date

Soliq mansabdorining shilqimligi fosh bo‘lib lavozimidan ketdi

Soliq mansabdorining shilqimligi fosh bo‘lib lavozimidan ketdi

Sirdaryo viloyatida tadbirkor ayolga nisbatan noodobona munosabatda bo‘lgan soliq mansabdori katta shov-shuvdan so‘ng ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov jamoatchilikka ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangiyer shahar soliq inspeksiyasi rahbari A.B. bir necha oy davomida turmush o‘rtog‘i xorijda mehnat qilib yurgan tadbirkor ayolga shilqimona va mazmunsiz SMS-xabarlar yo‘llab, uni bezovta qilib kelgan. Uning ayrim xatlarida ayolning do‘koniga tekshiruvchi inspektorlarni yuborgani va keyinchalik “xolidan xavotirlanayotganini” bildirib, kechqurun bir piyola choy bahonasida uchrashishni taklif qilgani qayd etilgan.

Bu holatdan qo‘rqib qolgan tadbirkor ayol hatto bir necha kun do‘koniga chiqmay, uyda o‘tirishga majbur bo‘lgan. Mazkur vaziyat jamoatchilik orasida ham katta norozilik uyg‘otdi.

Yo‘l qo‘yilgan xatti-harakatlar yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) asosida ish qo‘zg‘atdi. Shu bilan birga, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, A.B. lavozimidan ozod etildi.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanov bu holat yuzasidan munosabat bildirib, faqatgina “mayda bezorilik” moddasi asosida ish ochilganini tanqid qildi. Uning fikricha, voqea aslida mansabni suiiste’mol qilish va jamiyatdagi oilaviy barqarorlikka tahdid sifatida baholanishi lozim edi.

“Bir nechta SMSni ochiqlash orqali bir oilaning hayoti yanada murakkablashishi mumkin. Lekin shu bilan birga, prokuratura ko‘rinib turgan holatda mansabdan foydalanishni yashirmoqda. Agar bunday vaziyatga oddiy inson yo‘l qo‘ysa, uni qattiq jazolashardi. Shuning uchun ham jamoatchilikning qat’iy munosabati juda muhim”, — deb yozdi u o‘z chiqishida.

Jamiyatda bu kabi holatlarga nisbatan keskin munosabat bildirish, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va mansabdorlarning mas’uliyatini kuchaytirish muhimligi ta’kidlanmoqda. Mutaxassislar fikricha, shunga o‘xshash voqealarning ochiq muhokama qilinishi boshqalar uchun saboq bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soliq mansabdorining shilqimligi fosh bo‘lib lavozimidan ketdi