08:30 / 12.05.2021
1 485

O‘zbekistonda aprel oyida ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab qanday o‘zgardi?


Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2021 yil aprel oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi o‘zgarishlarni tahlil qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz». Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab uzoq muddatli tendensiyaga qaytdi. Ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oshib, mahalliy bozorda rekordlar o‘rnatishi mumkin, lekin narxlarning keskin oshishi kuzatilmaydi.

Aprel oyida mamlakatda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 20,8 mingtani tashkil etdi, bu mart oyiga nisbatan 2,5 foizga, 2019 yilning aprel oyiga (16,2 ming) nisbatan 28,1 foizga ko‘p. 2020 yilning aprel oyida koronavirus pandemiyasi tufayli bu ko‘rsatkich 2,1 mingga tushib ketgandi.

Aprelda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi.
Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizdan ortig‘i Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Aprel oyida poytaxtda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 6,76 mingtani tashkil etdi, bu mart oyiga nisbatan 9,5 foizga ko‘p. Shu bilan birga, 2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish 83,4 foizni tashkil etdi. 2020 yilning aprelida poytaxtda bu ko‘rsatkich 214 mingtagacha tushib ketgandi.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Toshkent (9,5 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz), Sirdaryo (5,9 foiz) va Toshkent (3,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Bu ko‘rsatkich Surxondaryo (13,7 foiz), Jizzax (9,9 foiz) va Navoiy (8,4 foiz) viloyatlarida kamaydi.

2021 yilning birinchi choragida jami 1,5 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. 1 aprel holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 29,4 trillion so‘mni tashkil etdi, bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 7,1 trillion so‘m (yoki 31,8 foiz)ga ko‘p.

Shundan 455,5 milliard so‘m (ipoteka kreditlari umumiy hajmining 28,8 foizi) Toshkent shahriga, 144,5 milliard so‘m (9,1 foiz) Andijon, 127,9 milliard so‘m (8,1 foiz) Farg‘ona va 122,9 milliard so‘m (7,8 foiz) Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keldi.

Yanvar—mart oylarida berilgan ipoteka kreditlari.
Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Mutaxassislarning qayd etishicha, qurilish hajmini oshirishning asosiy omili aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, uy-joy narxining oshishi kutilmayapti, chunki hukumat tomonidan uy-joylar kvadrat metrining narxi 4 million so‘mdan oshmasligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga arzon qurilish materiallari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish orqali erishish rejalashtirilgan.

Uy-joy qurilishi dasturining amalga oshirilishi qurilish bozorini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida pandemiyadan keyingi davrda iqtisodiy rivojlanishga qo‘shimcha turtki beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda aprel oyida ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab qanday o‘zgardi?