U yoshlarni tushunib, navqiron avlodni qo‘llab-quvvatlovchi ustoz san’atkorlar, muhabbatni qadrlovchi, uni izhor eta biladigan ijodkor...Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston xalq artisti, samimiy, hamsuhbat ajoyib inson G‘ulomjon Yoqubov.
— G‘ulomjon aka, bo‘sh vaqtingizni topish biz uchun biroz qiyin bo‘ldi. Doim ijodiy safarlar, yangi qo‘shiqlar yaratish bilan bandsiz.
— Menimcha, bugun bekorchi yurgan odamni topishning o‘zi qiyin masala bo‘lsa kerak. Nafaqat biz san’atkorlar, balki har bir sohada qizg‘in ish jarayoni olib borilmoqda. Shaxsan o‘zimga to‘xtaladigan bo‘lsam, ayni kunlarda yangi qo‘shiqlar ustida ishlayapmiz. Ularning ayrimlariga klip suratga olishga ham tayyorgarlik bor. Bundan tashqari, viloyatlar bo‘ylab o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuvlarda ham qatnashib turibmiz.
— Umuman olib qaraganda, doim reja asosida ishlaysizmi?
— Ko‘proq shunga harakat qilaman, desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Ammo o‘zingiz yaxshi bilasiz, biz san’atkorlarning vaqtimiz doim o‘zimizga tegishli bo‘lavermaydi. Bir kun oldin biror bir ishni rejalashtirib qo‘ysam, ertasiga kutilmaganda o‘zgarishlar bo‘lib qolishi mumkin. Bunday paytlarda boshqalarning ham imkoniyati, kezi kelganda, iltimoslarini ham inobatga olib ish tutaman.
— To‘g‘ri, axir har bir voqea o‘z ortida katta bir hikmatni yashiradi deb bekorga aytishmaganku...
— Juda haq gapni aytdingiz. Ammo bu iboraning tagida katta ma’no borligini yoshlikda hamma ham tushunavermas ekan. Hatto, o‘zimiz ham yoshlik qilib huda-behudaga asabiylashganimiz, rejalashtirgan ishlarimiz ma’lum sabablarga ko‘ra amalga oshmagan bo‘lsa, shoshqaloqlik qilgan paytlarimiz bo‘lgan. Bu xatolarni faqat yosh o‘tganda, hayotiy tajribangiz ortganida tushunar ekansiz. Yana bir gapni alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Yoshlar orasida «Bo‘ldi, bugungi yutuqlarim butun umr men bilan. Endi hammasi yaxshi bo‘ladi» deb o‘ylab, bosar-tusarini bilmay, oyog‘i erdan uziladiganlar bor. Ammo hayotda har qanday voqeaga tayyor turish kerak.
— Hamkasblaringiz, umuman sizni yaqindan tanigan insonlarni ta’riflashicha, fikringizni o‘zgartirish qiyin ekan.
— To‘g‘ri! Agar qat’iy qarorga kelsam, uni hech kim o‘zgartirolmaydi. Ikkilangan paytlarimda esa tashqaridan birovning fikrini tez qabul qilaman.
— Siz-chi, birovlarning qaroriga ta’sir o‘tkaza olasizmi?
— (Biroz o‘ylanib) Menimcha ta’sir o‘tkaza olsam kerak. Lekin o‘zimga o‘xshagan qaysar bo‘lsa, qo‘limdan kelmasligi ham mumkin (kuladi).
— Bugungi yosh ijodkorlarni doim qo‘llab-quvvatlab kelishingizni yaxshi bilamiz. Doim ular bilan birgasiz. Xo‘sh, ustoz san’atkor sifatida ularning bugungi kundagi eng katta muammosi nima deb o‘ylaysiz?
— Yosh xonandalarning eng katta muammosi bu birovning tayyor qo‘shig‘ini olib uni o‘zinikidek ijro etayotganida. Aslida, ular meniki deb aytayotgan qo‘shiq va klip uchun muallif qancha mehnat qilgan, izlangan. Ular esa bunga e’tibor bermay, tayyor qo‘shiqni qayta kuylashyapti. Ba’zida, hatto, meniki deb da’vo qilishdan ham uyalishmaydi. Eng achinarlisi, ko‘pchilik shu yo‘l bilan to‘y xizmatlarini ko‘paytirishni maqsad qilib olgan. Xorijda allaqachon xit bo‘lgan tarona so‘zlarini o‘zbekchaga o‘girib, kuylashadi. Ana shu mehnatni mualliflik qo‘shiqlari uchun sarflashlarini, o‘zimizning milliy ohanglardan unumli foydalanishlarini istardim. Yuqorida tilga olingan toifadagi ijodkorlarning fikru xayoli faqat faqat pul topish bo‘lib qolgan. Muammolarimizdan yana biri — xonandalarning shoirlar bilan ishlashni unutishganida. Ming afsuski, ko‘pgina yoshlarimiz oson yo‘lda ijod qilishga o‘rganishgan.
