Buxoro viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida yana bir holat fosh etildi. Peshku tumanida istiqomat qilayotgan tadbirkor mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisining noqonuniy xatti-harakatlari haqida joriy yilning 10 sentyabr kuni mutasaddi idoralarga rasmiy ariza bilan murojaat qildi.
Ariza mazmuniga ko‘ra, hokim yordamchisi o‘z xizmat vakolatidan suiiste’mol qilgan holda tadbirkorga yordam berish bahonasida pora talab qilgan. U hokimiyat zaxirasidagi 7 sotix yer maydonini “K-savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritib, onlayn auksion savdolari orqali rasmiylashtirib olib berish evaziga fuqarodan 6 ming AQSH dollari talab qilgani ma’lum qilindi.
Mazkur xabar asosida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir tashkil etildi. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi talab qilingan 6000 AQSH dollari miqdoridagi pora mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.
Tergovga qadar dastlabki surishtiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, hokim yordamchisining noqonuniy harakatlari tadbirkorning ishonchini suiiste’mol qilish orqali amalga oshirilgan. Bu esa uning mansab vakolatidan foydalanib shaxsiy manfaatini ko‘zlaganini yaqqol ko‘rsatadi.
Hozirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi — ya’ni mansabdor shaxs tomonidan pora olish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan ayblanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Buxoroda hokim yordamchisi pora olayotganda ushlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar