10:10 / 21.06.2021
2 558

«Jamiki odam bolasi bir vujuddir». Eronlik ilk sudya xonimning Nobel ma’ruzasi


Foto: Google Photos
Inson huquqlari, birodarlik, tenglik va adolat insoniyatning og‘riqli savoli. Garchi zamonaviy dunyoda yashab, ilm-fanda ilgarilayotgan bo‘lsak-da, insonga va uning erkiga munosabat borasida nuqsonlarimiz ko‘p. Ayollar va bolalar huquqlari himoyachisi, hokimiyat kirdikorlarini minbarlarda turib fosh etgan eronlik huquqshunos ayol, o‘lka tarixidagi ilk sudya, jamoat faoli Shirin Ebadi 2003 yili Nobel mukofoti taqdirlash marosimida nutq so‘zlab, dunyo ahlini zulmni to‘xtatishga, insonparvarlikka chaqirgandi. Oradan 18 yil o‘tsa-da, Shirin xonimning nutqi dolzarbligicha, inson huquqlari hamon yechilmagan muammoligicha qolmoqda. «Daryo» tarixda iz qoldirgan, tamaddunga hissa qo‘shgan Nobel mukofoti sovrindorlarining ma’ruzalarini taqdim etadi.

Mehribon va buyuk Alloh nomi ila
Bugun mening ovozim ushbu baland minbarda jaranglab, dunyo ahliga yetib borayotganidan behad mamnunman. Ushbu ulkan sharafni menga Nobel qo‘mitasi tuhfa etdi. Alfred Nobelning ruhi shod bo‘lsin va uning yo‘lidan borayotgan jamiki izdoshlarini qutlayman.
Bu yil Nobel mukofoti O‘rta Sharq musulmon o‘lkasidagi eronlik bir ayolga nasib etdi.

Shubhasiz, meni tanlashgani, nafaqat Eronda, balki butun o‘lkada haq-huquq, yillar bo‘yi ulardan tortib olingan adolat uchun kurashayotgan ayollarni ham ilhomlantiradi, Erondagi ko‘plab ojizalarning o‘ziga ishonchini mustahkamlaydi. Ayollar har qaysi mamlakat aholisining yarmini tashkil etadi. Ularga e’tiborning haminqadarligi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda faol ishtirok etishlarini taqiqlash, aslida, har bir jamiyat aholisini o‘z imkoniyatlarining yarmidan mahrum qilish bilan barobardir. Patriarxal madaniyat va ayollarga qarshi diskriminatsiya, ayniqsa, Islomiy davlatlarda ko‘p uchraydi va bu abadiy davom etmaydi.

Hurmatli Nobel qo‘mitasi a’zolari!
Xabaringiz bor, ushbu mukofotning sharafi, nufuzi Eron va mintaqa xalqlarining gumanitar va chinakam sa’y-harakatlariga ijobiy, keng ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu ne’mat hurlikni sevguvchi va tinchlikni ko‘zlovchi har qaysi kishini – u xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin – bag‘riga bosa oladi.

Bugun Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 55 yil to‘ladi. Deklaratsiya inson qadr-qimmati, tenglik, jamiki odam bolasining haq-huquqlarini tanitishdan boshlanadi. Ozodlik, adolat, tinchlik kuychisi bo‘lib o‘rtaga chiqadi. Dunyoga inson erkinligi, fikrlar hurligini himoya qilaman, qo‘rquv va qashshoqlikdan asrayman deb va’da beradi.

Afsuski, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining bu yilgi hisoboti oldingi yillarda bo‘lgani kabi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mualliflarining insoniyatni idealistik dunyosidan uzoqlashtiradigan falokat avj olganini so‘zlaydi. 2002 yili qariyb 1,2 million kishi o‘ta qashshoq sharoitda, kuniga bir dollardan kam daromad topib yashardi. 50 dan ortiq mamlakat urush yoki tabiiy falokatlar girdobida qolgan. OITS shu paytgacha 22 million kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 13 million bolajon yetimga aylandi.

