23:10 / 14.03.2021
1 871

Leongard bo‘yicha shaxsning 10 toifasi

Leongard bo‘yicha shaxsning 10 toifasi
Birinchi toifa. “Namoyishkor shaxs”

Bu toifaga mansub shaxsning xulq-atvorida namoyishkorlik doimo sezilib turadi, u barcha xatti-harakatlarni namoyishkorona bajarishni xush ko‘radi. Atrofdagilar bilan tez va osonlikcha muloqotga kirishadi, ishchan va harakatchan bo‘ladi. Xiyla va nayrangga usta, yolg‘on gapirishga moyil, olifta va xayolparast, o‘z shaxsini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi bo‘ladi. Maqtovtalab va manman bu shaxs har qanday ishga tavakkal qo‘l urib ko‘radi, rahbarlikka, atrofdagilarning e’tiborida bo‘lishga intilib yashaydi. Odamlar bilan tez til topishib ketadi, har qanday vaziyatga tez moslashib oladi, agar uning xatti-harakatlari atrofdagilar tomonidan tan olinmasa yoki unga e’tibor qilinmasa, uning kayfiyati tez buziladi va suhbatni boshqa yo‘nalishga o‘zgartirib yuboradi.

Mana shunday paytlarda o‘z foydasiga janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishga urinib ko‘radi va bunga erishadi ham. Bunday shaxs doimo diqqat-e’tiborda bo‘lishni xohlaydi, maqtovga chanqoq bo‘ladi, agar atrofdagilar uni maqtamasa, u o‘zini maqtay boshlaydi, yonidagi suhbatdoshini hayratda qoldiradigan uydirmalar o‘ylab topadi, o‘zining so‘zamolligidan faxrlanib yuradi. Uning oldida birovni maqtashning foydasi yo‘q. Chunki bu uning kayfiyatini tushirib yuboradi, bunday paytlarda u suhbatni yana o‘z foydasiga burishga intilib ko‘radi yoki dialogni to‘xtatib qo‘ya qoladi.

Mabodo, u bilan avval og‘irroq vaziyatlar ro‘y bergan bo‘lsa, suhbat chog‘ida bu voqeani bo‘rttirib so‘zlab beradi, atrofdagilarda unga nisbatan hamdardlik va achinish hissini paydo qilishga urinib ko‘radi. Agar uning so‘zlariga e’tibor qilinmasa, tez jahli chiqadi, biroq buni sezdirmaslikka harakat qiladi. U doimo atrofida odamlarni to‘plab va’zxonlik qilishni, jamoaga yetakchilik qilishni yoqtiradi va o‘zi alohida ko‘zga tashlanib turishni istaydi. U yolg‘izlikni xush ko‘rmaydi va doimo mansabga intiladi. Uning ichki tuyg‘ularini ro‘yobga chiqaruvchi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga katta imkoniyatlar yaratib beruvchi yagona vaziyat – bu mansab. Shu bois qanday bo‘lmasin, u biror-bir mansabni egallashni orzu qilib yashaydi.

Aslida uning xatti-harakatlari doimo ham haqiqatga mos kelavermaydi. Agar kichikroq bir favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, jamoani yig‘ib, juda katta shov-shuv ko‘taradi, yig‘in paytida ataylab ziddiyatli vaziyat yaratadi, jamoa a’zolari ichidan aybdorni izlay boshlaydi, topa olmasa, birovni birovga to‘qnashtirib, aybdorni topib oladi va uning obro‘sini hammaning oldida yerga uradi, o‘zini esa chetga oladi. Janjalni ham o‘z foydasiga hal qilib, vaziyatdan “qahramon” bo‘lib chiqishga urinadi va aksariyat hollarda bunga erishadi ham.

Unda siqib chiqarish xususiyati (psixoanalizda Freyd tomonidan taklif qilingan “siqib chiqarish” atamasi bor) kuchli bo‘ladi, ya’ni u o‘ziga yoqmagan voqea va hodisalar tafsilotini xotirasidan o‘chirib tashlash qobiliyatiga ega. Yolg‘on gapirish bunday shaxs uchun odatiy holdir: uning hayot tarzida yolg‘on va haqiqatlar shu darajada chalkashib ketadiki, keyinchalik gapirgan gaplarining qaysi biri yolg‘on-u qaysi biri haqiqatligini o‘zi ham anglay olmay qoladi.