— Lekin negadir, shunday qo‘shiqlarni tinglovchilar ham eshitayapti, xirgoyi ham qilishayapti...
— Hadeb, bitta so‘z qaytarilaverilsa, qo‘shiq tinimsiz «aylantirilaverilsa» odamni esida qoladi-da! Ammo bunday narsalar yoshi kattalarning g‘ashiga tegadi. Faqat ular bu «dardini» matbuotda e’lon qila olishmaydi.
— G‘ulomjon aka, sizning tinimsiz izlanishda ekaningizni bilamiz. Hatto, turli shou-dasturlarda ham juda faolsiz. Lekin boshqa ustoz san’atkorlar kamnamo. Sabab nimada?
— Bu juda murakkab masala. San’atkor o‘zini shu narsaga bo‘ysundirishi kerak. Masalan, 1995 yili men xalq ijrochiligidan milliy estrada yo‘nalishiga o‘tib, yoshlarga qarab yo‘nalishimni o‘zgartirganimda ko‘p tanqidlarga uchragandim. Milliy estrada yo‘nalishini tanlab, xato qilyapsan deganlar ham bo‘lgan. Bu narsalarni hamma ham o‘zida singdirolmagan. Men esa zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak, deb hisoblayman. Boshqa men tengi san’atkorlar bu yo‘lni tanlamaganiga kelsak, men ular uchun javob bera olmayman.
— Bu mavzuni bekorga ochmadim. Bundan bir necha yil ilgari, «Ummon» guruhi bilan Munisa Rizaeva kuylagan duet qo‘shig‘ini siz va O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchieva birgalikda kuylagan edingiz. Tan olish kerak qo‘shiq juda ommalashdi.
— Bu qo‘shiqni kuylashdan maqsad, yoshlardan ko‘ra o‘zimiz yaxshi kuylaymiz degan fikrni isbotlash emas, balki e’tirozlarga javob qaytarish edi. Biz yoshlarning qo‘shiqlarini kuylay oldik. Xo‘sh, ko‘raylik-chi, yoshlar bizning repertuardagi ashularlarni ijro etishga jur’ati etarmikan? Yoshlar ham jiddiy, ma’no jihatdan salmoqli ijodiy ishlarga qo‘l uradi, degan umiddaman. Bundan tashqari, ayrimlardan «Kattalar bizni tanqid qilishadi, lekin yoshlarbop yo‘nalishda kuylash o‘zlarining qo‘lidan kelmaydi» degan fikrlarni ham eshitdik. Bu gaplarni to‘g‘ri emasligini isbotlash uchun ham Munojat Yo‘lchievaga duet kuylash taklifini berdim. Qizig‘i, guruh vakillaridan sado chiqmadi, bizga javoban kuylashmadi.
— Ijodingizni kuzatar ekanmiz sizdan yaxshigina aktyor ham chiqadi, deyish mumkin. Misol uchun, konsertlaringizda yosh qiziqchi ijodkorlar bilan birgalikda komedik sahnalarni ham ijro etgansiz.
— O‘zingiz yaxshi bilasiz, ijodimga yangiliklar kirtishga qiziqaman. Yoshlarni qiziqtirgan narsalarni o‘zimda qo‘llasam, bu e’tiborni tortishini yaxshi bilaman-da. Bunda o‘z-o‘zidan ijodda ham rang baranglik hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham so‘nggi konsert dasturlarimda yoshlar bilan birgalikda hazilomuz ko‘rinishlarni sahnalashtirib tamoshabinlarga taqdim etdik.
— Nega mish-mishlarga bee’tiborsiz?
— Ustozlarim, mevali daraxtga tosh otiladi, deyishardi. Hamma narsani ko‘ngliga olaverish kerakmas.
— Ayollarning siz haqingizdagi aynan qaysi suhbati e’tiboringizni tortgan?
— (kulib) Men haqimda hamma, ayniqsa, ayollar juda ko‘p gap qilishadi. U gaplar xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, barchasiga tayyorman. Nima deyishsa, deyishsin. Har qanday holatda ham ularga yomon so‘z demayman.
— Nozik hilqat vakilalariga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?
— Ayollar go‘zallik timsolidir. Ularni qancha ta’riflasak oz. Shuning uchun men ularga o‘z tilaklarimni ayta qolay. Doim go‘zal, sog‘lom va jozibador bo‘ling. Noz-karashmalar sizga doim yarashadi. Men sizlarni doim yaxshi ko‘rganman, bundan keyin ham muhabbatimni qo‘shiqlarimda kuylab yuraman.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...