Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati raisi Almambet Shiqmamatov qoramol uchun sertifikatlarni ommaviy ravishda olib, O‘zbekistonga eksport qilgan shaxslar qarzini kechira olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda u parlament Byudjet va fiskal siyosat qo‘mitasining 15-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘z ochdi.
Shiqmamatovning ta’kidlashicha, joriy yil yozda deputatlar Davlat soliq xizmati orqali ko‘plab fermerlarning qarzini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan edi. Deputatlar chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan va katta qarzdorlikka ega fermerlarning qarzini kechirib, ularni soliqdan ozod qilishni so‘ragan edi.
“Go‘sht narxining keskin oshishi tufayli Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Alabuk, Jalolobod va Botkenda tekshiruvlarni boshladi. Bu jarayon natijasida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari va davlat xizmatchilari hibsga olindi. Shuningdek, mazkur sxemalar bilan aloqador bo‘lgan barcha shirkat rahbarlari ham hibsga olingan”, dedi u.
Shiqmamatov ularning Qishloq xo‘jaligi vazirligi departamentidan sertifikatlarni ommaviy ravishda xarid qilib, O‘zbekistonga eksport qilayotganini eslab o‘tdi va shunday amallar uchun kechirim yo‘qligini ta’kidladi.
“Biz ularni soliqdan ozod qila olmaymiz va tergov jarayoniga aralashib bilmaymiz”, dedi Davlat soliq xizmati rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda go‘sht narxlari 15–20 foizga qimmatlashgan. Bu esa aholining asosiy ehtiyojlaridan biri bo‘lgan go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan kirishni cheklashi mumkin. Narhning oshishi asosan chorva va go‘sht mahsulotlarining eksport hajmining ortishi bilan bog‘liq. Xususan, katta miqdordagi jonli hayvonlar va go‘sht chet elga olib chiqilayotgani ichki bozorda taklifni kamaytiradi va narhga bosim yaratadi.
Shu bilan birga, chegaralar orqali chorva mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishi – kontrabanda holatlari ham mavjud bo‘lib, bu jarayon rasmiy nazoratdan tashqarida kechayotgani sababli muammoni murakkablashtirmoqda. Ozuqa mahsulotlari, xususan yem va somon narxining oshishi chorva parvarishini qimmatlatmoqda va ishlab chiqaruvchilar xarajatini ko‘paytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida go‘sht narxlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir muhim omil – bozorda oraliq savdogarlarning ko‘pligi. Ular ba’zan go‘shtni omborlarda saqlab, sun’iy tanqislik yaratish orqali ko‘proq foyda olishga harakat qiladi. Mavsumiy talab ham narxlarga ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa qish oylarida va bayramlar oldidan talab oshadi. Valyuta kursining o‘zgarishi ham muhim rol o‘ynaydi, chunki import qilinadigan yem, dori-darmon va asbob-uskunalar qimmatlashadi. Barcha ushbu omillar birlashib narxlarning barqarorligini buzgan va hukumatni tezkor choralar ko‘rishga majbur qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Suv resurslari, Qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash vazirligi mamlakatda go‘sht narxiga noma’lum muddatga davlat nazorati o‘rnatilishini e’lon qilgan edi. Buning maqsadi – go‘sht narxining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, chorvani chegaradan olib kirish va olib chiqishni nazorat qilish, hamda eksportga son jihatidan cheklov qo‘yish. Shu doirada tegishli xizmatlarga mamlakat hududida go‘sht narxini uzluksiz monitoring qilish va kontrabandaga qarshi kurash bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!