Shu bois keyinchalik unga bo‘lib o‘tgan voqealar aytib berilsa, eslay olmaydi, biroq haqiqatan ham eslay olmayaptimi yoki eslashni xohlamayaptimi, bilib olish o‘ta mushkul. Bunday odamlarni psevdolog, ya’ni yolg‘onchi deb ham atashadi. Shu asnoda ularning fikrlash doirasi kengligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ular ba’zan inson hayratda qoladigan ishlarga tavakkal qilib qo‘l urishadi va ishchanlik qobiliyati yuqoriligi uchun ancha yutuqlarga erishishadi ham.

Ikkinchi toifa. “Qotma shaxs”

Muloqotga hadeb kirishib ketmaydigan, kamgap, takabbur odam. Kam gapirsa-da, nasihat qilishni xush ko‘radi. Unga nisbatan aslida mavjud bo‘lmagan adolatsizlikdan aziyat chekib yuradi. Shu sababli uning xatti-harakatida odamlarga nisbatan ishonchsizlik va ehtiyotkorlik ustun turadi. Gina va xafagarchilikka beriluvchan, tez ranjiydigan, voqea va hodisalarga shubha bilan qaraydigan shaxs. U bilan yuz bergan voqealardan uzoq vaqt siqilib yuradi, xafagarchilikdan oson chiqa olmaydi, qasoskor bo‘ladi. Bunday odam janjal va kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishda tashabbuskor bo‘lib qolishi mumkin.

Izzattalab, o‘ziga qattiq ishonadigan va o‘z bilganidan qolmaydigan sobitqadam bu shaxs biror-bir ishni qat’iyatlilik bilan boshlab, oxiriga yetkazadi ham. Bu shaxs o‘ta ishchan bo‘lib, har qanday sharoitda ham yuqori qo‘rsatkichlarga erishishga intiladi, boshlagan ishini birov bilan baham qo‘rmay, yolg‘iz o‘zi bajarishni xush ko‘radi. Qaysar, o‘jar va tez-tez hissiy qo‘zg‘alishlar ro‘y berib turadigan bu shaxsning xulq-atvorida haqiqatgo‘ylik, ranjish, tez xafa bo‘lish, gumonsirash, rashk kabi turli xislatlar birgalikda namoyon bo‘ladi. Unda chuqur hissiy kechinmalar ro‘y bersa ham buni darrov yuzaga chiqaravermaydi, ichida saqlashga harakat qiladi va bu borada uning fikrini tez bilib olish ancha mushkul.

Uchinchi toifa. “Rasmiyatchi shaxs”

Sinchkov, maydakash va o‘ta rasmiyatchi shaxs. Janjal va kelishmovchiliklarga kam aralashadi, agar janjalli vaziyatlarda paydo bo‘lib qolsa, o‘zini chetga oladi yoki passiv ishtirokchiga aylanadi. Shunday bo‘lsa-da, shakllanib qolgan tartib-qoidalarning buzilishiga tezda diqqatini qaratadi. Ish joyida haqiqiy byurokrat bo‘lib, har bir ishda rasmiyatchilikka boradi, qo‘l ostida ishlaydiganlarga juda ko‘p talablar qo‘yadi. O‘z ishiga juda puxta, o‘ziga va boshqalarga o‘ta talabchan, tartibni xush qo‘radigan, g‘oyatda sinchkov bo‘lib, har bir ishni reja asosida bajarishni yoqtiradi.

Biror-bir ishni boshlashdan oldin uni sinchkovlik bilan o‘rganadi, reja tuzadi, o‘zi ham o‘sha rejaga qattiq amal qilishga harakat qiladi, o‘z oldiga qo‘ygan ishlarni shoshmasdan, biroq yuqori darajada sifatli bajarishga intiladi. Xatoga yo‘l qo‘yilmadimi deb, o‘zini va boshqalarni tez-tez tekshirib turadi. Rasmiyatchilik uning hayot tarziga aylangan bo‘lib, vaziyat shuni taqozo etsa, mansabdan osonlik bilan voz kechadi. Ruhiy jarohatlarni uzoq vaqt esida saqlab yuradigan, og‘ir tabiatli va o‘ch olishga moyil shaxs.

