ota-onamga qanday javob qilaman?”, “O‘rtoqlarimga nima deyman?”, “Ustozlarimning yuziga qanday qarayman?” shu va shunga o‘xshash savollardan iborat o‘ylar abituriyentni qayg‘uga soladi. Kelajak bilan bog‘liq salbiy o‘ylarning ortishi imtihon stressini orttiribgina qolmay, oddiy savollarga ham xato javob berishga sabab bo‘ladi. Imtihon paytida kuchli stressga tushgan abiuteriyentlar bajarishi kerak bo‘lgan mashqlardan biri nafas mashqi hisoblanadi.

O‘tirgan joyida chuqur-chuqur nafas olish, abituriyentni tinchlantiradi. Nafas mashqini ijobiy o‘y-xayollar va ichki xotirjamlik bilan quvvatlab, hayajon va stress darajasini tushurib, tinchlanishdan boshqa chora yo‘q. Shu o‘rinda abituriyentlarga ichki xotirjamlikka erishish uchun bir misol keltiraman. Ichki xotirjamlik faqat “imtihon stressi”dagina bo‘lib qolmay, stressga tushgan har bir inson bajarishi mumkin bo‘lgan eng qulay va foydali tinchlanish uslubidir.

Ichki xotirjamlik – o‘zini duo qilish

Besh yoshlar chamasidagi, kichkinagina qizalog‘i bilan xaridga chiqqan ona, ham ro‘zg‘or uchun zarur xaridini bajaryapti, ham qizini ovutyapti. Tinimsiz har yonga qo‘l cho‘zayotgan qizchasining beboshligidan qiynalyapti. Do‘konda aylanib yurar ekan, shokolad bo‘lmasini ko‘rgan bola onasining qo‘lidan sirg‘alib chiqib, “Shokolad yeyman! Shokolad olib bering!” derdi. Shokolad qutilariga qo‘l uzatib, olmoqchi bo‘lganida bir nechta qutu yerga ag‘darilib, shokoladlar sochilib ketdi. Xaridorlar qizchaning injiqligi va atrofni to‘zg‘itgani uchun ona-bolaga ma’noli ko‘z tashlab qo‘ymoqdalar.

Do‘kon xizmatchilari darhol yerda sochilib yotgan shokoladlarni yig‘ishtirib olishdi. Ona esa juda xotirjam holatda qizining qo‘lidan tutib: “Oisha, tinchlan!, Hozir xaridni tugatib uyga qaytamiz” dedi. Kassaga yaqinlashishganida qizaloq endi kassa oldidagi konfet, saqichlarga yopishadi: “Oyi, konfet olib bering! Oyi, saqich olib bering!” deya baqirib shirinliklarga qo‘l cho‘zdi. Qand va saqichlarning qutilari yerga tushib, sochildi, yana xaridorlar va do‘kon xizmatchilari og‘ringan nigohlarini ona-qizga tikilishdi. Xizmatchilar jahlini sezdirmaslikka urinib, to‘kilgan, sochilgan shirinliklarni to‘plab oldilar. Ayol yana g‘oyat xotirjam holda qizchasining qo‘lidan ushlaydi: “Oisha, tinchlan!

Mana, xaridimizni ham tugatdik. Hisob-kitob qilamiz va uyga qaytamiz” dedi. Xarid hisobini to‘lash uchun kassaga yo‘nalgan ona, kassir qaytimga bergan mayda pullarni sumkasiga qo‘yar ekan, qizaloq bu gal onasining qo‘llariga yopishadi: “Oyi, pul bering! Menga pul bering!” Shu asnoda hamyonni tortqilagani uchun, ichidan pullar yerga tushib sochiladi. Do‘kondagilar qizaloqning haddan oshgan beboshligidan g‘azablanganida, ona nihoyatda xotirjamlik bilan qizining qo‘lidan ushladi:

– Oisha, tinchlan! Xaridni tugatdik. Endi uyga qaytamiz!

Bu voqealarni kuzatib turgan keksa onaxon ayolga yaqinlashdi va shunday dedi:
– Qizim! Men besh nafar farzand dunyoga keltirib, o‘stirdim. Atrofimda juda ko‘p ona ko‘rdim. Lekin farzandiga nisbatan sizday sabrli onani hech qachon ko‘rmadim. Qizingiz Oishaga juda sabr bilan muomala qilar ekansiz...

Qizining qo‘lidan tutib, do‘kondan chiqayotgan ayol onaxonga qarab jilmaydi:
– Xolajon, qizimning ismi Oisha emas. Qizimning ismi Fotima. – Onaxon hayrat bilan unga termular ekan, ona so‘zlariga shunday yakun yasadi:
– Oisha mening ismim. Men qizimni emas, o‘zimni tinchlantiryapman!

Ichki xotirjamlik o‘zini o‘zi tinchlantirish demakdir.
O‘ziga o‘zi nasihat qilish demakdir.
O‘ziga o‘zi duo qilish demakdir.

Imtihonlarga kiradigan barcha abituriyentilarga muvaffaqiyat tilayman!
Yo‘lingiz va baxtingiz ochiq bo‘lsin!
Farzona Oqil

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Imtihon stressimi yo hayajoni?