Noqonuniy oltin savdosi fosh etildi, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Foto: DXX
Qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Buxoro viloyati, Farg‘ona viloyati hamda Andijon viloyati hududlarida bir qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Mazkur operatsiyalar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilib, qonunga xilof harakatlar zanjiriga chek qo‘yildi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Shofirkon tumanida maxsus tadbir o‘tkazdi. Unda 2001 va 2005 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 110 grammlik nostandart ko‘rinishdagi oltin quymasini 17 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tadbir davomida ushbu qimmatbaho metallni qotishma holatiga keltirgan shaxsning manzili ham tekshirildi. U yerdan oltin eritish uskunalari, maxsus kimyoviy moddalar, shuningdek kislorod va suyultirilgan gaz ballonlari topildi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan oltin quymasining qiymati qariyb 210 million so‘mni tashkil etgan.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda esa Toshkent xalqaro aeroporti orqali mamlakatga kirib kelgan 1980-yilda tug‘ilgan chet el fuqarosi tekshiruvdan o‘tkazildi. Uning oyoq qismiga yashirilgan holda 226 grammlik, umumiy qiymati 290 million so‘mdan ortiq bo‘lgan tilla buyumlarni noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo‘lgani aniqlandi. Barcha zargarlik mahsulotlari qonun doirasida rasmiylashtirib olindi.

Foto: DXX
Andijon viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro Do‘stlik nazorat-o‘tkazish punkti orqali mamlakatga kirib kelayotganda tekshiruvdan o‘tkazildi. Uning yonida deklaratsiya qilinmagan, taxminiy qiymati 400 million so‘mlik 241 gramm tilla buyumlar borligi ma’lum bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotlar Turkiyadan Qirg‘iziston orqali olib kelinib, ichki bozorda sotish rejalashtirilgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari davom ettirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlarning bartaraf etilishi nafaqat iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlaydi, balki ichki bozorda adolatli raqobat muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!