16:00 / 27.11.2020
2 950

Amir Temur soliqlar xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun nima qilgan?

Amir Temur soliqlar xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun nima qilgan?
Sohibqiron bobomiz Amir Temur o‘z tuzuklarida shunday yozadi: «Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi».

E’tibor bering, ushbu fikrlarda soliq to‘lovchi xalq va soliq yig‘uvchi davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar o‘ta nozik ekanligi, soliqning miqdori mo‘’tadil bo‘lishi zarurligi, bu qoidaga rioya qilmaslik o‘ta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniq va ravshan ifodalanmoqda.

Binobarin, Amir Temurgacha bo‘lgan davrda soliq yig‘uvchilarning ish haqi soliq to‘lovchilar hisobidan bo‘lgan. Ular qonunda ko‘zda tutilmagan soliqlarni undirishga ham harakat qilar edilar. Sohibqiron bobomiz esa soliq undiruvchilarga xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun ularga maosh tayinlagan. Eng muhimi, o‘z qamrovidagi davlatlarda adolatli va mukammal soliq tizimini yaratgan. Bunga tarix guvoh.

Buyuk Temur qishloq xo‘jaligida soliqni ekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab belgilashni joriy qilgan. Hali daromad manbai bo‘lmasdan soliq olish mumkin emasligini qattiq man etgan. Aslida ham hosil pishdi degani dehqonning cho‘ntagiga darhol pul tushishini bildirmaydi-ku?! Avval hosilni yig‘ish, tozalash, saralash va bozorga olib chiqib sotish kerak-ku! Shu jihatdan, uning soliq siyosatini tashkil etish bo‘yicha bildirgan g‘oyalari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Hammamizga yaxshi ma’lum, soliqlar aslida davlatning mustahkam budjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai bo‘lib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yo‘naltiriladi. Har bir fuqaro o‘zi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda soliqlar va yig‘imlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish va boshqa shu kabi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi. Yurtimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan barcha imkoniyatlar zamirida avvalo, tadbirkor boy bo‘lsa davlat ham boy, aholi turmushi farovon bo‘ladi, degan yagona g‘oya mujassam ekani kundek ayon.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida moddama-modda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham bejiz qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘lgani yo‘q. Chunki mazkur hujjatning qabul qilinishi natijasida amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlar yuzaga kelishining oldi olinib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlar tizimlashtiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 iyuldagi tegishli farmoniga muvofiq, ishlab chiqilgan qonun loyihasining asosiy maqsadi – yer resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, qonun loyihasi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjatga aylanishi lozim.

Xo‘sh, qonun loyihasiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat? Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qanday yangiliklar aks etmoqda?

Avvalo, mazkur hujjat bilan yer solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar, yer uchastkalari egallagan qismi bo‘yicha, sog‘lomlashtirish va dam olish joylari, dam olish uylari, aholining ommaviy dam olishi va turizmni tashkil etish uchun belgilangan joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa va turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa, sanatoriy-kurort xizmati uchun foydalanishga berilgan, turistik zonada joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinyapti.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort ob’ektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining kamaytirilgan stavkalarini qo‘llash yoki ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod qilish vakolati berilmoqda.

Yana bir muhim yangilik – loyihaga Prezidentimizning 2020 yil 1 maydagi tegishli qarorining 8-bandiga asosan baliqlarni yetishtirish (o‘stirish) uchun sun’iy suv havzalariga nisbatan qonun hujjatlarida oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin hamda soliq imtiyozlari ularga nisbatan tatbiq etilmasligi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksini mukammal va iqtisodiy farovonlikka xizmat qiluvchi qonun sifatida shakllanishiga erishish dolzarb vazifa hisoblanadi. Qonun loyihasining har taraflama pishiq-puxta holga keltirilib, bobma-bob, moddama-modda ko‘rib chiqilgan holda qabul qilingani zamirida albatta, ulkan maqsadlar mujassam.

Botirbek TO‘RAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amir Temur soliqlar xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun nima qilgan?