date
views 3 262

O‘zbekiston bejizga "Yil mamlakati" bo‘lmadi

O‘zbekiston bejizga "Yil mamlakati" bo‘lmadi
Buyuk Britaniyaning 1843 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan hamda dunyodagi eng obro‘li va mashhur “The Economist ” jurnali bizning mamlakatimizni shunday yuksak nomga sazovor bo‘lganligini e’tirof etib, yurtimizni joriy yilda jadal sur’atda o‘sishga erishgan mamlakat deb topdi.

Har hafta 800 mingdan ortiq nusxada chop etilayotagn mazkur jurnal har yili demokratiyaga intilayotgan mamlakatlar orasidan bu yo‘lda eng katta qadam tashlagan davlatni “Yil mamlakati” deb e’tirof etib keladi.

“The Economist” jurnali versiyasiga ko‘ra “Yil davlati” nomi o‘tgan yili Armanistonga nasib etgan bo‘lsa, joriy yilda esa bu nomga Shimoliy Makedoniya, Sudan, Gretsiya kabi davlatlar talabgorlik qilgan va bu yuksak nomga bizning yurtimiz munosib deb topilgan.

Hukumat sezilarli darajada majburiy mehnatni bas qildi. Mudhish nomi bilan tanilgan qamoqxona yopildi. Xorijlik jurnalistlar mamlakatga kiritilmoqda. Davlat iqtisodiyotini qurish uchun xorijlik texnokratlar taklif etilmoqda”, – deyiladi maqolada.

Shuningdek, “O‘zbekiston hali uzoq yo‘l bosishi kerak, ammo hech qaysi bir davlat 2019 yilda O‘zbekistonchalik olg‘a qadam bosgani yo‘q”, – deya xulosa qilingan.

Bunday sharafli nomga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.
O‘tgan qisqa davr ichida yurtimizda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida juda ko‘plab ijobiy ishlar, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Qaysi soha yoki yo‘nalishni olmaylik, barcha jabhalarda keskin o‘zgarishlar bo‘lganligini hamda ayni paytda bo‘layotganligini barchamiz ko‘rib, his qilib turibmiz.

Demokratik davlatning asosiy belgisi nimada?
Fuqarolarning erkinligi, huquqni muhofaza qilish tizimini isloh qilish, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarining erkinligi, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilishi, chegaralarning ochilishi, korrupsiyaga barham berish, fuqarolik jamiyatining shakllanishi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, xalqaro e’tirof etilgan normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlarni qayd etish mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilganlarning barchasi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘zining aksini topmoqda.
Birgina, davlatimiz rahbarining faoliyatining ilk davrlaridanoq “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligini ta’kidlab o‘tish joiz.

Chunki korrupsiya bo‘lgan davlatning ertangi kelajagi bo‘lmaydi. Davlat ichidan yemirilib, tanazzulga yuz tutadi. Shu sababdan ham yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi.

Shuningdek, yurtimizda majburiy mehnatga butkul barham berildi. Bu esa dunyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilganligini hamda xalqaro ommaviy nashrlarda ham keng yoritilganligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Ommaviy axborot vositalarining erkinligi ta’minlanmoqda. Xalqaro ommaviy axborot vositalariga eshiklar ochildi. Ularga yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolarimizning hayoti, shuningdek mamlakatning islohotlarini yoritib borish bo‘yicha erkinlik ta’minlab berilmoqda. Buni birgina yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonida ham guvohi bo‘ldik.

Yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi, kichik biznes yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yoshlarimizning mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarda ta’lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jonajon Vatanimizning har bir go‘shasida keng bunyodkorlik ishlari avj olib bormoqda.

Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar tiklandi, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda hamda yurtimiz va chet ellik fuqarolar uchun turistik imkoniyatlar, investorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Jumladan, CNN saytida kuni kecha chop etilgan “Nega O‘zbekiston 2020 yilda eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi deb e’tirof etilmoqda?“ mavzusida chop etilgan maqolada keltirilgan ma’lumotlar va statistik raqamlar ham buni tasdiqlaydi. Xususan mazkur maqolada qayd etilishicha, “Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatni sayohatchilar uchun turistik maskanga aylantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 90 ga yaqin davlat fuqarolari uchun mamlakatga kirishda 30 kunlik vizasiz tizimni, 77 davlat fuqarolari uchun elektron viza tizimining joriy etilishi ushbu mamlakatga keluvchi sayyohlar oqimining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Sayyohlikka oid nashrlarning eng yetakchisi “Lonely Planet” O‘zbekistonni “2020 yilda sayohatga munosib mamlakat“ deb, “The Economist” nashri esa “Yil mamlakati“ deb e’tirof etdi“.

Bundan tashqari, AQSH Tijorat vazirligining ma’lumotiga asosan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimi oshib borayotganligi, 2014 yilda respublikamizga keluvchilar soni 1,9 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 5,4 millionga yetganini e’tirof etganligi haqida so‘z yuritiladi.

Binobarin, Yurtboshimiz rahbarligida mamlakatimizda xalqimiz turmush farovonligini oshirish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lida jadallik bilan amalga oshirilayotgan ishlar, ijobiy o‘zgarishlar bilan faxrlansak arziydi, albatta.

Yurtimizga, xalqimizning birdamligiga ko‘z tegmasin. Davlatimiz dunyo mamlakatlari orasida shunday yuksak va sharafli nomlarga sazovor bo‘laversin.

Zafar Jumanov,
IIV Malaka oshirish instituti
boshlig‘ining o‘rinbosari

Bahodir Ulug‘bekov,
IIV Malaka oshirish instituti
kafedra boshlig‘i
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston bejizga "Yil mamlakati" bo‘lmadi