To‘rtinchi toifa. “Ta’sirchan (qo‘zg‘aluvchan) shaxs”

Jizzaki, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay olmaydigan, qo‘pol, janjalkash va tez g‘azablanadigan kishi. Uning xulq-atvorida instinktiv intilishlar ustun turadi. U badqovoq va zaharxanda kishi bo‘lib, birov bilan osonlikcha murosaga bormaydi, doimo janjalning o‘rtasida bo‘ladi, odamlar orasida kelishmovchiliklarning yuzaga kelishida faol ishtirokchidir. Aksariyat hollarda esa janjalning muallifi uning o‘zi bo‘lib chiqadi. Jamoada uzoq vaqt ishlay olmaydi, tez-tez yuzaga keladigan kelishmovchiliklar sababli bir ishdan boshqa ishga o‘tib yuradi. U odamlar bilan bemalol til topishib keta olmaydi.

Bunday shaxs biror-bir ishga ishtiyoq bilan kirishmaydi, ishga ham zarurat uchun boradi, qaysidir soha yoki ilmni o‘zlashtirishga ham ishtiyoq bo‘lmaydi. Kelajakka befarq va bugungi kun bilan yashaydigan bu shaxs­ ko‘ngilxushlik va o‘yin-kulgili tadbirlarga o‘ch bo‘ladi. Biroq bunday joylarda ham odamlar bilan urishib qoladi. Hamma bilan til topishavermagach, o‘zidan kuchsizroq odamlar bilan muloqot qilishga va ularni o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qiladi. Yuqori darajadagi qo‘zg‘aluvchan bu shaxsni boshqarish qiyin bo‘lib, uning xatti-harakatlari atrofdagilar va jamoa obro‘si uchun xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Beshinchi toifa. “Gipertim shaxs”

Gipertimiya – yuqori kayfiyatga ega va hissiyotga boy degani. Bu toifaga kiruvchi shaxs yuqori darajada harakatchanligi, so‘zamolligi, mimikalarga boy xatti-harakatlari, dilkashligi bilan ajralib turadi. U har qanday odam bilan tezda muloqotga kirishib keta oladi, ulfatchilikni xush ko‘radi, shum va sho‘x bo‘ladi. Suhbat chog‘ida dastlabki mavzudan tezda chetga chiqib ketadi, gohida buni o‘zi ham sezmay qoladi. O‘z tengdoshlari orasida e’tiborda bo‘lishni, iloji bo‘lsa ularga yo‘lboshchi bo‘lishni va shovqin-suronli hayotni xush ko‘radi. Deyarli doimo a’lo kayfiyatda bo‘ladi, o‘zini yaxshi ko‘radi, yuqori hayotiy quvvat va ishtahaga ega bu odamning yuz-ko‘zi kulib turadi, hayotdan quvonib yashaydi. U o‘ziga yuqori baho beradi, chaqqon va yengiltak bo‘ladi, quvnoq hayotni yoqtiradi, ishbilarmonligi bilan ajralib turadi, yuzaki ishlarni zudlik bilan bajarib tashlaydi.

Bunday shaxs juda ajoyib suhbatdosh bo‘lib, atrofdagilar qo‘nglini chog‘ qilishni xush qo‘radi, ko‘ngilyozar ishlarga yo‘lboshchilik qiladi, kerak bo‘lsa turli xursandchiliklarni o‘zi o‘ylab topadi va boshqalarni bunga jalb qiladi. Bu ishlarga keragidan ortiqcha berilish janjalli vaziyatlarning kelib chiqishiga turtki bo‘ladi. Agar u qilayotgan ishiga ochiq to‘sqinlikni sezsa yoki bu ishlarni amalga oshirayotganda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, asabiylashib ketadi, qattiq g‘azablanadi. Ba’zan o‘z majburiyatlariga yuzaki qaraydi, jiddiy tartib-intizomga uning toqati yo‘q. Hayot tarzida bir xillik va yolg‘izlikni yoqtirmaydi, ba’zan axloqsiz ishlarga qo‘l uradi.

