17:41 / 28.06.2020
1 330

Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyoda. Buxoro amirligi Rossiya protektoratiga aylanganiga 152 yil to‘ldi

Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyoda. Buxoro amirligi Rossiya protektoratiga aylanganiga 152 yil to‘ldi
Foto: Wikipedia
1868 yil 28 iyun kuni Buxoro amirligi Rossiya protektoratiga aylandi. «Daryo» sana munosabati bilan Rossiya imperiyasining Buxoro amirligiga yurishi haqidagi maqolani havola etadi.

Bosqin sabablari
Rossiya va Buxoro amirligi o‘rtasida savdo aloqalari XIX asr o‘rtalariga kelib bir oz jonlandi. Shu davrda inglizlar ham Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, Buxoro amirligi bozorlariga kirishni maqsad qilgan edi. Buxoro amirligi Rossiya uchun ham, inglizlar uchun muhim strategik hudud edi. Rossiya Buxoro amirligini imperiya tarkibiga qo‘shib olish orqali o‘z janubiy chegaralarida xavfsizlikni ta’minlash va shu orqali Hindistonga yaqinlashish istagida edi.

Britaniya esa Buxoroda iloji boricha o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab, Buxoro bilan muhim bo‘lgan ruslarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida edi. Buning uchun hatto bir necha marta elchilar, josuslar yuboriladi. Buxoroga inglizlarning e’tibori Rossiya tomonidan Sirdaryo bo‘ylarining egallanishi ortidan kuchaydi. Hatto yevropaliklar ruslar tomonidan egallangan hududlarning Turkiston deya nomlanishidan norozi ham bo‘ldi. Sababi, Turkiston butun Markaziy Osiyo hududlariga nisbatan ham ishlatiladigan nom edi.

Bu bilan ruslarning kelajak maqsadlarini anglagan inglizlar bunga qarshi notalar yo‘lladi. Toshkentning ruslar tarafidan egallanishi inglizlarni xushyor torttirdi va Buxoroga ketma-ket elchilar yo‘llay boshladi va amir Muzaffarni ruslarga qarshi chiqishga da’vat etishdi. Buxoro amirligining Rossiya uchun ahamiyati shunda ediki, Yevropada o‘tmay qolgan Rossiya tovarlariga bozor juda zarur edi. Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlarining egallanishidan asosiy maqsad ham resurslar va bozorga ega bo‘lish edi.

Inglizlarning harakatlaridan tashvishga tushgan ruslar go‘yoki imperiya janubiy chegaralarining xavfsizligi nuqtai nazaridan amirlikka qarshi yurishga tayyorlana boshladi. Bu paytda Toshkentda bo‘lgan Chernyayev oz sonli qo‘shin bilan Buxoro ustiga yurishga jazm qilmadi. «Invalid» rus gazetasining xabariga ko‘ra, u Buxoroga o‘zining agentlarini yevropaliklarning o‘yinlarini buzish va amirga Rossiya foydasiga ishlaydigan takliflar bilan yubordi. Ammo ruslarga qarshi bo‘lgan, o‘zini islom va turkiylar mustaqilligining himoyachisi hisoblagan Amir Muzaffariddin elchilarni tinglashni istamadi va ularni zindonga tashlashga buyruq berdi. Bu xabarni eshitgan Chernyayev Sirdaryoni kesib o‘tishga qaror qildi.

Yurish
1865 yil Qo‘qon xonligiga tegishli Toshkent ruslar tomonidan egallandi. Toshkentni qaytarib olishga kelayotgan Buxoro amiri yo‘ldan qaytishga majbur bo‘ldi, ammo Toshkentning ruslar qo‘lida qolishiga rozi bo‘lmadi. Yuqorida bo‘lib o‘tgan voqelardan keyin 1866 yil 30 yanvar kuni Chernyayev 14 ta piyoda otryadlari, oltita kozak guruhlari, 16 ta to‘p bilan Sirdaryoni kesib o‘tib, Buxoroga qarab yurdi. Ammo Samarqandga 25 milya qolganda sahroda qolib ketdi va ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

