00:05 / 29.09.2020
1 179

“Oiladagi muammolarga faqat erkaklar aybdor bo‘lmaydi” – Farzandlari kelajagidan xavotirlangan ota hikoyasi

“Oiladagi muammolarga faqat erkaklar aybdor bo‘lmaydi” – Farzandlari kelajagidan xavotirlangan ota hikoyasi
Foto: Fotolia
“Hayotiy hikoyalar” ruknida asosan ayollar taqdiri, ularni qiynayotgan muammolar yoritib borilmoqda. Shu bilan birga, hikoya qahramonlarini qiynagan masalalar fonida jamiyatga taalluqli ayrim muammolar ham ko‘rsatilmoqda. Qahramonlarimiz, asosan, turmush o‘rtog‘i tomonidan jismoniy va ruhiy zug‘umlarga yillar davomida chidab kelayotgan ayollardir. Ammo qarangki, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, boriga qanoat qilmaydigan ayollar ham oramizda uchrab turibdi.

Bu safargi qahramonimiz to‘rt farzandning otasi. U oilasini parokanda bo‘lishidan asrab qolishga harakat qilsa-da, buni uddalay olmadi. Xo‘sh, bunga kim aybdor? Albatta, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Murosayu madora bilan kelishmovchilikni bartaraf etish mumkinmidi? 11 yillik turmushdan buzilishiga nima sabab bo‘lgan?

“Xotinimdan hecham nolimaganman”
2009 yilda oila qurdim. Ayolim bilan sevishib emas, hamma qatori sovchilar orqali uylanganman. Ikki taraf ham bir-biridan ko‘ngli to‘lib, quda-andachilik rishtalarini bog‘lashgan. Ayolimdan hecham nolimaganman. Unga doim ishonganman. O‘rtamizda unchalik jiddiy tortishuvlar bo‘lmagan. Yetti yillik turmushimiz deyarli bir tekisda, ortiqcha mojarolarsiz, o‘zaro murosa bilan o‘tdi. O‘zim kech uylanganim uchunmi, oilamda hammasi bekamu ko‘st bo‘lishini istardim. Shu sababli, eng avvalo, iqtisodiy muammolarga tushib qolmaslik uchun tinmay harakat qilardim. Topganimni uyga tashirdim.

Oliy ma’lumotliman. Neft-gaz sohasida ko‘p yillar faoliyat olib borganman. Hozir xususiy sektorda ishlayman. Toshkent shahrida, ota-onamdan alohida uyda farzandlarim bilan yashaganmiz. Yolg‘iz o‘zim ro‘zg‘orni tebratganman va buni hech qachon ayolimga minnat qilmaganman. Ayolim faqatgina farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lsin, boshqa narsalarga chalg‘imasin, deb ishlashini xohlamadim. U ham buni to‘g‘ri tushunib, xohish-istaklarimga qarshi bormadi. Bu orada bir o‘g‘illi, uch nafar qiz farzandli bo‘ldik. Hammasi binoyidek ketayotgandi. Bir voqea sabab oilamiz darz keta boshladi.

“Oila – ikki inson o‘rtasidagi ittifoq. Tashqi tarafdan kimningdir aralashuvi yaxshilikka olib kelmaydi”
Bir kuni sport mashg‘ulotlaridan keyin uyga kelsam, uyda bolalarim, onam bor ekan. Onam ayolim kenja qizimni olib, ketib qolganini aytdi. Sababini so‘rasam, onamga o‘g‘lingiz bilan ajrashaman, ketaman, deb janjal qilibdi. Keyin o‘yladim: biron yerda xato qildimmi? Yaxshilab eslasam, 2-3 hafta oldin ayolim singlisi bilan ko‘ylak olish uchun bozorga borishni so‘ragandi. “Singling eri bilan birga boraversin, undan ko‘ra bolalarga qaragin”, deb ruxsat bermadim. Qattiqroq ohangda gapirgandim.

Fe’lim tez, qiziqqonman. Lekin bu narsa juda jiddiy sabab bo‘lolmaydi. Ayolimni hech qachon do‘pposlab urmaganman, uydan haydamaganman, unga xiyonat qilmaganman. Hayotimiz izdan chiqishiga asosiy sabab uning qarindoshlari bo‘lgan. Oilaviy masalalarga ayolimning opa-singillari, yana boshqa qarindoshlari aralasha boshladi. Aralashuvlar tobora ko‘payib boraverdi. Ayolimga turli gaplarni o‘rgata boshlashdi. Tabiiyki, menga nisbatan muomalasi o‘zgarib qoldi.

“Murosa qilishga qanchalik harakat qilmayin, qo‘rqqanim sodir bo‘ldi”
Vaqt o‘tgani sari bunaqa muammolar ko‘payib boraverdi. Tez-tez tortishadigan bo‘ldik. U o‘z aytganini ma’qullab turaverdi, men ham. Oilada ayol kishi doim bir pog‘ona pastda turishi kerak, deb hisoblayman. Qiyin vaziyatlarda murosa yo‘li eng to‘g‘ri yechim va ungacha yetib borish uchun, albatta, bir taraf yon bosishi kerak. Ayolim bizning oilada ayollarning fikri ustunroq, deb qat’iy turib oldi.