Ikki yil avval ayrim davlatlar 11 sentabr voqealari va xalqaro terrorizmga qarshi kurashni bahona qilib, inson huquqlarining umumbashariy tamoyillari va qonunlarini buzdilar. BMT Bosh Assambleyasining 2002 yil 18 dekabrdagi 57/219, BMT Xavfsizlik Kengashining 2003 yil 20 yanvardagi 1456 va 2003 yil 25 apreldagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining 2003/68-sonli qarorida davlatlar terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha barcha choralar – xalqaro huquq, xususan, xalqaro inson huquqlari va gumanitar qonunlar borasida o‘zlarining bor majburiyatlarini bajarishni ta’minlashi kerakligini ta’kidladilar.

Biroq adolatli sud qarorini qiyinlashtiradigan, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini cheklaydigan maxsus organlar, favqulodda sudlarning qoidalari terrorizmga qarshi urush niqobi ostida oqlandi va qonuniylashtirildi.

Inson huquqlari himoyachilari soni, inson huquqlariga aloqador xalqaro qonunlar nafaqat, madaniy bog‘liqlik vaji bilan buzilganda, yana ushbu prinsiplar g‘arb demokratik o‘lkalarida, boshqacharoq aytganda, o‘zlarini BMT Xartiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ustunlari, kodifikatorlari bo‘lgan davlatlarida buzilganida ortadi.

Bu chinakam qobiqki, bir necha oy davomida yuzlab insonlar Guantanamoda harbiylar bilan to‘qnashuvda Jeneva konvensiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ko‘zda tutilgan huquqlarsiz qamoqqa tiqildi.

Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida, xususan, so‘nggi oylarda xalqaro fuqarolik jamiyatidagi millionlab fuqarolarni qiziqtirgan savollar quyidagicha: nima uchun BMT Xavfsizlik Kengashining ba’zi qarorlari va rezolyutsiyalari majburiy, ammo, kengashning ayrim qarorlari o‘ta kuchsiz? Nega o‘tgan 35 yil ichida Falastin hududlarini Isroil davlati tomonidan bosib olinishining qoralangani to‘g‘risida BMTning o‘nlab qarorlari zudlik bilan amalga oshirilmadi, lekin so‘nggi 12 yil ichida Iroq davlati va xalqi Xavfsizlik Kengashining tavsiyasi va ikkinchi marta BMT Xavfsizlik Kengashining noroziligiga qaramay, harbiy hujum, iqtisodiy sanksiyalar va oxiri, harbiy okkupatsiya so‘rog‘i ostida qoldi?

Xonimlar va janoblar, keling, tug‘ilib o‘sgan mamlakatim, o‘lkam, madaniyatim va e’tiqodim haqida so‘zlab bersam.
Men eronlikman. Buyuk Kirning avlodiman. Bundan 2500 yil oldin kuch-qudratga to‘la hokimiyat tepasida turgan imperator: «...agar ular xohlamasa, u ular ustidan hukmronlik qilmaydi» degan edi. U yana biror kimsaning dini, e’tiqodini o‘zgartirishga majbur qilmaslikka, bani basharning ozodligini asrashga va’da bergan. Buyuk Kir nizomnomasi eng muhim hujjatlar sirasiga kiradi. Bu inson huquqlarining ilk shakli sifatida o‘rganilishi shart.

Men musulmonman. Muqaddas kitob Qur’onda islom Payg‘ambarining so‘zlari keltirilgan: «Sen o‘z imoningga, men o‘z dinimga ishonaman». Bunday ilohiy kitob boshqa payg‘ambarlarga ham nozil qilinib, yer yuzidagi insonlarning huquqini adolat-la saqlashga chaqirgan. Eron sivilizatsiyasi va madaniyatiga Islomning kirib kelishi gumanitarizm, boshqalar hayoti, ishonchi, e’tiqodini hurmat qilish, bag‘rikenglik, murosayi madorani targ‘ib qilish, zulm, xunrezlik va urushdan qochish tushunchalari orasiga singib ketgan. Eron adabiyoti namoyandalari, ayniqsa, Gnostik adabiyot vakillari – Hofiz, Mavlono (G‘arbda Rumiy nomi bilan mashhur), Attordan Sa’diy, Sanoi, Nosir Xusrav, Nizomiygacha – insoniyat madaniyati posbonlari bo‘lishgan. Ularning murojaati Sa’diyning quyidagi baytida namoyon:
«Bani odam a’zoyi yakdigarad,
Ki dar ofarinish za yak gavharand.
Chu uzve ba dard ovarad ro‘zgor,
Digar uzvhoro namonand qaror».
(Jamiki odam bolasi yagona vujuddir. Ular yaratilishdan gavharga o‘xshaydilar. Agar tana a’zolaridan biriga dard tegib, xastalansa, boshqa a’zolar ham omon qolmaydi – Ch.N)