Oltinchi toifa. “Distimik shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs o‘zining jiddiyligi bilan ajralib turadi, o‘ta bosiq bo‘lib, kayfiyati past odamni eslatadi. Uning harakatlari sust bo‘lib, kelajakka tushkun ruhda qaraydi, o‘z imkoniyatlarini ham past baholaydi, birovlar bilan kam muloqotga kirishadi, davralarda suhbatga aralashmay jim o‘tirishni xush ko‘radi. U, odatda, ko‘cha-ko‘ylarga chiqmay uyda o‘tirishni afzal ko‘radi, g‘ala-g‘ovur va shovqinli joylardan chetroq yuradi, yolg‘izlikni yoqtiradi. Bunday odamni o‘troq hayot kechiruvchi deb atash mumkin. Biroq u bilan yaqinlashishga intilganlarni hurmat qiladi, unga bo‘ysunishga ham tayyor turadi, haqqoniy do‘stlikning qadriga yetadi. To‘g‘rilik va haqiqatgo‘ylikka intilsa-da, o‘z fikrini bayon qilishda ancha sust bo‘ladi.

Yettinchi toifa. “Xavotirli shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs birovlar bilan darrov muloqotga kirishib keta olmaydi, doimo xavotirda yuradi, qo‘rqoq va uquvsiz bo‘ladi, o‘ziga ishonmaydi. Qorong‘ilikdan, uyda yolg‘iz qolishdan va hayvonlardan qo‘rqadi. O‘z tengdoshlariga qo‘shilib keta olmaydi, ulardan o‘zini chetga oladi, shovqinli, o‘yin-kulgili joylarni yoqtirmaydi, mabodo bunday joylarda paydo bo‘lib qolsa, uyalib, chetda tomoshabin bo‘lib turadi. Agar uning mehnat yoki o‘quv faoliyatini kimdir tekshirmoqchi bo‘lsa yoki biror bir fandan imtihon topshirishga to‘g‘ri kelsa, bunday holatlarni juda og‘ir qabul qiladi, o‘ziga ishonchsizligi yanada kuchayadi, bezovtalana boshlaydi.

Agar qaysidir masala bo‘yicha nutq so‘zlash kerak bo‘lsa yoki auditoriyada ma’lumot berish zarurati tug‘ilsa, uyalib, qattiq terga botadi. Shu bois u o‘z xohishi bilan hech qachon minbarga chiqmaydi. Kattalar himoyasiga o‘zini jon deb otadi, biroq ularning uzundan-uzoq pand-nasihatlari uning joniga tegadi. Bunday paytlarda o‘zining uquvsizligini sezib turadi va uyatchanligidan aziyat chekadi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini-o‘zi yupatib yuradi, shundayligidan ba’zan siqiladi va yig‘lab ham oladi. Unda burchga sadoqat, mas’uliyat hissi, yuqori darajadagi axloq va odob tamoyillari ancha erta shakllanadi. O‘zida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qudrati yetadigan ishlar bilan shug‘ullanishga intiladi va o‘sha yerda o‘z imkoniyatlarini to‘la ochishga harakat qiladi.

Bolalik paytidan mavjud bo‘lgan uyatchanligi va tortinchoqligi sababli katta bo‘lganda ham o‘zi xohlagan odamlar bilan tezda muloqotga kirishib keta olmaydi. Ko‘p gap ko‘tara olmaydi, agar uni nohaq ayblashsa, o‘zini himoya qila olmaydi, o‘sha yerda kuchliroq odamning himoyasini xohlab qoladi va uning har qanday topshirig‘ini bajarishga shay turadi. Bunday shaxs bilan do‘stona munosabatlarni boshlash ham oson.

Atrofdagilar bilan janjalli voqealarga kam aralashadi, agar kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, passiv ishtirokchiga aylanadi, xolos. Har holda u o‘z imkoniyatlarini tanqidiy baholay oladi, xulq-atvoridagi kamchiliklarni o‘zi ham biladi. Uni mehr izlovchi shaxs deb atash mumkin. Ular o‘zlarini o‘zlari himoya qila olmaganliklari sababli hamkasblari tomonidan kulgili voqealarning qahramonlariga aylanib qolishadi. Shu bois, qandaydir nojo‘ya voqea yuz bersa, osonlikcha uning bo‘yniga ag‘darishadi.

Sakkizinchi toifa. “Xushchaqchaq shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxsning xulq-atvorida yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan xislatlar – o‘ta baxtiyorlik, zavqlanish, xushchaqchaqlik, shodlanish, huzurlanish hissidir. Boshqalarga shodlanish, zavqlanish hissini yuzaga keltira olmaydigan vaziyatlar unda shunday his-tuyg‘ularni yuzaga keltira oladi. Ozgina bo‘lsa-da, quvonchli voqealar darrov uning e’tiborini tortadi va kayfiyatini ko‘taradi, xuddi shunday g‘amgin voqealar esa kayfiyatini tushuradi. U muloqotga tez kirishib ketishi, so‘zamolligi va yoqimliligi bilan boshqalardan ajralib turadi, agar kulsa yayrab kuladi. Shu bois uni ko‘pchilik yoqtiradi. Bahslashishni xush ko‘rsa-da, bahsni janjalgacha yetkazmaydi.