Foto: Wikipedia
Ushbu muvaffaqiyatsizlik buxoroliklarni ruhlantirdi va amir Muzaffar ruslardan Toshkentni bo‘shatib qo‘yishni so‘radi. Rad javobi olingach, shu yili may oyida 40 ming kishilik qo‘shin bilan Sirdaryo bo‘yiga yetib keldi. Ikki o‘rtada Erjar darasida jang bo‘lib o‘tdi. Jangda Buxoro qo‘shini ruslar artilleriyasi qarshisida ojiz qoldi va jang maydonini tashlab qochishga majbur bo‘ldi. Bu ruslar va Buxoro amiri qo‘shinlari o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv edi. Ushbu g‘alabadan keyin ruslar to‘g‘ri Samarqand va Buxoroga qarab yurishlari mumkin edi. Ammo buning ortidan kelib chiqadigan kata qarshilikka qarshi tura oladigan darajada emasligi sababidan Chernyayev o‘z vaqtini kutishga qaror qildi. 21 may kuni esa Xo‘jand shahri egallandi.

Buxoro amiri rus ofitserlarini ozod qilgan bo‘lsa-da, mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, tushkunlikka tushmadi va jasurligini yo‘qotmadi. Ruslarni har doimgidek dushman sifatida ko‘rishda davom etdi. Ruslar esa qanday qilib bo‘lmasin Buxoroni bo‘ysundirishga bel bog‘ladi. 1866 yil 2-oktabr kuni O‘ratepa qal’asi egallandi. O‘ratepa qo‘ldan ketgach, Buxoro amirligi qo‘lida Sirdaryo bo‘yida faqatgina Jizzax qoldi. (Andreyevskiy Ye.K. Iz zapisok za sorok sem let «Istoricheskiy vestnik», t. SXXX, s. 37.).

Jizzax ham shu yilning 18-oktabr kuni ruslar tomonidan egallandi. Shaharni mudofaa qilgan 11 ming buxoroliklardan olti ming kishi halok bo‘ldi. Ruslardan esa 98 kishi o‘ldirilgan. 11 ta bayroq va 43 ta to‘p ruslar tomonidan o‘lja sifatida egallangan (Kersnovskiy A. A. Istoriya russkoy armii T. 2. — M.: Golos, 1993.— s. 336).

Shunday qilib, Buxoro amiri Sirdaryo bo‘yidagi muhim istehkomlaridan mahrum bo‘ldi va ruslar uchun Samarqandga yo‘l ochildi. 1868 yilning bahorida Kaufman Buxoro amiriga tinchlik sulhi taklif qildi. Ammo amir bu taklifni qabul qilmadi va ruslarga qarshi g‘azot e’lon qildi. Katta qo‘shin to‘plash maqsadida Xiva, Qo‘qon, Qoshg‘ar, Afg‘oniston, Usmonli va hatto inglizlarga ham yordam so‘rab elchilarini yubordi. Samarqand yaqinida 60 ming kishilik qo‘shin to‘plandi. Shuningdek, Jizzax yaqinida ham buxoroliklar bo‘linmalari to‘plandi. Uhum yaqinida Buxoro qo‘shini mayor Grippenberg bo‘linmasiga zarba berdi, ammo katta yo‘qotish bilan chekinishga majbur bo‘ldi.

Foto: Wikipedia
1868 yilning may oyining birinchi kunida Cho‘ponota tepaligida Buxoro amiri hamda Kaufman kuchlari o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Ushbu jangda Kaufmanning qo‘li baland keldi va Buxoro amiri chekinishga majbur bo‘ldi. 2 may kuni rus qo‘shinlari Samarqand shahriga kirib bordi. Kaufman Abramov va Golovchevning ikki otryadi bilan amir qo‘shinlarini ta’qib etishda davom etdi. 12 may kuni Abramov bo‘linmasi Urgutni egalladi. Urgutni himoya qilgan 6 ming kishilik Husayn bek odamlari qarshiligi sindirildi. 18 may kuni Golovchev otryadlari Kattaqo‘rg‘on bo‘sag‘asida janglar qildi. 27 may kuni Abramov Qoratepa yaqinida Hojibeyning 15 ming kishilik korpusini mag‘lub etdi. Ikki kundan keyin esa Kattaqo‘rg‘on ostonasida Usmonbeyning korpusi tor-mor etildi.