Eronliklar yuz yildan beri an’ana va zamonaviy qarash o‘rtasidagi adoqsiz nizo ustida tortishib keladilar. Qadimgi an’analarga ergashib, ayrimlar dunyoni ajdodlari ko‘zi bilan ko‘rishga, muammolarni ularning nazari bilan hal etishga urinishdi va hamon shu yo‘lda. Lekin boshqalar tarixiy va madaniy o‘tmish, din va e’tiqodga hurmatni saqlab, sivilizatsiya, rivojlanish va tamaddun karvonining orqa oyog‘i bo‘lmay, taraqqiyot bilan baqamti yurishga intilyaptilar. Ayniqsa, oxirgi yillari eronliklar jamoat manfaatlarini himoya qilishni o‘zlarining huquqi deb bilishni va taqdirlariga o‘zlari xo‘jayin bo‘lishni ko‘rsata olishdi.

Ushbu isyon faqatgina Eronda emas, balki ko‘pgina musulmon davlatlarida ham ko‘tarildi. Demokratiya va inson huquqlari bahonasi ostida ayrim musulmonlar islom muallimlari va islomiy jamiyatlarning an’anaviy qurilishi bilan chiqisha olmaydilar. Ular despotik hukumatlarni oqlashdi va shu zayl davom etishmoqda. Aslida an’anaviy, patriarxal va paternalistik usullardan foydalangan holda o‘z huquqlarini biladigan xalq ustidan hukmronlik qilish oson emas.

Islom payg‘ambariga «Iqro!» degan so‘z bilan boshlangan dindir. Qur’oni karim qalam va unda yozilganlari bilan qasam ichadi. Bunday mujda va nasihat tafakkur, bilim, donolik, fikr erkinligi va madaniy plyuralizmga zid bo‘lishi mumkin emas.

Fuqarolik huquqi sohasida yoki ijtimoiy, siyosiy va madaniy adolat bobida bo‘lsin, islomiy davlatlardagi ayollarning kamsitilishi ildizlari Islom dinida emas, balki ushbu jamiyatlardagi hukmron erkaklar tutumidan kelib chiqadi.

Bu tutum na hurlikka, na demokratiyaga toqat qiladi. U shunchaki erkaklar va ayollar huquqlari tengligi, ayollarning erkak (ota, er, aka-ukalar) muruvvatidan ozodligiga ishonmaydi. Chunki bu o‘sha tutum qorovullari, boshqaruvchilarining tarixiy va an’anaviy qarashlariga raxna solishi mumkin.

Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi haqidagi g‘oyani ilgari surganlar yoki ushbu mintaqaga urush, harbiy aralashuvni buyurgan va o‘z harakatlarini oqlash uchun janubning ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy sustligini dastak qilganlarga aytish kerakki, siz inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunlarni, shu jumladan, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini universal, umumiy deb hisoblasangiz va parlament demokratiyasining boshqa siyosiy tizimlarga nisbatan ustuvorligi, qonunparvarligiga ishongan bo‘lsangiz, u holda siz faqat o‘z xavfsizligingiz va farovonligingiz, xudbinligingiz, boshqalarni mensimasligingiz haqida o‘ylay olmaysiz. Janubiy o‘lkalarning siyosiy mustaqilligi va hududiy yaxlitligini saqlash, inson huquqlari va demokratiyadan bahramand bo‘lishlari uchun BMT yangi vositalar va g‘oyalarni izlab topishni kelajakdagi o‘zgarish, xalqaro munosabatlardan-da oldinga – birinchi o‘ringa qo‘yishi shart.