Turli xil kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, vaziyatga qarab yo faol, yo passiv ishtirokchiga aylanadi. U do‘stlari va yaqinlariga juda bog‘lanib yashaydi, unda achinish va rahmdillik hissi yaxshi rivojlangan bo‘ladi, o‘z his-tuyg‘ularini yashirmay yaqqol namoyon qila oladi. Agar suhbat chog‘ida uni yaqinroq bilishga harakat qilsangiz, bemalol buning uddasidan chiqasiz, ya’ni u o‘z dardini doston qilishga doim tayyor. Aksariyat hollarda vahimachi bo‘ladi, arzimagan vaqt ichida kayfiyati tez o‘zgarib, birdan “portlab ketishi” mumkin. Shuning uchun ham ularni beqaror shaxs deyishadi.

To‘qqizinchi toifa. “Emotsional shaxs”

Bu toifaga kiruvchilarning xulq-atvoridagi xislatlar bir qaraganda xushchaqchaq toifaga kiruvchilarga o‘xshab ketadi. Biroq emotsional shaxslar o‘zlarining his-tuyg‘ularini yaqqol namoyon qilishavermaydi, ya’ni bir oz niqoblangan tusda bo‘ladi. Emotsional shaxs uchun hissiyotga beriluvchanlik, ta’sirchanlik, vahima, qo‘rqoqlik, xavotir va ko‘p so‘zlash xos. Uning xulq-atvorida yaqqol namoyon bo‘luvchi xislatlar – insonparvarlik, odamlar va hayvonlarga nisbatan mehr-shafqat va mehribonlikdir. Tashqi ta’sirlarga tez beriladi, hayotda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar unga tez ta’sir qiladi, yig‘lab ham oladi.

Kinofilmlardagi zo‘ravonliklar uni qattiq larzaga soladi. Bu filmlardan so‘ng kayfiyati uzoq vaqt buzilib yuradi, yomon tushlar ko‘rib chiqadi. Janjalli voqealarga kam qo‘shiladi, xafa bo‘lsa, ichiga yutadi. Unda burchga sadoqat kuchli shakllangan bo‘lib, topshiriqlarni bajarishda doimo ilg‘or bo‘ladi. U tabiatni sevadi, o‘simliklar parvarish qilishni va hayvonlarni yoqtiradi, bu ishidan zavqlanib yuradi.

O‘ninchi toifa. “Siklotimik shaxs”

Siklotimiya grekchadan kayfiyat, his-tuyg‘u degani. Gipertimik (yuqori kayfiyat) va distimik (buzuq kayfiyat) holatlarning bir-biri bilan almashib turishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday shaxsning kayfiyati tashqi ta’sirlarga juda bog‘liq bo‘lib, tez-tez o‘zgarib turadi. Ba’zan hech qanday sababsiz uning kayfiyati buzilishi mumkin. Kayfiyatni ko‘taruvchi voqealar ro‘y bersa, uning faolligi oshib, juda ishchan bo‘lib qoladi, tashlab qo‘ygan ishlarini zavqlanib, qayta boshlab yuboradi, o‘zidagi bu faollikni ko‘rib, ko‘tarinki kayfiyatda yuradi, so‘zamol bo‘lib qoladi, miyasiga zo‘r g‘oyalar kela boshlaydi.

Bunday holat gipertimiya deb ataladi. Agar to‘satdan g‘amgin voqealar yuz bera boshlasa, barcha qilayotgan ishlarini to‘xtatib qo‘yadi, kayfiyati buziladi, fikri karaxt va kamgap bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qolib, janjal ko‘taradi va g‘azablanib yuradi. Bu holat distimiya deb ataladi. Shu bois unga jiddiy ishlarni topshirib bo‘lmaydi. Distimiyani depressiyadan ajratish ba’zan qiyin. Shuning uchun ularni uzoq vaqt kuzatuvga olish zarur.

“Asab va ruhiyat” ilmiy-tibbiy markazi
direktori, professor Zarifboy Ibodullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Leongard bo‘yicha shaxsning 10 toifasi