Ko‘p masalalarda o‘zboshimchalik qildi. Oila boshlig‘i sifatidagi o‘rnim munosabatlarimizda hech qanday rol o‘ynamay qo‘ydi. Opa-singillari, qarindoshlari unga “yo‘l-yo‘riq” ko‘rsatishga harakat qilishdi. Ayolim ajrashaman, deb qo‘rqitishga, bu orada o‘zining gapini o‘tkazishga harakat qildi. Erkak kishi sifatida uning talablarini qabul qilishni istamadim, albatta.

Dugonalari, opa-singillari bilan istagan joyiga borardi, mendan ruxsat olishni esa xayoliga ham keltirmasdi. Har qanday erkak ham bunga chidolmaydi. Shunday janjallar ichida biroz muddat yashadim. Hammasi yaxshi bo‘lib ketar, ayolim xatosini tushunib, o‘ziga kelib qolar, deb o‘yladim. Lekin vaziyat battarlashib boraverdi. Oxiri ajrashish uchun sudga ariza berdim.

“Ajrashish yoqimli holat emas”
Uch yil oldin ajrashishga ariza bergan bo‘lsam, shu yil bahor oyida rasman ajrashdik. Oilam bilan yashagan uyimda ayolim ham yashash ro‘yxatida turgani uchun sud qaroriga ko‘ra, u yerda onasi bolalarim bilan yashaydigan bo‘ldi. Men esa ota-onamning uyida yashab yuribman.

Ajrashish uchun ariza berganimda qabul qilishmadi, chunki ajrashishga arzirli sabab yo‘q, degan javobni oldim. Ikkinchi marta borganimda, qabul qilishdi. So‘ng bir necha marta sud bo‘ldi. Ikki tomon yarashib olishi uchun ikki martadan 6 oylik muhlat berildi. Ayolim vaziyatni o‘nglashga harakat ham qilmadi. Kechirim so‘raydi, keyin hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi, hech bo‘lmasa o‘rtadagi bolalarni o‘ylasa kerak. deb o‘yladim. Afsuski, unday bo‘lmadi. Janjal, g‘iybat, bo‘htonlar ko‘payaverdi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, ajrashish jarayonlarida ko‘pincha sudda ayollarga yon bosiladi. Farzandlar otalar qo‘lida qolishiga deyarli yo‘l qo‘yilmaydi. Ona farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatsa-chi? Unda qanday yo‘l tutiladi? Oxirgi sud jarayonida farzandlar men bilan qolishini so‘rab ariza yozganman. Lekin hech narsa o‘zgarmadi.

“Ayollarimiz shukr qilishni unutib qo‘yayotgandek”
To‘g‘ri, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin: senda ham ayb bordirki, ayoling shunday yo‘l tutgandir. To‘g‘ri, tan olaman: tortishuvlar bo‘lgan vaqtda ayolimga tarsaki solganman. Ammo do‘pposlab, haqoratlamaganman. Xiyonat qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkinmas. Oilada yetishmovchilik bo‘lmagan. Xo‘sh, bizni nima shu axvolga olib keldi? Noshukrlik oxiri yo‘q joyga olib kirib qo‘ydi. Afsuski, ayrim ayollar sabr qilish, boriga qanoat qilishni unutib qo‘yishdi.

Ajrashish uchun ariza berishga borganimda, ikki ayolning suhbatini tasodifan eshitib qoldim. Ulardan biri ajrashmoqchi ekan. Sababini so‘raganimda, erining topish-tutishi yaxshi emas ekan. To‘g‘ri, bu boshqalar uchun jiddiy sabab bo‘lishi mumkin, lekin masalani o‘tirib hal qilsa bo‘ladi. Bu ajrashishga asos bo‘lmaydi, degan fikrdaman. Er-xotin birga harakat qilishsa, bu qiyinchiliklar ham o‘tib ketadi. Ajrashish oson, o‘rtada farzandlar eng ko‘p jabr ko‘rishadi.

“Farzandlarim hali juda yosh bo‘lishsa-da, nima bo‘layotganini tushunishdi”
Ajrashganimdan so‘ng farzandlarimni tez-tez ko‘rib turardim. Hozir esa bu vaqt ancha uzaygan. Chunki sobiq ayolim bilan kelishmovchiliklar ko‘p bo‘lyapti. Bolalarim qanday ulg‘ayayotganini ko‘rolmayotganimdan qiynalaman. Eng katta farzandim endigina 10 yoshga kirgan, eng kichigi bog‘chaga boradi. Bolalar hali go‘dak, hech narsani tushunmaydi, desangiz adashgan bo‘lasiz. Ular hammasini tushunib turishibdi.

Oldingi quvnoqlik, o‘yinqaroqlik ularni tark etgan. Bolalarim o‘zimda qolishini istayman. Onasi dugonalari bilan kechasigacha ko‘chada yurgan holatlarini eshitdim, ko‘rdim ham. Bolalar yolg‘iz qolib ketayotganini o‘ziga ham aytdim. Foydasi bo‘lmadi: yana o‘sha baqir-chaqir. Qizlarim, o‘g‘lim sog‘lom muhitda voyaga yetishlarini xohlayman. Ularning kelajagidan xavotirdaman.

Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)