2003 yili Nobel qo‘mitasining Tinchlik bo‘yicha mukofoti bilan taqdirlanarkanman, ilk eronlik va musulmon davlatlari orasida bu mukofotga noil bo‘lgan birinchi muslima ayol ekanim, nafaqat, o‘zimni, yana millionlab eronlik xotin-qizlarni ilhomlantirdi. Ushbu rag‘bat islomiy davlatlar aholisini sa’y-g‘ayrat, kuchimiz-u kurashimiz, hammasi inson huquqlarini yuzaga qalqitish, mazlum o‘lkalarda demokratiyani tiklash, ularni qo‘llab-quvvatlash, hamma teng, birdam bo‘lgan xalqaro fuqarolik jamiyatiga asos solishda ko‘makchi bo‘ladi deb umid qiladi.
Bu mukofot butun Eron ahliniki. Bu musulmon davlatlari va inson huquqlari, demokratiyani barpo etayotgan Janub fuqarolariga tegishli.

Xonimlar va janoblar!
So‘zimning boshida hurriyat, adolat va tinchlik himoyachisi sifatida inson huquqlaridan gap ochdim. Inson huquqlari mavjud qonunlarda namoyon bo‘lmasa yoki davlatlar tomonidan kuchga kirmasa, u holda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida aytilganidek, odamlarga «zulm va zulmga qarshi isyon» uyushtirishdan boshqa iloj qolmaydi. Qadr-qimmati tepkilangan inson, huquqlaridan mahrum qilingan inson, ochlikka mubtalo etilgan inson, xo‘rlab kaltaklangan inson, urush va kasallikdan tinkasi qurigan inson, talon-toroj qilingan inson biror davlat va allaqanday maqomda turib buzilgan, yo‘qotgan huquqlarini hech qanaqasiga tiklay olmaydi.

Agar XXI asr muttasil zulmdan xalos bo‘lishni istasa, terroristik harakatlar, urush va XX asr – insoniyatning eng ko‘p baloga duchor bo‘lgan asri – tajribasini boshdan o‘tkazishni, takrorlashni xohlamasa, odamzod uchun huquqlarini qaytarish, irqi, jinsi, kelib chiqishi, millati yoki ijtimoiy ahvolini o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yishdan boshqa chora yo‘q.
O‘sha kunni kutib qolaman.
Behad minnatdorlik ila Shirin Ebadi.

Ma’lumot uchun: 
Eronning Hamadon shahrida tug‘ilgan Shirin Ebadi tarixga o‘lkaning ilk ayol sudyasi bo‘lib kirdi. Notarius otasining adolatparvarligi, 1948 yili kasb-korda o‘sish uchun Tehronga oilaviy ko‘chib ketilgani Ebadining bir umrlik yo‘lini – haq-huquq kurashchisi bo‘lishini belgilab beradi. Biroq 1979 yili Erondagi inqilob va ichki nizolar Shirin xonimning faoliyatiga nuqta qo‘yadi, «ayollar bunday ish uchun o‘ta hissiyotchandirlar» degan bahona bilan alohida qonun yozilib, eronlik xotin-qizlarning yuridik sohada ishlashi qat’iyan man etiladi.
Kurashdan to‘xtamagan, ayollar va bolalar, umuman, atrofidagilarga yordam berishdan tinmagan Shirin Ebadi «tilining achchiqligi», tanqidga ustaligi, davlat rahbarlari va ularning hokimiyatidagi kamchiliklarni ayamay fosh etgani uchun 2000 yili qamoqqa olinadi. Lekin tez orada ozod etiladi.

Shirin Ebadi insonning asosiy huquqlari, ayniqsa, bolalar va ayollar huquqini himoya qilish bo‘yicha tinmay kurashib kelmoqda. Bu muammolarni diqqat markaziga qo‘yish uchun alohida tashkilot ochib, Eronning meros va ajrim huquqi bo‘yicha o‘zgartirishlar qilinishini so‘rab, kitoblar yozdi. 2003 yili berilgan Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti va medalini Eron hukumati 2009 yili olib qo‘ydi.

Ingliz tilidan Charos Nizomiddinova tarjimasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Jamiki odam bolasi bir vujuddir». Eronlik ilk sudya xonimning Nobel ma’ruzasi