Zirabuloq jangi
Iyun oyi boshida Buxoro amirining 30 mingga yaqin kishilik qo‘shini Zirabuloq tepaligida joylashib oldi. Ularga qarshi ikki minglik rus piyoda va otliq askarlari kurash olib bordi. Jang 2 iyun kuni erta tongda boshlandi. Buxorolik piyoda askarlar tepalik etagida, to‘plar esa tepalik ustida joylashgan edi. Birinchi zarbani ruslar berdi. Rus piyodalari hujumga o‘tarkan, ortidan snaryadlar yog‘dirildi, natijada, buxoroliklar katta yo‘qotishlarga uchradi. Rus artilleriyasi hujumiga bardosh bera olmagan buxoroliklar chekina boshladi. Ularning ortidan kazak birliklari yetib borib qilichdan o‘tkaza boshladi.

Ammo buxoroliklar yana o‘zlarini tiklab oldi va qarshi hujumga o‘tdi. Aksiga olib ushbu qarshi hujum tartibsiz ravishda amalga oshirildi. 280 kishilik rus otraydi o‘rab olinganiga qaramasdan, yetib kelgan yordam tufayli ruslar hujumni yana qaytardi. Aynan shu jangda ishtirok etgan rassom N.N. Karazin jang davomida qilichini sindirib qo‘ydi. Keyinchalik, Kaufman uni jangdagi qahramonliklari uchun «Mardlik uchun» Georgiy lentasi bilan taqdirladi.

Rus artilleriyasining tinimsiz o‘q yog‘dirishi natijasida amir qo‘shinlari tor-mor etildi. Askarlar o‘ldi. Amir esa 200 nafar sodiq navkari va bir necha ming kishilik otryadlari bilan Buxoroga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu paytda esa Samarqandda ruslarga qarshi qo‘zg‘alon yuz berdi. Shahrisabz va Kitob begi Bobobek 40 ming kishilik qo‘shin bilan Samarqandni qamal qildi. Bu xabarni eshitgan Kaufman Samarqandni qo‘ldan chiqarishni istamadi va Samarqandga qaytishga majbur bo‘ldi. Samarqand qo‘zg‘aloni bostirildi va jazo sifatida shaharga o‘t qo‘yildi.

Foto: Wikipedia

Buxoro-Rossiya tinchlik shartnomasi
Zirabuloqdagi mag‘lubiyatdan so‘ng amir Muzaffar ruslarning og‘ir shartlar asosidagi sulh shartnomasini imzolashdan boshqa chora topolmadi. 1868 yilning 28 iyun kuni mazkur shartnoma imzolandi. Shartnoma Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman hamda Buxoro elchisi Musabek tomonlaridan imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Jizzax, O‘ratepa va Xo‘jand shaharlari Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgani belgilandi va bundan buyon bu shaharlar Rossiya shaharlari sifatida yuritila boshladi.

Amir 125 ming tillo tanga (500 ming rubl) miqdorida kontributsiya to‘lash majburiyatini oldi. Shuningdek, rossiyalik savdogarlar amirlik hududida erkin savdo qilish huquqini va musulmon savdogarlar bilan bir xil savdo bojlarini to‘lash imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Rossiya tovarlariga 2,5 foiz miqdorida boj belgilandi. Rossiya fuqarolarining amirlik hududida erkin harakatlanishlari kafolatlandi. Samarqand va Kattqo‘rg‘on shaharlari Rossiyaga vaqtinchalik berildi.

Ammo ushbu shartnoma Aleksandr II tarafidan ratifikatsiya qilinmadi. 1873 yilda Toshkentda Kaufman, Shahrisabzda amir Muzaffariddin tomonidan imzolangan Shahrisabz shartnomasiga muvofiq Buxoro rasman Rossiya protektoratiga aylandi. Amalda esa 1868 yildan Buxoro amirligi Rossiya protektorati bo‘lib kelayotgan edi. Shuningdek, shartnomaga muvofiq Samarqand va Kattqo‘rg‘on shaharlari bundan buyon Rossiya imperiyasining «ajralmas» qismi sifatida e’tirof etildi.

Shunday qilib, bir paytlar Sibir xonlarini tayinlagan Buxoro Rossiya vassaliga aylandi va bu 1917 yilgi fevral inqilobigacha davom etdi. Buxoro yana 1917 yildan boshlab yana uch yil mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘ldi. Keyin esa… Yaxshisi buni keyinroq o‘qiymiz…

Jahongir Ostonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)